O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Qur'oni Karimdagi rahmatdan bahramand bo‘lish uchun kishida iymon bo‘lishi kerak

 
 

«Mo‘jiza» so‘zi lug‘atda «ojiz qoldiruvchi» degan ma'noni anglatadi. Ya'ni, mo‘jiza narsani boshqalar qilishdan ojiz qoladilar. Istilohda esa Allohning izni ila payg‘ambarlarga ularning payg‘ambarligini tasdiqlash uchun berilgan odatdan tashqari, boshqalarning qo‘lidan kelmaydigan ish mo‘jizadir.

Kofirlar, odatda payg‘ambarlarni inkor qilish bilan birga, o‘z noma'qulchiliklarini xaspo‘shlash maqsadida doimo turli bahona, takliflar qilib, mo‘jiza ko‘rsatishni talab etib turishadi. Avvalgi o‘tgan barcha payg‘ambarlarga kofirlar xuddi shunday takliflar qilganlar. Alloh O‘z payg‘ambarlarining haqligini tasdiqlash, kofirlarni ojiz qoldirish, mo‘minlarning iymonini mustahkamlash uchun payg‘ambarlarga o‘z zamonasi va qavmiga mos mo‘jizalarni bergan.

Misol uchun, sehrgarlik avj olgan bir zamonda yuborilgan Muso alayhissalomga Alloh taolo ularning sehridan bir necha marta ustun turuvchi mo‘jizalarni bergan.

Moddaparastlik avj olib, har bir narsa moddiy asosga ega, degan e'tiqodda bo‘lgan qavmga yuborilgan Iyso alayhissalomga Alloh taolo turli tuzalmaydigan bemorliklarni tuzatish, o‘likni tiriltirish kabi mo‘jizalarni bergan.

O‘tgan payg‘ambarlar o‘zlariga berilgan mazkur moddiy mo‘jizalarni o‘z o‘rnida ishlatganlar. Lekin ularning vafotlari bilan barcha mo‘jizalar ham amaldan qolgan. Chunki ularning payg‘ambarliklari ma'lum bir qavmga, ma'lum bir makonga va ma'lum bir zamonga bog‘liq bo‘lgan.

Muhammad alayhissalomga esa abadiy va ulkan mo‘jiza qilib Qur'oni Karim berilgan. Chunki u zotning payg‘ambarliklari qiyomat qoim bo‘lguncha barcha xalqlar, makonlar va zamonlar uchun bardavomdir. Shuning uchun u zotga moddiy emas, ma'naviy va boqiy mo‘jiza – Qur'oni Karim asosiy mo‘jiza qilib berilgandir.

Ul zoti bobarakot o‘tganlaridan so‘ng ham mo‘jizalari bo‘lmish Qur'on to qiyomatgacha barhayotdir. Shuning uchun ham qachon mushrik va kofirlar u kishidan payg‘ambarliklarini tasdiqlovchi mo‘jiza talab qilishsa, Qur'oni Karimni ro‘kach qilganlar.

Boshqa payg‘ambarlarga ulkan mo‘jiza bo‘lib xizmat qilgan narsalar Muhammad alayhissalom uchun oddiy bir ish edi. Deyarli hamma payg‘ambarlarga berilgan mo‘jizalarga o‘xshash ishlar Muhammad alayhissalomning hayotlarida ham bo‘lib o‘tgan. Bu haqdagi xabarlar hadis kitoblarida bor. Lekin bu narsalar takrorlanaverib, oddiy bir holatga aylanib qolganidan, katta shov-shuv qilinmasdi.

O‘zini bilgan odamlar uchun hatto Isro va Me'roj kabi katta hodisalar ham oddiy bir ish bo‘lgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom Isro va Me'roj qilganliklari haqida odamlarga xabar berganlarida, har kim o‘zini turlicha tutdi va har xil gap aytdi.

Bir guruh odamlar hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuning oldilariga yugurib borishdi. U kishi xabarni eshitgandan so‘ng: «Ul zot shu gaplarni aytdilarmi?» deb so‘radi.

«Ha», dedilar. U kishi:

«Agar u zot aytgan bo‘lsalar, to‘g‘ri aytibdilar, men bunga shohidlik beraman», dedi. Ular:

«Shomga bir kechada borib, yana Makkaga tong otmay turib qaytib kelishiga ishonasanmi?!» deyishdi. Abu Bakr:

«Men u kishining bundan g‘aribroq narsasini ham tasdiqlayman. Osmondan xabar aytishlarini ham tasdiqlayman», dedi.

Ha, osmonning xabari bo‘lmish vahiyni qabul qilib olish, Allohning kalomi Qur'onni qabul qilib olib, kishilarga yetkazish va uni tatbiq qilish Muhammad alayhissalomning bosh mo‘jizalari edi.

Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalomning boshqa mo‘jizalari u zotning payg‘ambarliklarining tasdig‘i sifatida hujjat qilinmas edi. Odamlar mo‘jiza ko‘rsatishni talab qilgan paytda ham ularga Qur'oni Karim mo‘jiza sifatida ro‘kach qilinar edi.

Kofirlar xayoliga nima kelsa, gapiraveradi.

Ey Payg‘ambar!

«Mo‘jizalar yolg‘iz Allohning huzuridadir. Men esa faqat ochiq-oydin ogohlantiruvchiman, xolos», degin.

Ha, mo‘jizalar faqat Alloh taoloning huzuridan keladi. Ularning tasarrufini yolg‘iz Alloh taoloning O‘zi qiladi. Qachon kerak bo‘lsa, o‘shanda tushiradi. Kimga kerak bo‘lsa, o‘shanga tushiradi. Qancha kerak bo‘lsa, shuncha tushiradi. Payg‘ambar esa ochiq-oydin ogohlantiruvchi, xolos. Unga Robbi kishilarni ogohlantirishni topshirgan, u shu topshiriqni bajaradi, xolos. Aslida ularga mo‘jizalar nozil qilinishining hojati ham yo‘q.

Nima uchun ular mo‘jiza tushishini talab qilishadi? Holbuki, qarshilarida mo‘jizalarning mo‘jizasi, abadiy boqiy mo‘jiza – Qur'on turibdi-ku! Bundan ortiq yana qanday mo‘jiza kerak?!

Ha, Qur'oni Karimdagi rahmatdan bahramand bo‘lish uchun kishida iymon bo‘lishi kerak.

«Sunniy aqiydalar» kitobi asosida H.Temirov tayyorlandi


Kiritilgan vaqti: 20/05/2022 17:48;   Ko‘rilganligi: 954
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/quroni-karimdagi-rahmatdan-bahramand-bolish-uchun-kishida-iymon-bolishi-kerak
Chop etilgan vaqti: 06/12/2025 10:35
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing