O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning aql-zakovatlari o‘tkirligi va sezgi a'zolari kuchliligi.

 
 

Nabiyimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hech bir inson zotiga nasib etmagan aqliy, fikriy va jismoniy quvvat bilan xoslangan edilar. U zot teran aql va fikr sohibi, o‘tkir fahm-farosat egasi, idroki tez, sezish qobiliyati kuchli shaxs bo‘lganlar. Ma'lumki, eshitish, ko‘rish, ta'm bilish, hidlash va ushlab bilish kabilar ma'lumot olish vositalari hisoblanadi. U zotning turish, o‘tirish, yurish, uxlash va boshqa holatlari mo‘tadil bo‘lib, go‘zal sifatlari va fazilatlari bilan qavmlari ichida ham, boshqalar orasida ko‘zga tashlanib turganlar. Buning ustiga Alloh taolo u zotga ilgari bilmagan e'tiqodiy va amaliy ilmlarni o‘rgatdi. Bu ilmlar tahsil olish, mutoala qilish, o‘z ustida ishlash mahsuli emas, balki Alloh taolo u zotning qalbi, aqli va ongiga indirishi natijasida hosil bo‘lgan. Basirati va farosati haddan ziyod o‘tkirligiga hamma tan berardi. Bir qarashdayoq har bir ishning mohiyatini darhol tushunib yetar, uzoq o‘ylanib, xayol surib o‘tirmas edilar. Yulduz o‘z nuri bilan qorong‘ulikni yoritganidek, u zot kuchli fahm-farosatlari bilan qalblardan voqif bo‘lar edilar. Ulug‘ tobe'in Vahb ibn Munabbih rohmatullohi alayh shunday deydi: «Ilgari nozil qilingan kitoblardan yetmishga yaqinini o‘qiganimda hammasida Rosulullohni odamlarning eng aqllisi deb yozilganiga shohid bo‘ldim». Shu kishidan keltirilgan boshqa bir rivoyatda: «Olam yaralganidan to intihosiga qadar tug‘ilajak jamiki odamlarga beriladigan aqlni u zotning aqliga taqqoslansa, dunyodagi qumlarning bir zarrasiga o‘xshab qoladi, xolos, deb yozilganini ko‘rdim», deyilgan.

Rosululloh alayhissalomda sezgi a'zo va hissiy idrok naqadar kuchliligi va betakror mo‘jizalariga Mujohid rohmatullohi alayhdan keltirilgan mana bu rivoyat yorqin dalil bo‘ladi: «Rosululloh qachon namozda tursalar, orqadagilarni xuddi oldindagilarni ko‘rganday ko‘rar edilar»[1]. Imom Molik Abu Hurayra roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, men sizlarni orqa tarafimdan ko‘rib turaman», degan bo‘lsalar, Imom Buxoriy va Imom Muslim Anas ibn Molikdan keltirgan rivoyatda: «Ruku' va sajdani mukammal qilinglar. Allohga qasamki, men sizlarni ko‘rib turaman», deganlar. «Ikki sahih» da naql etigan rivoyatda Oisha roziyallohu anho: «Buni u zotning dalillariga Alloh taolo ziyoda qilgan», degan. Ya'ni, bu buyuk mo‘jiza va ulug‘ xislat u zotning haq payg‘ambar ekanini isbotlovchi behisob alomatlar ustiga Alloh taolo ziyoda qilgan yana bir fazilat, degan ma'nodadir.

Imom Abdurrazzoq va imom Hokim keltirgan rivoyatda: «Albatta men orqamdan xuddi oldimdan ko‘rgandek ko‘raman», deganlar. Baqiy ibn Maxlad Oisha roziyallohu anhodan keltirgan rivoyatda: «Rosululloh qorong‘uda ham xuddi yorug‘da ko‘rgandek ko‘rar edilar», deyilgan. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning farishta va shaytonlarni ko‘rganlari to‘g‘risida ko‘plab ishonchli hadislar rivoyat qilingan. Imom Buxoriy va boshqalar keltirilgan mana bu rivoyat shular jumlasidandir: «U zot Jabroilni osmon bilan yer o‘rtasida kursida o‘tirgan holda haqiqiy suratida ko‘rdi. Uning olti yuzta qanoti bo‘lib, ufqni to‘sib turar edi».

Imom Buxoriy keltirgan boshqa bir rivoyatda: «Kecha shom namozidan keyin menga bir bahaybat jin tashlandi. Qo‘lida yuzimni kuydirish uchun olovli mash'al bor edi. Alloh menga imkon berib, uni daf qildim. Keyin masjid ustunlaridan biriga bog‘lab qo‘ymoqchi bo‘ldim-ku, birodarim Sulaymonning duosi esimga tushib qoldi», deganlar. Boshqa bir rivoyatda: «Birodarim Sulaymonning duosi bo‘lmaganda, Madinaning yosh bolalari u bilan o‘ynab yurgan bo‘lardi», deganlar.

Habashiston podshosi Najoshiy vafot etganda tobuti hozir qilingan va Rosululloh sollallohu alayhi vasallam uning janozasini o‘qiganlar. Najoshiy hijratning to‘qqizinchi yili rajab oyida dunyodan o‘tishidan oldin Islomni qabul qiladi va Rosululloh alayhissalomga: «Siz Allohning rostgo‘y va tasdiqlangan elchisisiz. Men sizga bay'at qildim va olamlar Robbisiga bo‘ysundim», deb maktub yozgan edi.

Amirov To‘lqin tayyorladi.


Kiritilgan vaqti: 27/12/2021 07:04;   Ko‘rilganligi: 800
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/rosululloh-sollallohu-alayhi-vasallamning-aql-zakovatlari-otkirligi-va-sezgi-azolari-kuchliligi
Chop etilgan vaqti: 28/04/2024 22:32
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing