O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

QUR'ONDA JAHOLATGA MUNOSABAT

 
 

Qur'oni karim insoniyatni ikki dunyo saodatiga yetkazish uchun nozil qilingan ilohiy kitobdir. Unda haqiqiy baxtga yetish yo‘llari, barqarorlik shartlari yoritilgan. Qur'onning eng oliy maqsadlaridan biri jaholatni yo‘qotish va insoniyatni ma'rifatga da'vat etishdan iborat.

Qur'on kishilarni ilm olishga chorlaydi:

Qur'onda eng birinchi nozil qilingan oyat “O‘qi[1] so‘zi bilan boshlangan. Insonni haqiqiy baxtga yetkazishni maqsad qiluvchi ilohiy dasturning birinchi murojaati ushbu ibora bilan boshlanishi barcha yaxshiliklar, muvaffaqiyatlar, taraqqiyot, muammolarning yechimi o‘qish, o‘rganish, ilm olish, bilimsizlikni ketkazish, jaholatni yo‘qotish bilan bo‘lishini anglatadi. “Ilm” so‘zi turli ma'nolarda Qur'onda 811 o‘rinda takrorlanishi uning o‘rni qanchalik yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Kalomi sharifning juda ko‘plab joylarida johillik va jaholat qoralangan va buning aksi ma'rifatga targ‘ib etilgan.

“An'om” surasida jumladan shunday deyiladi:

Alloh xohlaganida, ularni hidoyatga jamlar edi. Bas, hargiz johillardan bo‘lma[2]”.

Ushbu oyatning sharhlarida bundan inson turli xil qilib yaratilgani, unga aql berilgani, Payg‘ambarlar vositasi bilan to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatilgani va ixtiyorini ham insonning qo‘liga berib qo‘yilgani yoritilgan. Kimki o‘sha ixtiyor haqqidan to‘g‘ri foydalansa hidoyat topishi va oqibatlari xayrli bo‘lishi, aks holda, oqibat ham aksincha bo‘lishi tushuntirilgan.      Shuning uchun ham oyatning oxirida nodonlarning ishi – johil bo‘lib qolishdan qaytarilmoqda.

Boshqa bir oyatda “Kechirimli bo‘l, yaxshilikka buyur va johillardan yuz o‘gir[3]”, deyilgan.

Mazkur oyatda e'tibor qaratish va saqlanish lozim bo‘lgan ishlar yoritilmoqda. Dastavval o‘zaro muomala-munosabatda kechirimli bo‘lish, oson yo‘lni tutish, odamlarga nisbatan keng bag‘irlik bo‘lishga chorlanmoqda. Bu xislat atrofdagilar bilan yaxshi munosabat o‘rnatish ishlarini oson kechishini ta'minlaydi va o‘z o‘zidan oyatda aytilganidek yaxshilikka buyurish ishlarini osonlashtiradi.

Oyatdan yana shuni tushunish mumkinki, yaxshiliklar sari intilishni qasd qilgan kishi johillikdan yuz o‘girishi lozim. Johillik – nodonlik, ilmsizlikdir. Qur'on kishilarni johil va nodonlardan, ilmsizlardan yuz o‘girishga, har qachon donolik va donolarga, olimu ulamolarga yuz tutishga chorlaydi.

Qur'onda johalatning kelib chiqishiga asosiy boislardan biri sifatida ongsizlik ko‘rsatilgan. Bu haqda shunday ta'kidlanadi:

“Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan “anglamaydilar”. Ularda ko‘zlar bor, (lekin) ular bilan “ko‘rmaydilar. Ulardaquloqlar bor, (lekin) ular bilaneshitmaydilar. Anao‘shalarchorva hayvonlarkabidirlar. Balki ular (yanada) adashganroqdirlar. Aynano‘shalarg‘ofillardir[4]”.

Oyatda ongsizlik, shuursizlik, qalb bilan his etmaslik, ko‘rgan narsalarini tafakkur qilmaslik,  eshitgan narsalarning mag‘zini chaqmaslik kishini chorva hayvonlari darajasiga tushurib qo‘yishi tushuntirilyapti. Tafakkur yuritmaydigan, ilmga qiziqmaydiganlarning eng adashgan toifa ekani, bundaylar g‘aflatda qolib, taraqqiyotdan chetga surilib ketishlari ta'kidlanyapti.

Har bir shaxsda his qilish uchun qalb berilgan, anglash uchun esa aql berilgan. Bu ikkisini jamlash orqali hayotning mohiyati tushuniladi. Hisning mukammal bo‘lishi va teran anglashga ko‘makchi bo‘lishi uchun ko‘zlar va quloqlar ato qilingan.Qalblar bo‘la turib haqiqatni his qila olmaslik, ko‘zlar bo‘la turib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘ra olmaslik, quloqlar bo‘la turib, saodatga eltuvchi narsalarni eshita olmaslik bu ayni jaholatdir.

Jaholatning muolajasi:

Imom Buxoriyning shoh asari “Sahihul Buxoriy”da “Alloh qaysi dardni tushurgan bo‘lsa, uning davosini ham tushurgan”, hadisi keltirilgan. Johillik bu ma'naviy darddir. Ma'naviyatning moddiyatdan ustunligini inobatga olinsa, moddiy dardlardan ko‘ra ma'naviy dardlarni davolashga ko‘proq e'tibor qaratish lozimligi kelib chiqadi.

Qur'on aynan ushbu ma'naviy kasalliklarni muolaja qilishni maqsad qilgan. “Fussilat” surasining 44 oyatida “U iymon keltirganlar uchun hidoyat va shifodir”, deb ta'kidlanganiga binoan jaholatning ayrim davolarini oyatlar ichidan axtaramiz.

  1. Ta'lim olish. Bunga eng yorqin dalolat Qur'onning ilk nozil bo‘lgan oyati “O‘qi” so‘zi bilan boshlanishidir. Ilohiy dastur aynan ilmsizlikka qarshi kurashish, jamiyatning ilmsiz qatlamini ma'rifatga o‘rgatishni maqsad qilgan. “Juma” surasida“U zot savodsizlar ichidan, garchi ular bundan avval ochiq zalolatda bo‘lsalar ham, ularga oyatlarini o‘qib beradigan va ularni poklaydigan hamda kitobni va hikmatni o‘rgatadigan Payg‘ambarni yubordi[5]”, deyilgan.Oyatda adashib, zalolatda yurgan, to‘g‘ri nimayu noto‘g‘ri nimaligini ajratish qobiliyatidan mahrum bo‘lganlar “savodsiz” deyilmoqda. Savodsizlik esa jaholatdir. Uning muolajasi esa kishilarga ilohiy dasturni o‘qib beradigan, kishilarni ma'nan poklaydigan va Xudoning kalomini va o‘zining sunnatlarini o‘rgatadigan Payg‘ambar (Muhammad sollallohu alayhi vasallam) yuborilgani bilan ifodalanmoqda. Omma payg‘ambarlar vositasida ilm o‘rgangan va jaholat kishanlaridan xalos bo‘lgan.

Bilmadikmi bilishga intilishimiz, o‘rganish choralarini axtarishimiz lozim. Bu borada: Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahllaridan so‘ranglar[6], deyilgan bo‘lib, kishi biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning bilimdoni – “zikr ahli”dan o‘rganishi lozimgi tushuntirilgan.

  1. Bilmagan narsaga ergashmaslik. Qur'onda“O‘zing bilmagan narsaga ergashma![7] deyish bilan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning kelib chiqish sabablari ochiqlanyapti. Yoshlarning ekstremistik kuchlar ta'siriga tushib qolayotgani yoki “ommaviy madaniyat” singari axloqiy tanazzulga ruju qo‘yayotganiga ularning bilmagan narsalariga ergashib ketishi sabab bo‘lmoqda.

Bizni qiziqtirgan, o‘rganishni xohlagan ilm va ma'lumotlarni, u xoh diniy bo‘lsin yoki dunyoviy bo‘lsin, duch kelgan odamdan yoxud manbasi noma'lum ijtimoiy tarmoqlardan emas, balki ishonchli manbalardan olmog‘imiz zarur.

Eshitgan gapiga ishonib ketavergan kishi, do‘stu dushmanning farqiga bormaydigan nodonga aylanib qoladi. Buni Xoja Samandar Termiziy  chiroyli tarzda quyidagicha ifodalagan:

Dushman so‘zlariga ishongan kishi,

Pushaymon tortishdir oqibat ishi!

  1. Borliq haqida tafakkur yuritish. Tafakkur deganda ko‘rinmaydigan narsa haqida aql bilan fikr yuritish tushuniladi. Masalan, devorning orqasida nima bo‘lishi mumkinligi haqida fikrlasak bu borada tafakkur yuritgan bo‘lamiz.

Qur'onda “tafakkur” so‘zi va uning shakldoshlari 18 marta zikr etilgan. Buning bilan Yaratguvchi bandalarini borliqdagi narsalarga e'tibor ko‘zi bilan qarash va tafakkur yuritishga chorlab, shunday deydi: U yerni cho‘zib, unda baland tog‘lar va anhorlar qilgan, har xil mevalardan juft-juft qilgan zotdir. U kechani kunduzga o‘ratadir. Bunda, albatta, tafakkur qiluvchi qavmlar uchun oyat-belgilar bordir[8].

Oyatda yerning cho‘ziq, keng qilib qo‘yilgani, undagi barpo qilingan baland tog‘lar, oqizib qo‘yilgan anhorlar, mevalarning juft – erkak va urg‘ochilik xususiyati bilan yaratilgani esa ularning changlanib, mevaga aylanishiga bois bo‘lishi, navbat bilan kecha kunduzni, kunduz kechani o‘rab turishi haqida tafakkur yuritsak shunday ulkan ishlarni amalga oshirib turuvchi buyuk Yaratuvchi bor ekaniga amin bo‘lamiz. Bu esa buyuk ishlarga qodir bo‘lgan Zot aynan insonni aql bilan siylab, uni yaratgan narsalarining gultojisi qilgani haqida ko‘plab fikr yuritishga, siylovga javoban barcha ne'matlar shukronasini qilish, yer yuzida buzg‘unchilik, fisqu fasod ishlarini qilmay, uning obodligi yo‘lida ter to‘kishga chaqirib qoladi.

Ilm olish, bilmagan narsasiga ergashmaslik va borliq haqida tafakkur yuritish natijasida kishida ma'rifat hosil bo‘ladi. Ma'rifatli kishi buhronlarga bardosh beradigan, havoyi nafsga ergashmaydigan komillik sifatlarini o‘zida mujassam etgan shaxs sifatida shakllanadi.

 

Usmonxon Muhammadiyev,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i

[1]“Alaq” surasi, 1-oyat.

[2]35-oyat.

[3]“A'rof” surasi, 199-oyat

[4]“A'rof” surasi, 179-oyat

[5]“Juma” surasi, 2-oyat.

[6]“Nahl” surasi, 43-oyat.

[7]“Isro” surasi, 36-oyat.

[8]“Ra'd” surasi, 3-oyat.

ss


Kiritilgan vaqti: 09/10/2020 16:49;   Ko‘rilganligi: 2094
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/quronda-jaholatga-munosabat
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:37
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing