O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Samarqand dunyo xalqlarini birlashtirgan chorrahadir

 
 

Samarqand dunyodagi eng qadimgi shaharlardan biridir. U arxeologik ma'lumotlarga ko‘ra miloddan avvalgi VIII asrda tashkil etilgan. 2000 yildan ortiq vaqt davomida bu shahar Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi Buyuk Ipak yo‘lining muhim nuqtasi, shuningdek, O‘rta asr Sharqidagi ilm-fanning asosiy markazlaridan biri bo‘lgan. Tarixiy obidalarga boy Samarqand O‘rta Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biridir. 2001 yilda YUNYESKO tomonidan “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” deb e'lon qilindi. 2007 yilda esa shaharning 2750 yillik yubileyi nishonlandi. 

Sivilizatsiyaga har jihatdan munosib ulush qo‘shgan muborak go‘sha xalqaro anjumanlarga mezbon sifatida ham tanilmoqda. Ayni paytda muhim siyosiy anjuman, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) davlat rahbarlari kengashiga ham mezbonlik qilmoqda.

Sammit ishida SHHTga a'zo mamlakatlar – Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Xitoy, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Hindiston, shuningdek, tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlatlar – Belarus, Mo‘g‘uliston va Eron yetakchilari ishtirok etadi.

Faxriy mehmon sifatida Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston va Armaniston, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari taklif etilgan.

Xalqimiz mehmondo‘stligi, mehmonnavozligi bilan shuhrat qozongan. Biror o‘zbek xonadoni, oilasi yo‘qki, mehmonni xursandchilik bilan kutib olmagan, uyidagi bor ne'matlarni dasturxonga keltirib to‘kmagan bo‘lsa. “Mehmon – otangdan ulug‘”, “Mehmon kelar eshikdan, rizqi kirar teshikdan”,  “Mehmon oldida hatto mushugingni pisht dema” kabi maqol va hikmatlar bejizga aytilmagan.

Hadisi shariflarda ham mehmonni izzat qilish, mehmonnavozlik ajri ulug‘ amal ekanligi ta'kidlangan. Abu Shurayh al-Ka'biy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, mehmonini ikrom qilsin” (Abu Dovud rivoyati), deganlari rivoyat qilingan. 

Ibrohim (alayhissalom) chiroyli mehmon kutishda, husni ziyofatda zarbul-masal etilganlar. Rivoyatlarda kelishicha, u kishi uylariga qo‘qqisdan biror mehmon kelishiga intiq bo‘lib yashardilar, va biror kun ham mehmonsiz taomlanmas edilar. Agar xonadonlariga mehmon kelishi uzilib qolsa, bu holatdan mahzun bo‘lardilar. Shu sabab ham ul zotni mehmonlarning otasi, deb atashardi. Shuningdek, u kishining uyida to‘rtta eshik bo‘lib, qaysi eshikdan biror mehmon kirib kelarkin, deya qarab o‘tirar edilar.

Mehmondustlik ajoyib hislat bo‘lib, odamlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik rishtalarini mustahkamlashga hizmat qiladi. O‘zbek xalqi “Mehmonxonang tor bo‘lsa ham mehru diling keng bo‘lsin”, deyishadi. Ko‘rinib turibdiki bugungi kunga kelib SHHT hamjamiyati – ulkan geografik makonni qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot bo‘lib turibdi. U o‘z mohiyatiga ko‘ra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo‘lida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli bo‘lgan jozibador makonga aylanishni maqsad qilgan. Samarqand bugun ana shunday ezgulik yo‘lida birlashgan xalqlarning anjumaniga mezbonlik qilmoqda. Yurtboshimiz ushbu afsonaviy shaharning mavqei haqida o‘z maqolasida shunday degan edi: “Ushbu afsonaviy shahar Shanxay hamkorlik tashkiloti tarixida muvaffaqiyatning yana bir sahifasini ochishiga shubha yo‘q. Samarqandning shonli tarixiy merosi bunga xizmat qiladi. Ko‘p asrlar mobaynida bu shahar Yevropadan Xitoygacha bo‘lgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bog‘lab, Shimol va Janubni, Sharq va G‘arbni yagona chorrahada tutashtirgan”. 

Alloh taolo Samarqandni butun insoniyatga manfaat keltirishga xizmat qiladigan ezgulik shahri bo‘lishini nasib qilsin. Mehmonlarning tashrifi sababidan yurtimiz va xalqimizga ko‘p yaxshiliklar ato qilsin. Anjuman qarorlarini yer yuzining barcha xalqlariga manfatli qilsin!

Sarvar Boboyev – Samarqand shahar “Qo‘shbaqqoli” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 15/09/2022 14:23;   Ko‘rilganligi: 639
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/samarqand-dunyo-xalqlarini-birlashtirgan-chorrahadir
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 07:29
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing