Sabr haqida bir og‘iz so‘z
Umr shamdek bir pasda o‘tib ketar ekan. Shu qisqa vaqt ichida kimdir savobli ishlarni yana kimlardir gunoh-ma'siyatlarni sodir etib yashar ekan.
Sayyora opani yoshligi haqida men uncha yaxshi bilmayman, chunki men bu mahallaga kelin bo‘lib tushganimda u kishi o‘ttiz yoshni qoralab qo‘ygan edi. Onalari rahmatli qaynona onajonim bilan dugona edilar. Yaxshi tansiq taomlar qilsak mendan tez tez berib yuborar, shu paytda Sayyora opa bilan ham suhbatlashib qaytar edim.
Oyoqlarida qandaydir kasallik borligi uchun maktabdagi o‘qituvchilik ishidan keyinchalik nafaqaga chiqdilar. Lekin yaxshigina tikuvchiligi uchun biror vaqtini bekor o‘tqazmasdan mahallamiz ayol qizlariga kuylak tikib berar, beshik anjomlari, kelin kuyovlar uchun ko‘rpa to‘shak tikar edi. Hayotni imtihon degani shu bo‘lsa kerak, o‘nta barmog‘i hunar bu opani Alloh dard bilan sinab quygan edi.
Yillar o‘tib hammamiz yanayam ulg‘aydik. Farzandlar ko‘rdik, nabiralar suydik. Lekin Sayyora opa hamon yolg‘iz. Yolg‘izni yori Alloh deganlaridek doim ibodatda qoyim bo‘lib kelmoqdalar. Avval yangasi, keyin akasi qaytish qildilar. Jiyanlariga o‘zi bosh bo‘lib, qizlarni uzatdi, yigitlarni uylantirdi. Hozirgi kunda ularga bosh bo‘lib oilani chiroyli ruhda ,boshqarib bormoqda.
Mahalla uchun xayriya ulashib chiqadiganlarim orasida doim u kishi ro‘yxatdan chetda qolmaydi. Shuncha suhbat qurib biror marta hayotidan noliganini eshitmadim. Doim shukrda, doim chiroyli sabrda. Mahallamizning ko‘rki bo‘lgan Sayyora opaga bo‘lgan hurmatim cheksiz. U kishiga Allohning o‘zi ko‘mak, madad berib kelayotganiga aminman.
Men ham Allohdan bunday ibratli oila uchun sihat salomatlik, fayz,baraka so‘rab qolaman va o‘z ijodimdan ushbu to‘rtlik bilan, maqolamni yakunlamoqchiman.
Yolg‘iz demang,yolg‘iz ayolni, pok ko‘nglining halovati bor.
Tongda turar Qodir Egam deb, rasulga ko‘p salovati bor.
Umid qilar, amallaridan, Behisht mayin shamollaridan.
Rob jamolin ko‘rish istagi, hardam tashna, mushtoqdir, zor-zor.
Xayriniso Ergasheva-Ishtixon tuman otinoyilari a'zosi
Kiritilgan vaqti: 06/07/2020 11:38; Ko‘rilganligi: 1255
Chop etilgan vaqti: 06/10/2024 18:36