O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Saxiylik – fazilatdir.

 
 

Dinimiz insonlarni doimo saxovatli bo‘lishga undaydi. Mo‘min banda Alloh taolo va Rasululloh sollallohi alayhi vasallamning va'daliga ishonib, xayr-sadaqa bilan rizqim kamayib qolmaydi, balki baraka kiradi deb e'tiqod qiladi. Payg‘ambarimiz sollallohi alayhi vasallamning bir hadislarida: “Kim bir mo‘minni shu dunyodagi biror tashvishidan xalos etsa, Alloh uning oxiratdagi tashvishlaridan xalos etadi. Kim bechorahol kishiga yordam bersa, Alloh unga ikki dunyoda yordam beradi. Kim bir mo‘minning aybini berkitsa, Alloh uning ikki dunyodagi ayblarini berkitadi. Banda birovning yordami uchun harakat qilar ekan, Alloh ham uning yordamida bo‘laveradi.”, deyiladi (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohi alayhi vasallam: “Saxiy Allohga yaqindir, do‘zzaxdan uzoqdir. Baxil esa Allohdan uzoqdir, odamlardan uzoqdir, jannatdan uzoqdir, do‘zzaxga yaqindir. Alloh taolo uchun johil saxiy obid baxildan suyukliroqdir”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).

Saxovatli bo‘lish – munosib narsani munosib bo‘lganga berish, o‘z molidan xech bir evazsiz sarflash bo‘lib, bu chiroyli xulqning muhimlaridan biridir. Baxillik esa buning aksidir.

Bir kishi do‘stining yoniga qarz so‘rab keldi. Do‘sti unga darhol aytilgan miqdordagi pulni berib jo‘natgach, uyiga qaytib kirdi-da, yig‘lab yubordi. Xotini unga: “Bunchalar qiynalar ekansiz, nega berdingiz?”, dedi. Shunda u kishi: “Pul berganimga emas, balki undan xabar olmay qo‘yganimga, hatto muhtojlikdan qarz so‘rab kelgunigacha holidan g‘aflatda qolganimga azoblanib yig‘layabman”, deb javob berdi.

Saxiylik va baxillikning bir necha darajalari bor. Saxiylikning eng oliy darajasi mol-dunyoga hojati bo‘la turib, qo‘lidagini boshqalarga berishdir. Baxillikning eng yuqori pog‘onasi esa zarurat bo‘lgan o‘rinda ham o‘ziga va ahliga sarflashdan baxillik qilishdir.

Xalqimiz orasida: “Xasisning yonidan moli chiqquncha, tanidan joni chiqadi”, degan maqol bor. Darhaqiqat, baxil inson mol-dunyoga shunchalar harisligi qarindosh-urug‘, aka-ukalari, hatto farzandlarini ham unutib qo‘yadi.

Barchalarimizni Alloh saxovat bilan xulqlantirib, ikki dunyo saodat baxtini nasib qilsin.

N.Temirova Samarqand viloyati bosh imom xatibinig xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi


Kiritilgan vaqti: 09/09/2022 09:12;   Ko‘rilganligi: 1528
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/saxiylik-fazilatdir
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 03:09
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing