O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Raddiya Fotiha surasidan keyin “ omin ” ni maxfiy aytish

 
 

To‘rt mazhab ulamolarining nazdida namozda fotiha surasidan keyingi “omin” sunnat hisoblanadi.
Hanafiy va molikiy mazhabida namozxon “omin” ni ovoz chiqarmay, o‘zi eshitadigan darajada aytadi.
Buni hukmi barcha fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.
Hanafiy va molikiy mazhabida “omin” ni mahfiy aytish sunnatligi aytilgan bo‘lsa, shofeiy va hanbaliy mazhablarida jahriy (ovoz chiqarib) aytish sunnatligi ta'kidlangan.

“Omin” ni mahfiy aytish sunnatligiga sahobai kiromlarning so‘zlari va amallari ham dalil bo‘ladi.
Abu Voil roziyalloxu anhudan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar: “Ali va Ibn Mas'ud anxumolar“ (namoz ichidagi) Bismillaxar rohmanir rohiym” ni ham, “a'uuzu” ni ham, “omin” ni ham ovoz chiqarib aytmas edilar” ( Imom Tabaroniy rivoyati).
Rasulullox sollalloxu alayxi va sallam bilan doimo birga yurgan Hazrati Ali va Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhumo kabi nihoyatda ilmli sahobiylarning “omin” ni ichlarida aytishlari ham kuchli dalil hisoblanadi.
Boshqa bir rivoyatda Hazrati Umar roziyallohu anhuning ham “omin” ni ichlarida aytib namoz o‘qiganlari ta'kidlanadi. Hanafiy ulamolar huddi shu ma'noda, boshqa sahobai kiromlarning rivoyatlarini ham keltirganlar.
Ulamolarimiz “omin” ni mahfiy aytish mandub ekanlagiga oyati karimadan dalil keltaradilar. Unga ko‘ra “omin” lafzi duodir. Uning ma'nosi “ijobat qil”, ya'ni “duoni qabul qil” demakdir. Qanday duo qilish haqida Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan: “Robbingizga zorlanib va xufyona (ovozsiz) duo qilingiz! Zero U (duoda va boshqada) haddan oshuvchilarni yoqtirmagay ” (A'rof surasi 55-oyat)
Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollalloxu alayxi va sallam bu haqda shunday deydilar: “Duoning yahshisi mahfiysidir” (Ibn Hibbon “Sahih” da rivoyat qilgan).
Demak “omin” ni ichimizda aytsak, mazkur oyat va hadisga amal qilgan bo‘lamiz.
“Omin” lafzi Qur'ondan emasligi hammamizga ma'lum. “A'uuzu billaxi minashshaytonir rojiym” esa Qur'onda kelgan, Allox taolo bizga Qur'on o‘qiganimizda uni aytishni vojib qilgan. Shunday bo‘lsa-da “A'uuzu billaxi minashshaytonir rojiym” ni namozda ichimizda aytamiz. Nima uchun endi “omin” ovoz chiqarib aytishimiz kerak?!
Namoz juda ham ulug‘ ibodat hisoblanadi. Rasulullox sollalloxu alayxi va sallam namoz farz bo‘lgan kundan boshlab har kuni besh vaqt namozni jamoat bilan o‘qiganlar. Ul zot sollalloxu alayxi va sallamning har bir namozlari minglab kishilar tomonidan sinchkovlik bilan kuzatib borilgan. Agar “omin” ni ovoz chiqarib aytish afzal bo‘lganida, U zot bu narsani bayon qilgan bo‘lar va orada hech qanday shubha qolmas edi. Holbuki, U zot sollalloxu alayxi va sallamning o‘zlari imomlik qilayotganlarida, ba'zan ta'lim uchun birinchi safdagilar eshitadigan qilib, “omin” deganlaridan boshqa hech bir dalil yo‘q. Aynan imomga iqtido qilgan kishilarning “omin ”ovoz chiqarib aytganlari haqida hech qanday rivoyat yo‘q.

Abrorov Jahongirxon manbalar asosida tayyorladi


Kiritilgan vaqti: 24/12/2021 08:49;   Ko‘rilganligi: 830
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/raddiya-fotiha-surasidan-keyin-omin-ni-maxfiy-aytish
Chop etilgan vaqti: 27/04/2024 22:27
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing