O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Quvvatli inson jamiyat uchun manfaatlidir

 
 

Taraqqiyot hayotni o‘zgartiradi, dunyoqarashimiz, tutumlarimizga yangi havo olib kiradi. Yashash qonuniyati shunday. Maqsad esa bitta — yaxshi yashash va qulay muhitda uzoq umr ko‘rish. Buning uchun esa sog‘lom hayot tarziga amal qilish talab etiladi. Aslida bu juda oson: to‘g‘ri ovqatlanish, ko‘proq piyoda yurish, badantarbiya mashqlarini bajarish, illatlardan yiroq bo‘lish. Bunday kishilarning qalbi va ruhiyati ham poklana boradi. Sog‘lom turmush tarzi, jismoniy faollik diniy e'tiqodlarda ham qo‘llab-quvvatlanadi.

Kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan yaxshiroqdir

 

Muborak dinimiz dunyo va oxiratga tegishli barcha sohalarni qamrab olgan, yaxshi amallarni targ‘ib qilib, yomonlaridan ogohlantirgan. Jumladan, musulmon kishi ham ma'nan, ham jismonan sog‘lom va baquvvat bo‘lish masalasida Qur'oni karim hamda Payg‘ambarimiz sunnatida yetarlicha ko‘rsatmalar berilgan. Xususan, foydali va sog‘liq uchun zarur bo‘lgan jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishga chaqiriq bor.

Payg‘ambarimiz alayhissalom jismonan baquvvat bo‘lgani va sahobalarni ham jismoniy faol bo‘lishga targ‘ib qilgani sahih manbalarda aytilgan. Zero, jismoniy faol bo‘lish, inson tanasiga quvvat berib, sog‘liqni saqlash yo‘lida benazir usul hisoblanadi.

Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadi: “Baquvvat mo‘min zaif mo‘mindan ko‘ra, Alloh taologa mahbubroq va yaxshiroqdir. Lekin har ikkisidan ham yaxshilik bor”.

Inson ham ruhiy, ham jismoniy ozuqaga muhtoj. Ruhiyatning ozuqasi ilmu ma'rifat bo‘lsa, uning moddiy ozuqasi yeb-ichmoq va jismoniy harakatlardir. Harakat inson vujudiga quvvat berish bilan bir qatorda, tanada shakllanayotgan har qanday zararli illatlar, kasalliklarni bartaraf etadi. Islom dini insonlar baquvvat, jismonan faol bo‘lishiga hech qachon to‘sqinlik qilmaydi. Balki mo‘min kishini aqliy, axloqiy, jismoniy va ilmiy jihatdan quvvatli bo‘lishini iroda qiladi. Jismonan faol, baquvvat inson diniy ibodatlar va dunyoviy vazifalarni g‘ayrat-shijoat bilan qiyinchiliksiz bajaradi. Jismoniy faol, kuchli bo‘lish uchun sportning ma'lum turi bilan shug‘ullanish shariatimizda muboh amallardan sanaladi. Agar sog‘liqni saqlash, badantarbiya zarurati taqozo qilsa, mustahab va muhim amalga aylanadi.

Payg‘ambarimiz alayhissalom zamoniga nazar soladigan bo‘lsak, birinchi navbatda, Ul zotning o‘zlari, sahobalar, hatto sahobiya ayollar ham jismoniy mashg‘ulotlarning bir necha turidan foydalanganini ko‘rishimiz mumkin. Sahobalar ko‘pgina jismoniy mashqlarda o‘zaro musobaqalashar edi. Payg‘ambar alayhissalom ularning bu ishlarini ko‘rar, lekin inkor qilmasdilar.

Kamondan o‘q otish ham ularning davrida rivoj topgan va jismoniy faol bo‘lishni talab etuvchi mashg‘ulotlardan biri bo‘lgan. Zero, jismoniy harakatning mazkur turi insonning bilaklari baquvvat bo‘lishini talab etadi. Shuning uchun Payg‘ambar alayhissalom: “Bilib oling! Quvvat kamon otishdadir!”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Payg‘ambarimiz alayhissalom davrida ot minish ham jismoniy faollik sanalgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Kim o‘zarga mukofot berish yo‘q! Magar tuya choptirish, ot choptirish va o‘q otish bundan mustasno”, deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).

Suzish ham jismonan sog‘lom bo‘lish, chiroyli qomat shakllanishida asosiy mashg‘ulotlardan biri hisoblanadi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu aytadi: “Farzandlaringizga suzishni, o‘q otishni o‘rgatinglar! Otga bir sakrab chiqishga qodir bo‘lishlarini aytinglar!”. Hammamizga ma'lumki, otga bir sakrab chiqish uchun kishi yetarli darajada baquvvat bo‘lishi talab etiladi. Hazrati Umardek zot farzandlarni mana shu darajada quvvat kasb qilishni, jismonan baquvvat bo‘lishini talab qilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, ota-onalar farzandlariga befarq bo‘lmasligi, ularning sog‘lom va jismoniy faol bo‘lishi yo‘lida zarur shart-sharoitlarni yaratib berishni taqozo etadi.

Yana Payg‘ambar alayhissalom davrida eng ko‘zga ko‘ringan, kishining qay darajada baquvvat ekanini namoyon qiladigan, shu bilan birgalikda keng tarqalgan sport turlaridan biri, bu — pahlavonlik — kurash turi. Unda kurashuvchilardan biri ikkinchisini zarar va ozor bermagan, ustidan masxara qilmagan holda, yerga yotqizish talab qilingan.

Rukona ibn Abd Yazid nomli kishi Payg‘ambarimiz alayhissalom davrida eng nomi chiqqan, kuchli va yengilmas kurashchilardan edi. Payg‘ambarimiz alayhissalom uni bir emas, bir necha bor yiqitganlari siyrat va sunnat kitoblarida mashhurdir.

Mutaxassislarning ma'lumotiga ko‘ra, jismoniy mashg‘ulot turlarining ichida badantarbiya, piyoda yurish ham sog‘liqni tiklash uchun eng foydali mashg‘ulotlardan biri. Holbuki, Payg‘ambarimiz alayhissalom piyoda yurganlarida sahobalar Ul zoti sharifga yeta olmasligi bayon qilingan.

Payg‘ambarimiz piyoda tez yurar edilar, lekin shoshilib yurmasdilar. Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Safarda Payg‘ambar alayhissalom bilan musobaqalashdim va Ul zotdan o‘zib ketdim. Keyinchalik go‘shtim ortganda (ya'ni vaznim ortganda) ham musobaqalashdim. Lekin unda Payg‘ambar alayhissalom mendan o‘zib ketdilar. Shunda U zot: “Ey Oisha! Bu — o‘shangadir (ya'ni biru bir bo‘ldi)”, dedilar. Ya'ni o‘tgan safar sen g‘olib eding, bu safar men. Ikkimiz teng bo‘ldik, degan mazmunda so‘z aytdilar.

Bu hadisi sharifdan ham erkaklar, ham ayollar jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi joiz va yaxshi ekani ma'lum bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz alayhissalom qad-qomatlari kelishgan, o‘rta bo‘yli, yelkalari keng va baquvvat inson bo‘lganlar. Shayx Muhammad G‘azzoliy Payg‘ambarimiz alayhissalomning quvvatli bo‘lganlariga dalolat qiluvchi uch voqeani zikr qilgan.

Payg‘ambarmiz Makkadan Toifga piyoda borganlar. O‘sha paytlarda yo‘llar hozirgidek tekislangan emas edi. Qolaversa, Makka bilan Toif orasidagi masofa tog‘li, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarga to‘g‘ri keladi. Shunday bo‘lsa-da, Ul zot Toifga piyoda yo‘l bosib borganlar.

Kunlarning birida Payg‘ambarimiz alayhissalom ikki sohiblari — Ali va Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhuma bilan safarga chiqdilar. Ularda birgina ulov bor edi. Uni bir kishi minar, ikki kishi esa piyoda yo‘l bosar edi. Ali ibn Abu Tolib va Abdulloh ibn Ravoha ikkilari Payg‘ambarimiz alayhissalom piyoda yurib, o‘zlari ulovda yurishdan xijolat tortdilar. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom ularga keskin javob qaytardilar va siz ikkingiz mendek piyoda yurishga qodir emassizlar va men ham ajr-savobga sizlardek ehtiyojmandman, dedilar. Shu zaylda uzoq masofani piyoda bosib o‘tdilar.

Handaq g‘azotida sahobalar yer kovlash jarayonida katta bir toshga yo‘liqdilar. Uni parchalashga ojizlik qilganlaridan so‘ng Payg‘ambarimizga murojaat etishga majbur bo‘ldilar. Ul zot kelib, kirka (tosh maydalaydigan) bilan bir necha zarbada toshni parchalab yubordilar.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Odamlar Payg‘ambar alayhissalomga zaiflik, holdan toyganliklari borasida shikoyat qilib keldilar. Shunda Ul zot ildam-ildam qadam tashlab (lo‘killab) yurishga buyurdilar. Ular Rasulullohning aytganlarini qildilar va shu usul yengil ekan, dedilar”.

Ko‘rib turganimizdek, dinimiz insonlarni har tomonlama kuchli, baquvvat, jismonan va ruhan sog‘lom bo‘lishga targ‘ib etadi. Dangasalik, yalqovlik, ojizlik va zaiflikdan yiroq bo‘lishga chaqiradi. Payg‘ambarimiz alayhissalom mazkur illatlar forig‘ bo‘lish uchun Allohdan doimo panoh so‘raganlar. Allohdan har jihatdan ofiyatda bo‘lishni duo qilganlar. Zero, baquvvat va sog‘lom insonning ibodatlari ham go‘zal, benuqson bo‘ladi. Quvvatli inson avvalo, o‘zi uchun, qolaversa, atrofdagi, jamiyatdagi insonlar uchun manfaatlidir. Kuch-quvvatli inson ibodatda mustahkam bo‘lishda, ojiz insonlarga yordam qo‘lini cho‘zishda, jamiyat barqarorligini ta'minlashda, ayniqsa, rizq-ro‘zini topib, farzandlarini kamolga yetishi yo‘lida toliqmay mehnat qilishda boshqalarga o‘rnak bo‘la oladi.

Jismonan faol bo‘lgan kishi doimo ko‘rkam, salobatli, g‘ayrat-shijoatli ko‘rinadi. Sog‘lom tanada esa sog‘lom aql va teran ruhiyat shakllanadi. Jismonan barkamol inson har xil illat va kasalliklardan yiroq bo‘ladi. O‘z salomatligini nazorat qilish, sog‘lig‘ini saqlash yo‘lida qayg‘urish har bir mo‘min va mo‘minaning islomiy burchi hisoblanadi.

Dinimizda sog‘lom hayot tarzini yo‘lga qo‘yish uchun eng go‘zal ko‘rsatmalar berilgan. Kishi sog‘lom hayot tarzini yo‘lga qo‘yish uchun, avvalo, tozalikka rioya qilishi, badantarbiya bilan shug‘ullanishi, o‘z vaqtida dam olishi va to‘g‘ri ovqatlanishni yo‘lga qo‘yishi zarur.

 

Islom — harakat dini

 

Ming yillardan buyon insoniyat salomatlikni saqlash va uzoq umr ko‘rish sirlarini o‘rganib keladi. Ko‘pchilik olimlar tajribalarga asoslanib salomatlik garovi ruhiy xotirjamlik va jismoniy faollik ekanini e'tirof etadi. Aksincha, ruhiy iztiroblar, harakatsizlik va ortiqcha vazn esa turli kasalliklarni boshlab keladi. Ayniqsa, qulayliklar ko‘paygan, hamma narsa o‘tirgan joyda boshqariladigan bugungi zamonda jismoniy faollik masalasi yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.

Zubayr raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom halol rizq uchun harakat qilishga qiziqtirib shunday deganlar: “Bir kishi arqoni bilan yelkasiga o‘tin orqalab kelib, uni sotishi xohlasa beradigan, xohlamasa bermaydigan odamlar oldiga borib, tilanib yurganidan yaxshiroqdir”.

Payg‘ambarimiz alayhissalom umrlari davomida halol rizq talabida bo‘lganlar, yoshlik davrida qo‘y boqqan bo‘lsalar, yigitlik davrida Xadicha onamizning mollarini sotib, tijoratda sherik bo‘lganlar. Keyin esa Alloh taolo Ul zotga ko‘p g‘animatlar ato qildi. Xaybarda bir qancha yerlari bo‘lib, o‘shandan chiqqan mablag‘ bilan ahli ayollariga nafaqa berar edilar. Boshqa hadisi sharifda esa: “Kishi yeydigan eng yaxshi taom qo‘l mehnati evaziga kelganidir. Allohning payg‘ambari Dovud alayhissalom ham o‘z qo‘l mehnati evaziga taom yegan”, deyiladi.

Rivoyat qilinishicha, Dovud alayhissalom temirchi, Odam alayhissalom dehqon, Nuh alayhissalom duradgor, Idris alayhissalom chevar va Muso alayhissalom cho‘pon bo‘lganlar.

Payg‘ambarimiz alayhissalomning yana bir chiroyli odatlari shu ediki, shanba kunlari ulovda yoki piyoda holda Madina chekkasidagi Qubo masjidiga yaqinlarini ziyorat qilish uchun borar edilar. Demak, dinimizning buyrug‘i — silai rahm qilish, qarindoshlarni ziyorat qilish ham musulmonni harakatga keltiradi.

Islomning ulug‘ farzlaridan yana biri — Haj ibodati ham musulmon kishidan faol jismoniy harakatni talab etadi. Hoji muborak safari davomida bir necha o‘n kilometrlarni piyoda bosib o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Alloh taoloning hikmatini qarangki, bugungi texnika rivojlangan paytda ham piyoda yurmaslikning iloji yo‘q, chunki odamlar ko‘pligidan texnikada yurib bo‘lmaydi.

Dinimiz musulmonlarni Vatan himoyasida doim shay turishini talab qiladi. Bu ham har bir mo‘min-musul mondan jismonan sog‘lom, baquvvat va chiniqqan bo‘lishini taqozo qiladi.

Odamlar orasida Islom dini sportga qarshi degan noto‘g‘ri tushunchalar yuradi. Aslida dinimiz sportga qarshi emas, lekin uning qimorga, shafqatsizlik va qotillikka aylanishiga toqatsiz.

Payg‘ambarimiz alayhissalom sahobalarini turli jismoniy musobaqalar, otda chopish, suzish, o‘q otish, kurash va hokazolarga targ‘ib qilardilar. O‘sha musobaqalar zamonaviy sport turlarining qadimgi ko‘rinishlari edi.

Shunday qilib ixlos bilan qilingan har qanday ibodat sog‘lig‘imiz garovi bo‘ladi. Biz u hikmatlarni bilsak ham, bilmasak ham, ko‘plab foydalar qo‘lga kiritiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, dinimiz doimo insonlarning faol jismoniy harakatini, ham ruhan, ham jismonan sog‘lom bo‘lib, o‘zi va o‘zgalarga foydasi tegishini olqishlaydi. Sog‘lom bo‘lish esa ma'nan kamolotga erishishga yordam beradi.

Alloh taolo barchalarimizni jismonan quvvatli, ruhan tetik va hadisi sharifda aytilganidek, o‘ziga mahbub mo‘minlardan bo‘lishimizni nasib aylasin!

 

Usmonxon ALIMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi,

muftiy

"Yangi O‘zbekiston" gazetasi


Kiritilgan vaqti: 11/02/2021 12:56;   Ko‘rilganligi: 1180
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/quvvatli-inson-jamiyat-uchun-manfaatlidir
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 00:46
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing