O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Qur'oni karimning yetti qiroati haqida

 
 

Payg‘ambar (a.s.) davrlarida sahobai kiromlar uchun Qur'oni Karimni o‘zlashtirib olish qiyin emasdi. Ular hammalari yuqori darajadagi olim kishilar edilar. Keyin esa arabmas musulmonlar arablardan ko‘payib ketdi. Ushbu va yana boshqa bir necha omillar Qur'oni Karim qiroati bo‘yicha alohida ilm va imomlar paydo bo‘lishiga olib keldi.

Bir vaqtlar qiroatlar va qorilar ancha ko‘payib ketdi. Asta sekin ularni tartibga solish boshlandi. Nihoyat yetti qiroatga ittifoq qilindi. Bu qiroatlarning bir-biridan farqi ba'zi bir so‘zlarni talaffuzida va shunga o‘xshash kichik narsalarda edi, xolos. Ular xuddi bir qancha fiqhiy mazhablardan to‘rttasi tanlab olinganga o‘xshaydi.

Ittifoq qilingan yetti qiroat va ularning imomlari haqida qisqacha ma'lumot:

  1. Amr ibn A'lo qiroati.Imom Zayyon ibn A'lo Mozaniy Basriy 154 h. yilda vafot etgan.Uning ikki roviysi bo‘lgan: Davriy va Susiy. Qiroat imomining roviysi uning qiroatini ilmiy ravishda qabul qilib olib boshqalarga yetkazishda xizmat qilgan bo‘ladi.

Abu Amr Hafs ibn Umar ibn Abdulaziz Davriy 246 h. yilda vafot etgan. Abu Shu'ayb Solih ibn Ziyod ibn Abdulloh Susiy 261 h.yilda vafot qilgan.

  1. Ibn Kasir qiroati.Imom Abdulloh ibn Kasir Makkiy 120 h. yilda vafot qilgan.

Uning ikki roviysi - Bazziy va Qunbullar bo‘lib, Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Abu Bazza Makkiy 250 h. yilda vafot etgan.

Muhammad ibn Abdurrahmon ibn Muhammad ibn Xolid ibn Sa'id Makkiy 291 h. yilda Vafot etgan.

  1. Nofe' qiroati.Imom Abu Ruvaym Nofe' ibn Abdurrahmon ibn Abu Nu'aym Laysiy 169 h. yilda vafot etgan. U kishining ikki roviysi bo‘lgan: Qolun va Varsh. Qolun - Iso ibn Minyaya Madaniy 220 h. yilda vafot etgan. Varsh - Usmon ibn Sa'id Misriy 197 h. yilda vafot etgan.
  2. Ibn Omir qiroati.Imom Abdulloh ibn Omir Yahsibiy 118 h. yilda vafot etgan.U kishining ikki roviysi bor: Hishom va Ibn Zakvon. Hishom ibn Ammor ibn Nusayr Qoziy 245 h. yilda vafot etgan. Abdulloh ibn Ahmad ibn Bashir ibn Zakvon Qarashiy 242 h. yilda vafot etgan.
  3. Osim qiroati.Imom Osim ibn Abu Najjud Kufiy. Imom Osimning kunyalari Abu Bakr. U kishi mashhur qori bo‘lganlar. Balog‘at, fasohat va shirin ovoz ila qiroat qilish bilan mashhur bo‘lganlar. Imom Osim tobe'inlardan bo‘lib, Qur'oni Karim qiroatini Zirr ibn Hubaysh va Abudlloh ibn Mas'ud (r.a.)dan olganlar. U kishi yana imom Hasan va Husayn (r.a.)larning ustozlari Abdulloh ibn Habib Silmiydan ham Qur'oni Karim qiroatini olganlar. Bu kishi esa qiroatni hazrati Ali (r.a.)dan olganlar. U kishi Rasululloh (s.a.v.)dan olganlar. Imom Osim Kufada 128 h. yilda vafot etganlar. U kishining ikki roviylari: Hafs va Sho‘balar bor.

Hafs ibn Sulaymon ibn Mug‘iyra Bazzoz Kufiy. Kunyasi Abu Amr. Bu kishi imom Osimning o‘gay o‘g‘li bo‘lgan. U kishining tarbiyasida o‘sgan. Yosh bolaligidan imom Osimdan Qur'oni Karim qiroatini o‘rgangan. Shuning uchun qiroatni juda ham chuqur o‘rgangan. Hafs ibn Sulaymon (rah.a.) 150 h. yilda vafot etgan.

Imom Osimdan Hafs rivoyat qilgan qiroat hozirgi kunda butun dunyoda tarqagan. Diyorimizda ham qadimdan shu qiroat joriy bo‘lgan. Bizning qiroat imomimiz imom Osim, roviymiz Hafsdir.

Abu Bakr Sho‘ba ibn Abbos ibn Solim Kufiy 193 h. yilda vafot etgan.

  1. Hamza qiroati.Imom Hamza ibn Habib ibn Ammora Zayyat Taymiy 156 h. yilda vafot etgan. U kishining ikki roviysi bo‘lgan: Xalaf va Xallod. Xalaf ibn Hishom Bazzoz 229 h. yilda vafot etgan. Xallod ibn Xolid Sayrafiy Kufiy 220 h. yilda vafot etgan.
  2. Kisoiy qiroati.Imom Ali ibn Hamza Kisoiy 189 h. yilda vafot etgan. Uning ikki roviysi bo‘lgan: Abu Horis va Hafs Davriy. Lays ibn Xolid Bag‘dodiy 240 h. yilda vafot etgan. Abu Amr Hafs ibn Umar ibn Abdulaziz Davriy 246 h. yilda vafot etgan.

Hozirga kelib mazkur qiroatlar ichida qo‘pchilik tomonidan qabul qilinib, amalda qolgani ikkitadir.

Birinchisi Imom Osimdan Hafs rivoyat qilgan qiroat bo‘lib, u Islom olamining mashriq va markaziy tarafiga keng tarqalgan.

Ikkinchisi Imom Nofe'dan Varsh rivoyat qilgan qiroat bo‘lib, u Liviyadan boshlab Islom olamining mag‘ribiga tarqalgan.

Bu qiroatlar, ularning xususiyatlari, oralaridagi farqlari va yana shunga o‘xshash narsalar haqida alohida-alohida kitoblar ham yozilgan.

Hamidulloh TOJIYEV manbalar asosida

 


Kiritilgan vaqti: 01/06/2022 07:22;   Ko‘rilganligi: 2048
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/quroni-karimning-etti-qiroati-haqida
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:49
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing