O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

“Sahihul Buxoriy”dagi fiqhiy qarashlar

 
 

Butun Islom olamida Qur'oni karimdan keyingi manba deb tan olingan “Al-Jomi' as-Sahih” hadis to‘plami Imom Buxoriyning uzoq yillik mehnatining samarasi bo‘lib, sahih hadislar bilan birgalikda shariatdagi nafis durdonalarni ham o‘z ichiga qamrab olgan. Shulardan biri, Imom Buxoriyning ushbu asari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan fiqhiy hukmlarni chiqarib olishda ko‘pgina foydalarni o‘zida mujassam etgan. Imom Buxoriy bu foydalarni ko‘proq “Sahihul Buxoriy”ning boblari uchun tuzilgan sarlavhalarda joylashtirdi. Bundan ma'lum bo‘ladiki, u kishi fiqh ilmida ham teran bilim egasi bo‘lgan. Bular Imom Buxoriyning fiqh ilmida va hukmlarni chiqarib olishda mustaqil  xolatda ijtihod qilganiga dalil bo‘ladi. Albatta bu borada o‘zidan oldin yashab o‘tgan Imom Molik, Imom Ahmad ibn Hanbal, Sufyon Savriy va Avzo'iy kabi mujtahid imomlarning fiqhiy yo‘nalishdagi qilgan ijtihodlaridan foydalangan. Bu borada yuqoridagi va boshqa mujtahid imomlarning qilgan ijtihodlarini ham o‘rgangan. O‘zidan keyingi ulamolardan Ya'qub ibn Ibrohim Davroqiy Imom Buxoriyning shariat qonunlaridagi o‘rnini bildirib shunday degan: “Muhammad ibn Ismoil bu ummatning faqihidir”. Is'hoq ibn Rohavayh: “Ey hadis ilmi jamoasi! Bu o‘spirin yigitga e'tibor berib, undan hadis yozib olinglar. Chunki u kishi Hasan Basriy zamonlarida bo‘lganida edi, albatta uning hadis va fiqhdagi ilmiga odamlarning  ehtiyoji tushar edi”, deb Imom Buxoriyni olqishlagan.

Imom Buxoriyning hadisni fiqhga bog‘lash uslublarini o‘rganishimizdan shu narsa ma'lum bo‘ladiki, Imom Buxoriy “al-Jomi' as-Sahih” asarida sanadi sahih bo‘lgan hadislarni sharhlash bilan birga  fiqhiy foydalarni chiqarib olishni ham lozim tutdi. Natijada, u kishi o‘zining chuqur fahmi bilan hadislarning matnlaridan ko‘p ma'nolarni va fiqhga bog‘liq bo‘lgan turli-tuman hukmlarni namoyon qildi. Zero, Imom Buxoriyning bu ishi himmatining eng buyugi va maqsadining eng ulug‘idir.

Imom Buxoriy hukmlarni chiqarib olishda avvalam bor Qur'oni karimga suyangan. Imom Buxoriy Qur'oni karimdagi ko‘pgina oyatlarni sarlavhalarda hukmlarga dalil qilgan. Ya'ni, Qur'on oyatlariga e'tibor berib, oyatlar bilan dalil keltiradi va usul qoidalariga oid bo‘lgan dalillar bilan oyatlardan ajoyib hukmlarni chiqarib oladi. Bunga misol, Imom Buxoriy “Savdo kitobi”da “Unda yana (suvni) yorib ketayotgan kemalarni ko‘rasiz. Uning fazli (rizqi)dan talab etishingiz va (ne'matlariga) shukr qilishingiz uchun (shunday qildi)”[1], degan oyatni Mator rahmatullohi alayhdan kelgan rivoyatga ko‘ra, dengizdagi kemaga tijorat qilish uchun minishning joizligiga dalil qiladi. Bu bilan Imom Buxoriy xuddi, Abu Dovud Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan: “Dengizdagi kemaga faqat haj va Alloh yo‘lida dushmanga qarshi urush uchun chiqiladi”[2], deb rivoyat qilgan hadisiga raddiya bergandek. Chunki, Abu Dovud bu hadisga izoh berib shunday degan: “Bu hadis juda zaifdir. Uni rivoyat qilgan Abu Abdulloh va Bashir noaniq roviylardir”.

Keyingi suyangan dalili sahih hadis bo‘lgan. Imom Buxoriyning maqsadi aniq bo‘lgan sahih hadislarni to‘plash bo‘lib, ko‘pgina masalalarni shartiga to‘g‘ri kelmaydigan hadislar bilan sarlavha tuzishda chiqarib olgan va shartiga ko‘ra o‘sha masala ustida u hadisni dalil qilib keltirgan. Shuning uchun bu asarda Imom Buxoriyning bir hadisdan ko‘p masalalarni chiqarib, ularni boblarga ajratganligini ko‘ramiz.

Imom Buxoriy nazdida ba'zi o‘rinlarda sanadi sahobalarga va tobe'inlarga yetib to‘xtab qolgan hadislar u kishiga yetib kelgan sanadi to‘liq hadisdan afzal bo‘lib, yo ixtilofni ochiq-oydin bayon qilish uchun yoki uni umuman rad qilish maqsadida keltiradi. Shu sababli fiqhga oid boblardan musnad hadislarning ko‘pini chiqarib tashlab, muallaq hadis bilan, ya'ni sanadi to‘liq hadislarni qo‘yib, sanadi sahobaga yoki tobe''inga borib to‘xtagan hadis bilan kifoyalangan.

Imom Buxoriy boblarning sarlavhalarida xukm olish sirlarini joylashtirib, u yerda ko‘p ilm va sir-asrorlarni farqlab berdi. Shu sababli u kishining “Sahihul Buxoriy”da tuzgan sarlavhalari fikrlarni hayratga soladi va ko‘pgina aqlli va farosatli kishilarni ham lol qoldiradi. Shunga ko‘ra barcha ulug‘  faqih va muhaddislar nazdida “Fiqhul Buxoriy fi tarojimihi” (Buxoriyning sarlavhalardagi fiqhi) degan bob mashhur bo‘lib, bu borada xozirgi kungacha ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Baxriyev O. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

[1] Nahl,14.

[2] Abu Dovud sunani. Kitabul jihod, 2479 hadis.


Kiritilgan vaqti: 19/08/2020 07:21;   Ko‘rilganligi: 1629
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/sahihul-buxoriydagi-fiqhiy-qarashlar
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:19
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing