O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Rostgo‘ylikning fazilatlari

 
 

 Rostgo‘ylik – ezgu xulqlarning posboni bo‘lib, o‘zini haqiqiy mo‘min-musulmon hisoblagan inson hech qachon yolg‘on so‘zlamaydi va hech kimni aldamaydi. Negaki, Islom dinining muqaddas manbai hisoblangan Qur'oni Karimning aksariyat oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning juda ko‘plab hadisi shariflarida rostgo‘ylikka targ‘ib qilinadi, yolg‘ondan qaytariladi. Alloh taolo yolg‘on gapiradigan ya'niy rostgo‘y bo‘la olmaydiganlar haqida shunday bayon qiladi: “Yolg‘onni faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlargina to‘qirlar. Ana o‘shalar o‘zlari yolg‘onchilardir”, (Nahl surasi, 105-oyat).

Payg‘ambar alayhissalomdan so‘raldi: “Ey Allohning Rasuli! Mo‘min qo‘rqoq bo‘ladimi? Rasululloh “ha” dedilar. Mo‘min baxil bo‘ladimi? Uzot “ha” dedilar. Yana so‘radilar, mo‘min “yolg‘onchi” bo‘ladimi? U zot alayhissalom “Yo‘q, mo‘min yolg‘onchi bo‘lmaydi” dedilar.

Imom Buxoriy hazratlari «Al-adab al-mufrad» asarida Abdulloh ibn Mas'uddan quyidagi hadisni bayon qiladilar: Nabiy muhtaram: «Rost gapiringlar, chunki rostgo‘ylik yaxshiliklarga boshlaydi va bu yaxshiliklar esa jannatga yo‘llaydi. Kishi rost gapiraversa, u Alloh taolo huzurida juda rostgo‘y (siddiq) deb yozilib qoladi. Yolg‘on gapirishdan o‘zlaringizni saqlang, chunki yolg‘on gapirish hamma buzuqliklarga olib boradi, buzuqlik esa do‘zaxga yo‘llaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Alloh huzurida yolg‘onchi bo‘lib yozilib qoladi», deganlar. Ushbu hadisdan rostgo‘ylikning ham darajalarga ega ekani kelib chiqadi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga vahiy kelmasidan ham ilgari shu darajada rostgo‘y edilarki, qabiladoshlari u Zotga «amin» (ishonchli) deb nom bergan edilar.

Rost gapirishni odat qilgan, xaq so‘z bilan qurollangan kishilar boshqalar bilan bo‘ladigan muloqotlarda o‘zaro hurmat-ehtirom, qadr-qimmatni saqlagan holda zafar qozonadilar. Asossiz dalil-hujjat, yolg‘on mishmish va botil gaplar bilan qurollangan kimsalar esa faqatgina kulgiga qoladilar va ulardan hamma uzoqlashib ketadi. Chunki haqiqat boqiy, yolg‘on esa tumandek tarqab ketguvchidir.

Afsuski, hozirgi vaqtda jamiyatimizda yolg‘on gapirish juda keng avj oldi. Ko‘pchilik o‘ylamay-netmay yolg‘on gapiradigan bo‘lib ketdi, bu holatni ayniqsa ijtimoiy tarmoqlardagi har-hil asossiz xabarlarni tarqalishida kuzatish mumkin bo‘lib qoldi. Buning oqibatida esa ko‘pincha begunoh muminlar zarar ko‘rmoqda, idora va tashkilot rahbarlarining ishlari og‘irlashib bormoqda.

Davlatimiz va jamiyatimiz rivoji yo‘lida rostgo‘y bo‘laylik yolg‘ondan hazar qilaylik! Tilimizni va farzandimiz tilini rostgo‘ylikka o‘rgataylik!Alloh taolo barchamizni siddiqlardan qilsin va jamiyatimizni yolg‘ondan, yolg‘onchilikdan poklasin!

Ismatov Ma'rufxon

Oqdaryo tumani “So‘g‘onchi” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 30/11/2023 10:53;   Ko‘rilganligi: 419
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/rostgoylikning-fazilatlari
Chop etilgan vaqti: 03/05/2024 16:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing