O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Shabon oyi - gunohlar o‘chiriladigan, g‘ayb alomatlari oshkor bo‘ladigan ulug‘ oyga kirishdir.

 
 

Fazilatli oylardan biri sha'bonda qilingan xayrli amallarning ajri juda ulug‘dir. Ayniqsa, bu oyning birinchi yarmida nafl ro‘za tutish nihoyatda savoblidir.

Sha'bon oyining 14-dan 15-ga o‘tar kechasi eng fazilatli tunlardan biridir. Bu kechani "Baroat kechasi" deyiladi. Baroat kechasida bir yil ichida bo‘lajak ishlar haqida qazoyu hukm qilinib, ajal va umr belgilanadi va amal sahifalari Alloh taoloning huzuriga ko‘tariladi. Shu kuni Alloh taoloning rahmati yer yuziga yog‘iladi.

Usoma ibn Zayd (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Men: «"Yo, Rasululloh, sizni hech bir oyda sha'bon oyidagi kabi ko‘p ro‘za tutganingizni ko‘rmadim?" deb so‘raganimda, u zot: "Bu oy rajab bilan Ramazon o‘rtasidagi oy bo‘lib, odamlar undan g‘aflatda qoladi. Holbuki, barcha amallar olamlarning Robbisiga mana shu oyda ko‘tariladi. Men esa ro‘zador bo‘lgan holatimda amalim ko‘tarilishini istayman", dedilar» (Imom Nasoiy va Abu Dovud rivoyati).

Ibn Moja rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sha'bonning o‘rtasidagi kechada Alloh taolo bunday marhamat qilishini aytganlar: "...Istig‘for aytguvchi bormi? Uni mag‘firat qilurman. Rizq so‘rovchi bormi? Unga rizq berurman. Mubtalo bormi? Unga ofiyat berurman".

Sha'bon oyida solih amallarni ko‘proq qilishga targ‘ib etilishidan maqsad, bandalarni kelayotgan Ramazon oyiga jismonan va ruhan tayyorlanib bormoqlarini ta'minlash hamdir.

Oysha onamiz (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): "Sha'bonning yarmidagi kechada Alloh dunyo osmoniga nuzul etadi va Bani Kalbning qo‘ylari junidan ham ko‘p odamni mag‘firat qiladi", dedilar» (Ibn Moja, Imom Termiziy va Ahmad rivoyati).

Bani Kalb qabilasi o‘sha vaqtda suruv-suruv qo‘ylari bilan mashhur bo‘lgan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) sha'bon oyining yarmida Alloh taolo nihoyatda ko‘p gunohlarni mag‘firat qilishini ifodalash uchun ana shu qo‘ylarning junini misol qilib keltirganlar.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): "Ramazondan bir-ikki kun oldin ro‘za tutmanglar. Ammo kimdir (doimiy nafl) ro‘za tutib yurgan bo‘lsa, uni tutaversin", dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).

Kimdir biror nafl ro‘zani ma'lum kunlarda o‘ziga vazifa qilib olgan bo‘lsa, o‘sha kun Ramazondan oldingi kunlarga to‘g‘ri kelib qolsa, ro‘za tutish joizdir. Masalan, ko‘pchilik dushanba va payshanba kunlari nafl ro‘za tutadi.

Demak, sha'bon oyining ikkinchi yarmida nafl ro‘za tutmagan yaxshi, ammo birinchi yarmining oxiridagi kechasi ham, uning ertasi ham ulug‘ fazilat va barakotli fursatdir.

 Abrorov Jahongirxon 


Kiritilgan vaqti: 19/02/2024 09:59;   Ko‘rilganligi: 184
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/shabon-oyi-gunohlar-ochiriladigan-gayb-alomatlari-oshkor-boladigan-ulug-oyga-kirishdir
Chop etilgan vaqti: 29/04/2024 16:08
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing