O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Rasulullohga muhabbat imondandir

 
 

Ulug‘ sahobiy Anas ibn Molik r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

قال النبي - صلى الله عليه وسلم: "لا يؤمن أحدكم حتى أكون أحب إليه من والده وولده والناس أجمعين"

 ya'ni: “Hech biringiz mo‘min bo‘lmaydi toki men unga otasidan ham, bolasidan ham va barcha insonlardan ham sevikliroq bo‘lmagunimcha”. Ushbu hadisning mashhur sahobiy Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilingan boshqa bir shaklida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

قال رسول الله - صلى الله عليه وسلم: "فو الذي نفس محمد بيده لا يؤمن أحدكم حتى أكون أحب إليه من والده وولده"

ya'ni: “Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, hech biringiz mo‘min bo‘lmaydi toki men unga otasidan ham, bolasidan ham sevikliroq bo‘lmagunimcha” (Imom Buxoriy, Muslim, Nasaiy, Ibn Moja va Hokim rivoyat qilishgan).

Ushbu hadisda bayon qilinishicha, kishi mo‘min bo‘lishi uchun uning Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga nisbatan muhabbati bu dunyoda u yaxshi ko‘rgan barcha narsalarga bo‘lgan muhabbatidan ko‘ra ko‘proq va kuchliroq bo‘lishi shart. Hatto, u otasi bo‘lsa ham, bolasi bo‘lsa ham, ahli oilasi bo‘lsa ham va barcha insoniyat bo‘lsa ham.

         Shuni anglamoq lozimki, hadisdagi “mo‘min bo‘lmaydi” deyilgan iboradan kofir bo‘ladi, degan ma'no chiqmaydi, balki imoni komil bo‘lmaydi, degan ma'no tushuniladi. Ma'lumki, Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamga muhabbat u zotning ko‘rsatgan yo‘llariga ergashish bilan o‘z isbotini topadi. Zero, u zotning siyratlari biz uchun har zamon va har makonda eng go‘zal namunadir. Alloh taolo bu haqda Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:

لقد كان لكم في رسول الله أسوة حسنة لمن كان يرجو الله واليوم الآخر وذكر الله كثيراً

ya'ni: (Ey, imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir (Ahzob surasi, 21-oyat).

Ishonchli hadislarning birida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham bu haqda shunday deganlar:

لا يؤمن أحدكم حتى يكون هواه تبعاً لما جئت به

ya'ni: “Hech biringiz mo‘min bo‘lmaydi toki uning havoi nafsi men keltirgan narsaga ergashmagunicha” (Ibn Rajab rivoyati).

         Qur'oni karimda Alloh taolo bizlarni bu dunyodagi narsalar, bizlarning u narsalarga bo‘lgan muhabbatimiz Alloh va Rasulining muhabbatidan to‘sib qo‘ymasligidan ogohlantirib, shunday degan:

قل إن كان آباؤكم وأبناؤكم وإخوانكم وأزواجكم وعشيرتكم وأموال اقترفتموها وتجارة تخشون كسادها ومساكن ترضونها أحب إليكم من الله ورسوله وجهاد في سبيله فتربصوا حتى يأتي الله بأمره، والله لا يهدي القوم الفاسقين

ya'ni: Ayting (ey, Muhammad!): Agar otalaringiz, farzandlaringiz, aka-ukalaringiz, xotinlaringiz, qarindoshlaringiz, mehnat bilan topgan mol-mulklaringiz, kasod bo‘lishidan qo‘rqqan tijoratingiz va yoqtirgan maskanlaringiz, sizlar uchun Alloh va Rasulidan, Uning yo‘lidagi jihod qilishdan (ko‘ra) suyukliroq bo‘lsa, (unda) to Alloh o‘z amri (azobi)ni keltirguniga qadar kutib turingiz! Alloh (esa) fosiqlar qavmini hidoyat etmagay (Tavba surasi, 24-oyat).
         Ushbu oyati karimada inson dunyoda ko‘proq yaxshi ko‘radigan va u bilan chalg‘ib qoladigan narsalardan sakkiztasi zikr etilgan bo‘lib, ushbu narsalarga bo‘lgan muhabbat hech qachon Alloh va Uning Rasuliga bo‘lgan muhabbatdan ortib ketmasligi ogohlantirilmoqda. Aks holda, unday kishilarni oyatda fosiqlar deb tavsiflanmoqda. Ma'lumki, fosiqlik imon bilan kufrning o‘rtasidagi martabadir.  

          Alloh taolo Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga bo‘lgan itoatni O‘ziga bo‘lgan itoat deb baholagan. Bu haqda Qur'oni karimda:

من يطع الرسول فقد أطاع الله

ya'ni: Kimda-kim Payg‘ambarga itoat etsa, demak, u Allohga itoat etibdi deb marhamat qilgan (Niso surasi, 80-oyat). Shuningdek, boshqa bir oyatda Alloh taolo Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga ergashgan kishilarni yaxshi ko‘rishini e'lon qilib, shunday degan:

قل إن كنتم تحبون الله فاتبعوني يحببكم الله ويغفر لكم ذنوبكم والله غفور رحيم

ya'ni: Ayting (ey, Muhammad!): Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir (Oli Imron surasi, 31-oyat).

         Bizning Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatimiz mana shu bilan cheklanmaydi, balki undan ham  yuqoriroq, ya'ni o‘z nafsimizdan ham yuqori turadi. Rivoyatlarda kelishicha, ulug‘ sahobiylardan hazrati Umar ibn Xattob raziyallohu anhu: Yo Rasululloh! Siz menga o‘z jonimdan boshqa hamma narsadan ham sevikliroqsiz, dedilar. Shunda Rasululoh sallallohu alayhi vasallam: “Yo‘q, ey Umar. Jonim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, toki o‘z joningdan ham sevikliroq bo‘lmagunimcha”, dedilar. Shunda Umar: Siz menga jonimdan ham sevikliroqsiz, dedilar. Rasululloh: “Ana endi, ey Umar”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Mana bu haqiqiy imonida sodiq bo‘lgan mo‘minlarning Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlaridir. Zero, bu imoniy muhabbat bo‘lib, u Rasululohning yo‘llariga ergashishda namoyon bo‘ladi. Har bir musulmon kishi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga nisbatan ana shunday imoniy muhabbat darajasiga erishishga loyiqdir. Ana shunday bandalarini Alloh taolo dunyo va oxirat saodatiga noil etadi, inshaalloh.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

raisining birinchi o‘rinbosari

Homidjon Ishmatbekov

https://t.me/tuhur


Kiritilgan vaqti: 07/11/2020 13:29;   Ko‘rilganligi: 1793
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/rasulullohga-muhabbat-imondandir
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing