O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

RASULULLOH KAMTAR VA TAVOZU'LI EDILAR

 
 

Hazrati Payg‘ambar Muhammad alayhissalom o‘zlari ulug‘ nasab sohibi bo‘lsalar ham, Dunyoning yaralishiga sababchi inson bo‘lsalarda, barcha payg‘ambarlarning imomi va komil nubuvvatu-risolat sohibi bo‘lishlariga qaramay kamtar, hokisor va o‘ta tavozu'li edilar.

Zero bunday zot bo‘lishlarini Alloh taoloning o‘zi iroda etib Rasulullohni shunday tarbiya qildi. Chunki bunday sifatga ega bo‘lgan inson xalqning qalbidan chuqur joy olib ularni muhabattiga sazovor bo‘ladi va bu muhabbat orqali insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, Allohning ibodatlarida mustahkam bo‘lishlarida sababchi bo‘la oladi. Alloh taolo Payg‘ambarimiz va u zot orqali barcha ummatni kamtar bo‘lishga undab “Isro” surasining 37-38 oyatlarida: “Yer yuzida kibru havo ila yurma! Albatta, sen zinhor yerni teshib yubora olmaysan va zinhor bo‘yda tog‘larga yeta olmassan! Bularning barcha yomoni Robbing huzurida xush ko‘rilmagandir” – deb marhamat qildi. Shuningdek, Alloh taolo “Luqmon” surasining 18-19 oyatlarida kelgan Luqmoni Hakimning o‘g‘liga qilgan vasiyatini shunday bayon etadi: Odamlardan takabburlik bilan yuz o‘girma va yer yuzida kibr-havo ila yurma. Albatta, Alloh biron mutakabbir va maqtanchoqni sevmas. Yurishingda mo‘tadil bo‘l va ovozingni pasaytir. Chunki eng yomon va xunuk ovoz eshakning ovozidir”. Robbimiz o‘zining so‘ngi payg‘abarini ana shunday Qur'oni Karim bilan xulqlantirdi.

Anas Ibn Molik Rasulullohning tavozu' va kamtarliklarini aytib ushbu hadisni rivoyat qiladilar: “Janob Rasululloh sollolohu alayhi va sallam bir tuyaga minib, haj qildilarki, to‘qumlari eski edi. Uning ustida bir chodir bor edi, qimmati to‘rt tangaga ham baholanmas edi. Janob shu holda ushbu duoni o‘qir edilar: “Allohm! Mening bu hajjimni riyo va sum'adan pok bir haj qilgil!”. Bu hadisda kelayotgan Riyo va sum'a deganda xalq ko‘rsin va eshitsin degan ma'no tushuniladi. Aslida Rasulullohning hech bir ibodatlarida riyo va sum'a bo‘lmagan, balkim bu duoni ummatni ogoh etish va ta'lim berish maqsadida o‘qiganlar. Hazrati Anas ibn Molikdan yana shunday rivoyat qilinadi: “Janob Rasululloh sollolohu alayhi va sallam bemorlar holini so‘rash uchun ularning yotgan yerlariga borar edilar. Dildorliklar qilar edilar. Eshakka ham minar edilar. Qul ziyofat qilib chaqirsa ham, qabul qilib, borar edilar. Banu Qurayza yahudiylari bilan urush bo‘lgan kunlarda shundoq bir eshakka mingan edilarki, uning yugani yoki tizgini xurmo daraxtining po‘slog‘idan ishlangan ip edi. Uning egar to‘qimi ham xurmo daraxtining po‘stlog‘idan ishlangan edi”. Sarvari koinot sahobalariga “Meni Nasroniylar Iyso alayhissalomni madh va ta'riflagandek haddan oshib mubolag‘a qilmanglar, men ham Allohning bandasiman” derdilar. Sahobalar to‘planib o‘tirgan joyga kelsalar ularni turmanglar derdilar. Chunki Janobimiz o‘zlariga ta'zim (hurmat) uchun bir kishini turishini yomon ko‘rar edilar.

Payg‘ambar alayhissalom uy ishlarida ahli oilalariga yordam berar edilar. Bu haqda Hazrati Amro roziyalllohu anho aytadilar: Hazrati Oisha onamizdan Rasululloh sollolohu alayhi va sallamni o‘z uylarida nima ish qilishlari haqida so‘ralganda onamiz: “Rasululloh insonlarning biri edilar. Liboslarini o‘zlari tekshirar edilar.  Jonvorlarni sutini o‘zlari sog‘ar edilar va o‘z xizmatlarini o‘zlari qilar edilar” deganlar.

Bizning yurtimizda o‘qiladigan mavlidlarning eng mashhuri Imom Ja'far Barzanjiyning Payg‘ambarimiz haqlarida yozgan qasiydalarining eng so‘ngi bandida Payg‘ambar alayhissalomning tavozu'lari haqida keltirib shunday deydilar: “Hazrat Rasululloh sollolohu alayhi va sallam hayo va xush tavozu'likda hammadan ziyoda edilar, kafshu-muzalarining yirtiqlarini o‘zlari yamar, liboslari yirtilsa ham o‘z qo‘llari bilan tikar, qo‘ylarini ba'zan o‘zlari sog‘ar, oila ishlarida Ahli oilalariga yordam berar edilar. Kambag‘al va miskinlarni yaxshi ko‘rar va ular bilan birga o‘tirar edilar.”

Anashunday tavozu' egasi bo‘lmish Imomul-anbiyo Muhammad mustafo sollolohu alayhi va sallamga ummat bo‘lishdek sharafga musharraf qilgan Alloh taologa cheksiz xamdu-sanolar, Faxri Koinot, Habibimiz Rasululloh sollolohu alayhi va sallamga durudu-salavotlarimiz bo‘lsin. Alloh har birimimizni ul zotniing odobu-axloqlari, tavozu' va sifatlarini o‘zida mujassam qilgan haqiqiy merosxo‘r ummat bo‘lishimizni nasib etsin.

S.Mirzayev Samarqand shahar “Shohi Zinda” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 28/10/2021 05:31;   Ko‘rilganligi: 532
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/rasululloh-kamtar-va-tavozuli-edilar
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 15:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing