O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

SHAXS VA JAMIYAT HYOYOTIDA AQIDANING O‘RNI

 
 

Sog‘lom aqida ulkan mo‘jizalar yaratadi. Zero, u qaysi insonning qalbidan joy olsa, uni xotirjam, ruhan tinch va hayotidan mamnun qilib qo‘yadi. Aqidaning shaxs va jamiyat hayotidagi o‘rni juda katta, samarasi esa beadaddir. Quyida ularning ayrimlarini zikr qilib o‘tamiz:

Birinchisi, shaxsdagi nafs xotirjamlikka va hayotidan qo‘rqmay yashashga o‘rgatadi.Musulmonkishi o‘lim haq ekanini, bugunmi yo ertami, unga ham navbat yetishini biladi. Alloh taolo umrni o‘lchab berganiga aniq ishonadi. Chunki Qur'oni karimda Alloh taolo: “Alloh biror jonni ajali kelganida kechga qoldirmas. Alloh qilayotgan (barcha) amallaringizdan xabardordir”, degan. (“Munofiqun” surasi, 11-oyat). Shuningdek, ajali yetsa, uni bir lahzaga bo‘lsin keyinga surish imkonsizligini ham biladi. Shuning uchun u hayot yo‘llarida sobitqadam bo‘ladi, hech narsa zarar qilmaydi, biror narsa uchun o‘zini xor qilib qo‘ymaydi, sog‘lom aqida egasi Parvardigori huzuridan kelgan hamma narsani taqdiriga rozilik bilan qarshi oladi.

Ikkinchisi, shaxsni rizq g‘amini yeb, xavfsirab yashamaslikka o‘rgatadi.Musulmon kishi o‘zining rizqi Allohning qo‘lida ekanini, bu dunyodagi nasibasi belgilab, saqlab qo‘yilganini, hech kim undan tortib ololmasligini yaxshi biladi. Chunki Alloh taolo bu xususda: “Yerda o‘rmalovchi biror narsa (jonzot) yo‘qki, uning rizqi (ta'minoti) Allohning zimmasida bo‘lmasa!”, (Hud surasi, 6-oyat) yana: “Osmonda esa, sizlarning rizqlaringiz (yomg‘ir) va sizlarga va'da qilinayotgan narsa (jannat) bordir”, degan (“Zoriyot” surasi, 22-oyat). Rizq masalasida gap shunday ekan, musulmon kishi o‘z ixtiyorini Allohga topshirib, Unga tavakkul qilib yashaydi.

Uchinchisi, xudbinlik, ochko‘zlik qilmaslikka, boshqalarga ham ilinishga o‘rgatadi. Albatta, islomiy aqida shunga asoslanganki, oxirat savobi dunyo mukofotidan yaxshiroqdir. Shuning uchun bunday aqida egasi dunyoni ortidan quvib, unga mukkasidan ketib yashamaydi. O‘ziga ravo ko‘rganni boshqalarga ham ravo ko‘radi. Chunki inson o‘zini dunyo ixtiyoriga tashlab qo‘ysa, albatta, uni yo‘ldan uradi. Butun maqsadi va sa'y-harakati mol-dunyo topishga qaratilgan bo‘ladi. Aqida shaxsdagi ana shu sifatlarni ketkaadi va uni saxiy insonlar darajasiga ko‘taradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar odam farzandining ikki vodiy to‘la moli bo‘lsa, albatta, uchinchisi ham bo‘lishini istaydi. Odam farzandining qornini faqat tuproq to‘ldiradi”, deganlar. (Imom Buxoriy rivoyati). Bundan tashqari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mehmonlariga boshpana bergani uchun madinalik sahobani maqtaganlar. Chunki u kichik bolalariga yetgudek yegulikdan boshqa narsasi yo‘q bo‘lishiga qaramay, uyiga kelgan mehmonning qornini to‘ydirib jo‘natgan edi. Hatto, ana shu xonadon egasi haqida Alloh taolo: “O‘zlarida ehtiyoj bo‘la turib, (ehson qilishda boshqa muhtojlarni) ixtiyor qilurlar”, (“Hashr” surasi, 9-) oyatini nozil qilgan edi.

To‘rtinchisi, shaxsni o‘z amallarini nazorat qilishga o‘rgatadi.Musulmon kishi Alloh taolo uning hamma ishini, hatto o‘zidan boshqa hech kim yo‘q joyda ham ko‘rib bilib turishini yaxshi biladi. Alloh uni ko‘rib, bilib turganini his qilgan kishining vijdoni uyg‘onadi va imoni harakatga keladi. U Zotning ko‘z o‘ngida gunoh ish qilishdan uyaladi. Zotan, qilmishlarining oqibatini o‘ylamay kechayu kunduz gunoh ishlar bilan hayot kechiradiganvijdoni o‘lik musulmondan qabihroq biror kimsa yo‘qdir.

Beshinchisi, islomiy aqida musulmon kishini o‘z hayotida adolatni shior qilib olishga o‘rgatadi.Shubhasiz, islom adolat va tenglik dinidir. Alloh taolo zulmni O‘ziga harom qilgan va bu haqda hadisi qudsiy ham kelgan: “Ey bandalarim! Men zulmni O‘zimga harom qildim va uni sizlarning orangizda harom amal qilib belgiladim. Shunday ekan, bir-biringizga zulm qilmang!”.(Imom Muslim rivoyati).Binobarin, musulmon kishi zulmga uchraganida ishini Allohga havola qiladi, chunki uning qasosini olib berishiga ishonchi komil bo‘ladi. Shuningdek, boshqalarga zulm qilishdan ham qo‘rqib, undan uzoqroq yurishga harakat qiladi.

Oltinchisi, sog‘lom aqida o‘z egasi uchun saodat va xotirjamlik garovidir. Chunki, Alloh taolo O‘ziga imon keltirgan bandalariga oxiratda berilajak ko‘plab ne'matlarni va'da qilgan. Shuningdek, dunyo hayotida ham ularga yaxshi va'dalar bergan. U: “Alloh sizlardan imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarga xuddi ilgari o‘tgan (imonli) zotlarni (er yuziga) xalifa (hukmron) qilganidek, ularni ham yer yuziga xalifa qilishni va ular uchun o‘zi rozi bo‘lgan (Islom) dinini mustahkam qilishni hamda ularning (Makkadagi ko‘rgan) xavf-xatarlaridan so‘ng (Madinada) xotirjamlikka aylantirib qo‘yishni va'da qildi. Ular Menga ibodat qilurlar va Menga biror narsani sherik qilmaslar. Kimki mana shu (va'da)dan keyin noshukurlik qilsa, bas, ular fosiqlardir”, degan. (“Nur” surasi, 55-oyat).

Yettinchisi, sog‘lom aqida egasi ruhan va ma'nan kuchli bo‘ladi. Alloh taoloning “Yana, bilib qo‘yingizki, Alloh taqvolilar bilan birgadir!”(“Tavba” surasi, 36-oyat) degan va'dasi rostligiga ishongan kishi qanday qilib kuchli bo‘lmasin?! Bu – imon va haqiqatning kuchi. Alloh taolo u bilan birga ekani unga kifoyadir.

Sakkizinchisi, sog‘lom aqida egasi o‘zining bu hayotda borligidan maqsad nimaligini yaxshi anglaydi. Odamlar o‘z hayotining qiymatini izlab ovora bo‘lib yurgan bir paytda musulmon kishi o‘zining bekordan-bekorga, tasodifan yaratilib qolmaganini, o‘lim vaqti yetguniga qadar Alloh taologa ibodatda bo‘lish va solih amallar qilish uchun yaratilganini biladi. Oqibati yoki tagidan daryolar oqib turadigan jannat, yoki o‘ta qizdirilgan do‘zax bo‘lishini o‘ylab ish qiladi. Bu haqda Alloh taolo: “Yoki sizlarning gumoningizcha, Biz sizlarni behuda yaratdig-u, sizlar Bizning huzurimizga qaytarilmaysizmi?!” degan. (“Mo‘minun” surasi, 115-oyat).

To‘qqizinchisi, sog‘lom aqida egasining bu dunyodagi shiori – “hammasi Alloh uchun” bo‘ladi. Yaxshi ko‘rsa, Alloh uchun yaxshi ko‘radi. Yomon ko‘rsa, Alloh uchun yomon ko‘radi.

Sog‘lom aqidaning jamiyatga ta'siri haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, ularning ayrimlari ushbulardir:

Birinchisi, vakillari sog‘lom aqida bilan ziynatlangan jamiyat tinch va xotirjam bo‘ladi. Chunki bunday kishilar jamiyatni parokanda qilishi mumkin bo‘lgan zino, odam o‘ldirish, besoqolbozlik, o‘g‘irlik va boshqa xatarli illatlar hamda shariat qaytargan ishlardan tiyiladi.

Ikkinchisi, vakillari sog‘lom aqida bilan ziynatlangan jamiyatning har bir shaxsi o‘ziga yaxshi ko‘rgan narsani birodariga ham ilinadigan bo‘ladi. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mo‘minlarning bir-birlariga nisbatan qanday bo‘lishlarini bayon qilib, bunday deganlar: “Mo‘minlar o‘zaro muhabbat, rahm-shafqat va mehribonlikda misoli bir jasaddir! Jasadning bir a'zosi darddan shikoyat qilsa, boshqa a'zolar ham uyqusizlik va isitma bilan unga qo‘shilib ketadi”. (Imom Muslim rivoyati).

Uchinchisi, vakillari sog‘lom aqida bilan ziynatlangan jamiyat ko‘pincha insofli, o‘z fikriga qattiq turib olmaydigan bo‘ladi. Zero, islom dini unga qarshi fikrda bo‘lganlarga nisbatan nomaqbul munosabatda bo‘lishga emas, balki eng go‘zal uslublarni ishga solib, ularni haq yo‘lga chaqirishga buyurgan. Xususan, ra'y borasida qarshi fikrda bo‘lgan mo‘minlarga nisbatan ham xuddi aka-ukalardek muomala qilishga targ‘ib qilgan. Shuning uchun faqihlar ra'ydagi xilofga qaramay, fiqhni bir-biridan o‘rgangan, biri ikkinchisini ayblamagan va sha'nini kamsitmagan.

To‘rtinchisi, vakillari sog‘lom aqida bilan ziynatlangan jamiyat o‘z rahbari va ishboshilariga itoat qiladi. Chunki rahbarga qarshi chiqishning xatarlarini teran idrok qiladi, sabr va itoatkorlik orqali jamiyatda anarxiya kelib chiqishidan saqlanadi.

Beshinchisi, vakillari sog‘lom aqida bilan ziynatlangan jamiyat kishilari irqchilik, millatchilik, tarafkashlik kabi ijtimoiy illatlardan pok bo‘ladi. Odamlarning rangi, millati va jinsi qanaqa bo‘lishidan qat'i nazar Allohning nazdida hamma barobar, degan tushuncha bilan yashaydi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, shaxs va jamiyatda ezgu xislatlar shakllanishida sog‘lom aqidaning o‘rni juda katta. Yuqorida o‘tganlardan ayon bo‘ladiki, nosog‘lom aqida kishilarni irqchilik, millatchilik, tarafkashlik va boshqa salbiy illatlar botqog‘iga tortadi. Bunday shasxlardan tarkib topgan jamiyatning tinch va barqaror bo‘lishi, taraqqiyot pillapoyalaridan ko‘tarilib borishi amrimaholdir.

 

Alouddin Nematov

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot

markazi ilmiy xodimi.

 

 


Kiritilgan vaqti: 28/01/2022 08:14;   Ko‘rilganligi: 709
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/shaxs-va-jamiyat-hayotida-aqidaning-orni
Chop etilgan vaqti: 12/05/2024 22:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing