O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Sabr – shikoyat qilmaslikdir!

 
 

Sabr - islomning eng muhim fazilatlaridan biri, chunki hayotda kutilmagan vaziyatlarga duch kelganimizda u eng samarali qurol. Ammo hamma narsa tezlashib ketgan dunyoda, bir necha daqiqa, hatto bir necha soniya sabr qilish ko‘pchilikka juda qiyin bo‘lib tuyuladi.

Inson hayoti kurashlardan iborat. Bu jarayonda turli mashaqqatlarga duch keladi. Bu qiyinchiliklardan o‘tishda, muvffaqiyat qozonishda sabr-matonat muhim ahamiyat kasb etadi. Abu Sa'id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Hech kimga sabrdan ko‘ra yaxshiroq va kengroq ato berilmagan», dedilar». Beshovlari rivoyat qilgan.

Sabrni ulamolar turlicha ta'riflagan bo‘lsada, ular bir-birini to‘ldiradi.

Rog‘ib Isfahoniy sabrni: “Nafsni aql va shariat talab qilganidek va tiyilishni taqozo qilgan narsalardan tutib turish”, deb ta'riflagan.

Jurjoniy: “Balolar azobidan shikoyat qilishni Allohdan boshqaga qilmaslikdir”, deb ta'rif bergan.

Abu Hotim aytadi: "Sabr uch xil bo‘ladi: ma'siyatga, ibodatga, musibat va balolarga sabr qilish. Ularning eng yaxshisi – gunohlarga sabr qilishdir”.

Nimaga nisbatan bo‘lishiga qarab sabr uchga bo‘linadi:

  1. Musibatlarga sabr qilish.
  2. Gunoh-ma'siyatlardan tiyilishda sabr qilish.
  3. Toat-ibodatlarga sabr qilish.

Sabr turli o‘rinda, har xil ma'noda ishlatiladi. Insonga kelgan musibat va ko‘rguliklarni xotirjam qabul qilish, jazavaga tushmaslik, hammaga aytaverib arzi hol qilmaslik – haqiqiy sabrdir. O‘z holidan, mushkulidan nolish sabrsizlik belgisi. Qolaversa, bunda bandadan yordam kutish, uni ham bezovta qilish holati bor. Shikoyat faqat Allohga bo‘ladi, chunki sinovning yechimi uchun uni bergan Zotga murojaat qilinadi. Zero, Qur'onda “U (Ya'qub alayhissalom): “Albatta, men dardu hasratimdan faqat Allohning O‘ziga shikoyat qilmoqdaman…” (Yusuf, 86-oyat) deb marhamat qilingan.

Lekin, bu o‘rinda muammoni hal qilishga intilishdan to‘xtamaslik kerak. Zero, bu sababiyat dunyosi. Unda sabablar, vositalar ado qilinadi, natija Parvardigordan bo‘ladi.

Sabr o‘rniga qarab ikki turga bo‘linadi: jismoniy va ma'naviy. Bularning har biri yana ikki turga bo‘linadi: ixtiyoriy va majburiy.

a)        ixtiyoriy jismoniy: tanaga mashaqqat bo‘ladigan ishlar bilan o‘z xohishiga ko‘ra shug‘ullanish.

b)        majburiy jismoniy: issiq, suvuq, jarohat va og‘riqlarga sabr qilish.

  1. c) ixtiyoriy ma'naviy: shariat va aqlga to‘g‘ri kelmaydigan ishlarni qilishdan tiyilish

d)        majburiy ma'naviy: musibat va judolikka sabr qilish

Abdulqodir Jiyloniy rahimahulloh odamlarga yuzlanib bunday degan ekan: "O‘z holingizdan nolimang. Hamisha cabrli bo‘ling, aslo Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lmang. Zero, holis Alloh taolo uchun qilingan sabr va bardosh albatta mukofotsiz qolmaydi. Ozgina sabr qilish, uzoq yillar uning rohatini ko‘rishga sabab bo‘ladi. Kimki o‘zining qat'iyligi bilan mashhur bo‘lsa, bilki u qilgan sabri bilan mashhur bo‘lgan".

Sabrning foydalari:

  1. Sabr og‘ir vaziyatlarda yordam beradi.
  2. Sabr g‘azab vaqtida o‘zini tutishga yordam beradi.
  3. Sabr moddiy va ma'naviy yaxshiliklarga erishish yo‘lidagi jismoniy va ruhiy qiyinchiliklarga chidashga yordam beradi.
  4. Sabr iymon barkamolligi va islom go‘zalligi dalilidir.
  5. Sabr qalbda hidoyat hosil qilishga yordam beradi.
  6. Sabrning samarasi Alloh taoloning va odamlarning muhabbatidir.
  7. Sabr jannatga erishish va do‘zaxdan qutulishdir.
  8. Sabr qiyomat kunidagi katta qo‘rqinchdan omonlikdir.
  9. Sabr mardlik va yaxshi oqibatning alomatidir.
  10. Sabr Alloh taoloning rahmati va barakotidir.

Musibat va qiyinchiliklarga sabr qilishda, ularni matonat bilan yengib o‘tishda bir qancha hikmatlar bor. Bularni unga Alloh taolo berganini his qiladi, agar sabr qilsa ajr olishini o‘ylaydi, duo qiladi, bandaligini, ojizligini his qiladi. Haqiqiy mo‘min yaxshi-yomon kunida ham yutuqqa intiladi. Negaki, ne'matlar ichra yurganida, xursandchilik kunlarida shukr qiladi – savob oladi. Musibat vaqtida, og‘ir kunlarda sabrli bo‘ladi – ajr oladi.

Bahodir Mirzayev,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi


Kiritilgan vaqti: 08/09/2021 08:06;   Ko‘rilganligi: 1893
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/sabr-shikoyat-qilmaslikdir
Chop etilgan vaqti: 25/04/2024 08:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing