O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ramazon – qutlug‘ oy

 
 

Ma'lumki, boshqa paytlardagiga nisbatan niyatu ixlosga qarab savob amallarga ajrlar ko‘proq beriladigan Ramazon oyida tilovati Qur'on, zikru tasbeh, sunnat, farz va nafl ibodatlarni amalga oshirganimiz singari bemorlarni ziyorat etish, yetim-esirlarni yo‘qlash, oshna-og‘aynilar holidan xabar olish uchun ham qulay hamda g‘animat fursatdir.

Har bir oila bu qutlug‘ oy kirib kelishidan avval o‘z uy-joylarini, hovlilarini toza-ozoda, saranjom-sarishta qilganliklari kabi o‘zlarining qalblarini ham g‘ashliklardan, g‘iybat, bo‘hton, fitna-fasodlardan poklab olishlari muqaddas dinimiz ko‘rsatmalariga mosdir.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan rivoyat qilingan hadisda: “Musulmonga o‘z birodaridan uch kundan ortiq arazlab yurishi halol emas. Uchrashganlarida unisi ham yuz o‘giradi, bunisi ham yuz o‘giradi. Ularning yaxshisi avval salom berganidir”, deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati). Shu bois arzimas sabablar bilan arazlashib yurgan, yuzko‘rishmas bo‘lib ketgan tanishlar bilan orani isloh qilib olishning ayni vaqti desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ramazon oyida muhtojlar va ehtiyojmand oilalarga, bemorlar, yolg‘iz ayollar, yosh bolalar, yetimlar, yoshi ulug‘ yolg‘iz nuroniylar axvolidan xabar olib, ularga oziq-ovqat, kiyim-kechaklar tarqatish yanada ko‘payadi. Bunday xayrli ishlar milliy birdamligimizni, hamjihatligimizni, mehr-oqibat rishtalarimizni yanada mustahkamlaydi. Zotan, dinimiz ta'limoti ham shunday deyilgan: “Yon qo‘shnisi och o‘tirganini bila turib, qorni to‘q yotgan kishi mo‘min emas” (Imom Hokim rivoyati).

Boshqa bir hadisda esa: “Saxovat – bir daraxt. Uning ildizlari jannatda, shoxlari dunyoga tushib turadi. Kimki uning shoxidan ushlasa, ildizlari (jannat) sari tortadi. Baxillik ham bir daraxt, uning ildizlari do‘zaxda, shoxlari yer yuzida bo‘ladi. Uning shoxidan ushlaganlarni o‘z domiga tortadi”, deyilgan (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Darhaqiqat har bir musulmon shu muqaddas, g‘animat fursatdan foydalanib, Allohning buyruqlarini bajarib, qaytariqlaridan qaytsa, Robbimiz bunday kishini o‘zi kutmagan tomondan rizqlantirib qo‘yishiga va'da bergan: “Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur” (Taloq surasi, 2–3-oyatlar).

Aziz mo‘min-musulmonlar, duolar qabul bo‘ladigan muqaddas oyda yaxshiliklarni, ayniqsa, qarindoshlar o‘rtasidagi silai-rahmni kuchaytiraylik. Xulqlarimizni yaxshilab, taqvomiz oshishiga sabab bo‘ladigan ishlarni ko‘paytiraylik. Farzandlarimiz uchun ham so‘zda, ham amalda ibrat bo‘laylik. Ularning solih va salohiyatli bo‘lishini Robbimizdan so‘raylik.

Ramazon oyida biz ro‘zadorlar qat'iy tartib-intizomga o‘rganamiz. Saharlik va iftorlikni o‘z vaqtida qilganimiz kabi Qur'oni karim tilovati, zikru tasbehlar va boshqa ijtimoiy xayrli ishlarni ham kanda qilmasak, ibodatlarimizga ziynat baxsh etamiz, inshaalloh.

 N. Temirova – Samarqand viloyati bosh otinoyisi


Kiritilgan vaqti: 27/03/2024 10:27;   Ko‘rilganligi: 56
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ramazon-qutlug-oy
Chop etilgan vaqti: 28/04/2024 22:12
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing