Salaflar va salafiylik haqida nimalarni bilamiz?
Oxirgi paytlarda ommaviy axborot vositalari orqali, qator ijtimoiy tarmoqlarda va ko‘plab internet saytlarida va ba'zi ahli ilmlar orasida salaflar va salafiylik haqida turli xil gap so‘zlar tarqalmoqda. Xo‘sh, salaflar kim o‘zi? Salafiylarchi? Salaf so‘zi arabcha so‘z bo‘lib lug‘atda avvalgilar, ajdodlar va avval yashab o‘tganlar ma'nosini bildiradi. Istilohda esa ma'lum bir davrga va ma'lum bir insonlarga aytiladi. Abdulloh ibn Mas'ud rivoyat qilgan hadisi sharifda Rosululloh sollallohu alayhis salom «Zamonni yaxshisi mening zamonimdir, so‘ng ularga yaqin bo‘lganlarning zamoni, so‘ng ularga yaqin bo‘lganlarning zamonidir» dedilar. Ushbu hadisni dalil qilib ahli sunna ulamolari ushbu uch davrni saodat asri dedilar. Saodat asrida yashagan musulmonlar salafi solihinlardir dedilar. Ushbu uch davrda yashagan zotlar, shunday insonlar ediki, ularning barchalari dinda yo‘lchi yulduzlar kabi edilar. Majma' ul-Maqsud kitobida aytilishicha, Rosulimiz sollallohi alayhi vasallam « Mening as'hoblarim yo‘l ko‘rsatguvchi yulduzlar kabidir, qaysi birlariga ergashsangiz to‘g‘ri yo‘l topasiz» dedilar. Ular barchalari insonlarga nisbatan adolatli, maxluqotlarga esa mehribon, faqirlarga nisbatan xayri saxovatli, ojizlarga nisbatan muruvvatli, yoshi kattalarga hurmatli, kichiklarga shafqatli edilar. U zotlar hech kimga va hech narsaga qo‘llari bilan yoki tillari bilan ozor bermas edilar. Hech kimni toki kufri va nifoqi aniq bo‘lmaguncha kufrda yoki nifoqda ayblamas edilar. Va yana bir qancha fazoillari bor ediki, ularni til bilan aytib qalam bilan yozib tugatib bo‘lmas. Shuning uchun ham u zotlarni salafi solihinlar dedilar.
Ammo oxirgi vaqtlarda salaflar nomi bilan salafiylikni da'vo qiluvchi «soxta salafiylar» paydo bo‘lib, yana ham aniqroq qilib aytganda Vahhobiylar kabi oqimlar o‘zlarini bo‘lmag‘ur puch g‘oyalari bilan, yoshlarimizni o‘zlarining buzuq aqidalariga jalb qilmoqdalar. Ular keltirgan oyat va hadislar bir qaraganda to‘g‘riday ko‘rinsada, ammo asli ular ta'vil qilgan ma'noni bermaydi. Masalan Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda «So‘zlarni eng yaxshisi Allohni kitobi, yo‘llarni yaxshisi Muhammad alayhis salomni yo‘li va ishlarni eng yomoni, yangi paydo bo‘lganidir, har bir bid'at zalolatdir» deyilgan. Ushbu hadisda islom guyoki yangilikka qarshidek, aslida esa unday emas. Ahli sunna ulamolari bid'atni bir necha turga bulganlar, shundan bid'at hasana (yaxshi bid'at ) va bid'ati sayyia (yomon bid'at). Bunga dalil qilib Payg‘abarimiz alayhis salomning «Kim islomda bir yaxshi ishni boshlab bersa, unga usha ishga amal qilganlarni savobidan kamaymasdan yetib turadi, kim islomda bir yomon ishni boshlab bersa unga amal qilganlarni gunohidan kamaymasdan yetib turadi.» deyilgan hadisini keltiradilar. Bunga misol qilib hazrati Umar roziyollohu anhu taroveh nomozini jam qilib o‘qish yoki Abubakr siddiqni Qur'oni karimni jam qilishi yoki hazrati Usmon roziyollohu anhuni jum'a kunidagi ikkinchi azonni qo‘shishini dalil qiladilar. Soxta salafiylar esa mavludi sharifni inkor qiladilar, vaholanki mavludi sharifda solovotlar jo‘r bo‘lib aytiladi, o‘qiguvchini ham eshitguvchini ham ixlosi etiqodi mukammallashadi
Buni esa dinga yoki dindorga hech qanday zarari yo‘qdir inshaalloh. vallohi a'lam.
Yuldoshev Bahriddin - Pastdarg‘om tuman "Eshonxuja" jome masjidi imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 24/08/2020 12:25; Ko‘rilganligi: 2440
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:37