O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Salafiylik aslida nima...?

 
 

So‘ngi yillarda ommaviy axborot vositalari orqali va ko‘plab internet saytlarida hamda ba'zi ahli ilmlar orasida salaflar va salafiylik haqida turli xil gap so‘zlar tarqalmoqda. Aslida “Salaf” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib lug‘atda “avvalgilar”, “ajdodlar” va “avval yashab o‘tganlar” ma'nosini bildiradi. Istilohda esa ma'lum bir davrga va ma'lum bir insonlarga aytiladi. Hadisi sharifda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam «Zamonni yaxshisi mening zamonimdir, so‘ng ularga yaqin bo‘lganlarning zamoni, so‘ng ularga yaqin bo‘lganlarning zamonidir» - deb marhamat qilganlar.

Mazkur hadisni dalil qilib ahli sunna ulamolari ushbu uch davrni “saodat asri” deb ataydilar. Ushbu uch davrda yashagan zotlar, shunday insonlar ediki, ularning barchalari dinda yo‘lchi yulduzlar kabi edilar. Ular barchalari insonlarga nisbatan adolatli, maxluqotlarga esa mehribon, faqirlarga nisbatan xayri saxovatli, ojizlarga nisbatan muruvvatli, yoshi kattalarga hurmatli, kichiklarga shafqatli edilar. U zotlar hech kimga va hech narsaga qo‘llari bilan yoki tillari bilan ozor bermas edilar. Hech kimni toki kufri va nifoqi aniq bo‘lmaguncha kufrda yoki nifoqda ayblamas edilar. Va yana bir qancha fazoillari bor ediki, ularni til bilan aytib qalam bilan yozib tugatib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham u zotlarni salafi solihinlar dedilar.

Ammo oxirgi vaqtlarda salaflar nomi bilan salafiylikni da'vo qiluvchi «soxta salafiylar»  paydo bo‘lib, o‘zlarining bo‘lmag‘ur puch g‘oyalari bilan, yoshlarimizni o‘zlarining buzuq aqidalariga jalb qilmoqda. Ular keltirgan oyat va hadislar bir qaraganda to‘g‘riday ko‘rinsada, ammo asli ular ta'vil qilgan ma'noni bermaydi.  Masalan Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda «So‘zlarning eng yaxshisi Allohning kitobi, yo‘llarning yaxshisi Muhammad alayhis salomning yo‘li va ishlarning eng yomoni,  yangi paydo bo‘lganidir,  har bir bid'at zalolatdir»  deyilgan.  Ushbu hadisda islom guyoki yangilikka qarshidek, aslida esa unday emas. Ahli sunna ulamolari bid'atni bir necha turga bulganlar,  shundan bid'at hasana (yaxshi bid'at ) va bid'ati sayyia (yomon bid'at). Bunga dalil qilib Payg‘abarimiz alayhis salomning  «Kim islomda bir yaxshi ishni boshlab bersa, unga o‘sha ishga amal qilganlarning savobidan kamaymasdan yetib turadi, kim islomda bir yomon ishni boshlab bersa unga amal qilganlarning gunohidan kamaymasdan yetib turadi.» deyilgan hadisini keltiradilar. Bunga misol qilib hazrati Umar roziyollohu anhu taroveh nomozini jam qilib o‘qish yoki  Abu Bakr Siddiqning Qur'oni karimni  jam qilishi yoki hazrati Usmon roziyallohu anhuni jum'a kunidagi ikkinchi azonni qo‘shishini dalil qiladilar. Soxta salafiylar esa mavludi sharifni inkor qiladilar.  Vaholanki, mavludi sharifda solovatlar jo‘r bo‘lib aytiladi,  o‘qiguvchini ham eshitguvchini ham ixlosi  etiqodi mukammallashadi.

Shunday ekan azizlar! Har qanday xabarni yoki biron-bir Hadisni eshitib, undan xulosa chiqarishga va uni sharhlashga shoshilmaslik kerak. Ishonchli ulamolarimizning yozgan sharhlariga asosan o‘zimizda tushuncha hosil qilishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Yuldoshev Bahriddin - Pastdarg‘om tuman "Eshonxuja" jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 09/10/2021 14:15;   Ko‘rilganligi: 594
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/salafiylik-aslida-nima
Chop etilgan vaqti: 29/04/2024 10:17
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing