O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Qurbonlik go‘shtini ulashish – eng maqbul amal

 
 

Xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lgan Qurbon hayiti yaqinlashmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning shu yil 13 iyuldagi qaroriga ko‘ra, Qurbon hayitining birinchi kuni 20 iyul – Qurbon hayiti bayrami kuni deb belgilandi.

Ushbu sana musulmonlar uchun o‘zgacha bir bayram hisoblanadi. Chunki, bu kunlar takbiri tashriqlar aytish, qurbonliklar keltirish, iyd namozlarini ado etish va haj mavsumi bilan ajralib turadi. Afsuslar bo‘lsinki, ikki yildan buyon pandemiya tufayli haj ibodatini ado etish imkoniyati bo‘lmayapti. Har bir ish Yaratgannning irodasi bilan bo‘ladi. Sabr qilib, Alloh taolodan bu kasallik bartaraf bo‘lishini so‘rasak inshoalloh kelgusi yillarda albatta muborak safarlarni ado etish uchun yo‘llar ochiladi.

Qurbon bayrami kuni birinchi qilinadigan ish – iyd namozini o‘qish hisoblanadi. Namozdan qaytgandan so‘ng esa qurbonlik qilishga kirishiladi. Bu musulmonlarning sunnatidir.

Qurbonlikni hayit kunlari (uch kun davomida) qilsa bo‘ladi. Ammo, eng afzali birinchi hayit kuni namozdan keyin qilinmog‘idir. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir nechta hadislarida bayon qilganlar.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan namozgohda qurbon namoziga hozir bo‘ldim. U zot xutbalarini tugatib, minbarlaridan tushganlarida bir qo‘chqor ketirildi. Bas, u zot uni o‘z qo‘lari bilan so‘ydilar va: «Bismillahi va Allohu Akbar! Bu mendan va mening qurbonlik qilmagan ummatimdan, dedilar» (Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan).

Qurbonlik qilinadigan hayvonlar mol, qo‘tos, tuya, qo‘y va echkilardan iboratdir. Bu hayvonlarning erkagi ham, urg‘ochisi ham, bichilgani ham, bichilmagani ham qurbonlik qilinsa, bo‘ladi. Boshqa hayvonlarni qurbonlik qilib bo‘lmaydi.

Jumladan, Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Musinnadan boshqani so‘ymanglar. Faqat sizga qiyin bo‘lib qolgandagina qo‘yning jaza'asini so‘ysangiz bo‘lur», deganlari rivoyat qilingan (Muslim, Abu Dovud va Nasaiylar rivoyati).

Hadisi sharifdagi «musinna» tuyadan bo‘lsa, besh yoshli, qoramoldan bo‘lsa, ikki yoshli, qo‘y-echkidan bo‘lsa, bir yoshli bo‘lganidir. «Jaza'a» Abu Hanifa rahmatullohi alayhining aytishlaricha, qo‘y-echkining olti oyligidir.

Demak, imkoni bor odam kamida bir yoshli qo‘y yoki echki qurbonlik qilishi kerak. Agar kambag‘alligi tufayli, qo‘li qisqalik qilib, bir yoshli qo‘y yo echkining ilojini topa olmasa, olti oylik bo‘lsa ham, kifoya qiladi. Tuya va qoramol qurbonlik qilinadigan bo‘lsa, ulardan har biriga yetti kishi sherik bo‘lishi mumkin. Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «To‘rt narsa qurbonlikka joiz emas – g‘ilayligi ochiq-oydin hayvon, bemorligi ochiq-oydin hayvon, cho‘loqligi ochiq-oydin hayvon va miyasi chatoq hayvon, dedilar».

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam qulog‘i kesik va shoxi siniqlarni qurbonlik qilishdan qaytardilar».

Hanafiy mazhabi ulamolari qurbonlik qilish hur, balog‘atga yoshiga yetgan, oqil, muqim (ya'ni musofir kishiga qurbonlik qilish vojib emas) va zakot nisobiga molik bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi, deganlar.

Xalqimizga xos mehr-oqibat, bag‘rikenglik va insonparvarlik fazilatlari mana shunday muborak kunlarda yana ham yaqqol namoyon bo‘lishi inobatga olinib, qurbonlik go‘shti avvalo, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, beva-bechoralar va ehtiyojmand oilalarga tarqatilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu amalimiz, ayniqsa, bugungi pandemiya sharoitida xonadonga odamlarni to‘plab, dasturxon yozgandan ko‘ra, eng maqbul hisoblanadi.

Alloh taolo barcha mo‘min musulmonlarning qurbonliklarini qabul aylasin! Qurbon hayiti xalqimizga muborak bo‘lsin!

 

 

Zayniddin ESHONQULOV,

Samarqand viloyati bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 16/07/2021 21:24;   Ko‘rilganligi: 72
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/qurbonlik-goshtini-ulashish-eng-maqbul-amal
Chop etilgan vaqti: 23/09/2021 19:58
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing