O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin, azizlar!

 
 

- Davlatimiz rahbarining qaroriga ko‘ra, 09 iyul kuni yurtimizda Qurbon hayiti bayram sifatida keng nishonlanadi.

Ushbu kunlarda amalga oshiriladigan tadbirlar  O‘zbekiston musulmonlari idorasi ko‘rsatmasiga rioya etgan holda ado etilib, buning uchun kerakli shart-sharoitlar yaratildi.

Jumladan, viloyatimizdagi 278 ta masjidda hayit namozi o‘qiladi. Ushbu 278 ta masjidlarda namozxonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Yaratganga beadad shukrlarki, ezgu amallar, fazilatli ishlar bilan Qurbon hayitini nishonlayapmiz. Bayram oldidan, umuman, bayram kunlarida imom-xatiblar, saxovatpesha kishilar tomonidan mahallalardagi ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bemorlar holidan xabar olinib, ularga muruvvat yordamlari ko‘rsatiladi. Bu xayrli yumushlar hayit kunlari ham davom etadi.

Imomi A'zam mazhabiga ko‘ra qurbonlik kuni hur, muqim, boy musulmon odamga qurbonlik qilish vojibdir. Qurbonlik qilish zakot va fitr sadaqasi kabi moliyaviy ibodat bo‘lib, u Qur'oni karim, hadisi sharif va ijmo' bilan sobit bo‘lgan.

Qurbonlikning vojibligiga dalillar: “Bas, Rabbinga namoz o‘qi va jonliq so‘yib qurbonlik qil!”. (Kavsar surasi, 2).

Allohning O‘zi uchun ibodat qilib, namoz o‘qish, faqat Uning yo‘lida jonliq so‘yib, beva-bechoralarni to‘yg‘azish shukrning bir ko‘rinishidir.

Ulamolarimiz ushbu oyati karimadagi «namoz»dan murod, iydi qurbon namozi, «jonliq»dan murod qurbonlikka so‘yiladigan hayvon, deganlar.

Qurbonlik qiluvchi  hayit namozi o‘qib bo‘lingandan keyin, qurbonlikni o‘z qo‘li bilan so‘ysa afzal, qurbonlikni so‘yishda «Bismillahi va Allohu Akbar!» demoq kerak,qurbonlikni so‘yish paytidan kimdanligini aytish mumkindir.

Qurbonlik kuni Alloh taoloning amri bilan islomiy bayram hisoblanadi.

Ushbu kunda imkoni bor kishilar qurbonlik qilib, imkoni yo‘q kishilar bilan birgalikda xursandchilik o‘tkazadilar.

Qurbon hayitining birinchi kuni hayit namozidan keyin hayitning uchinchi kuni shom namozi kirgungacha qurbonlik qilish mumkin.

Qurbonlik go‘shtini bir qismini oilasiga, yana bir qismini kambag‘al qo‘shnilarga, yana bir qismini qarindoshlarga ham tarqatiladi. Agar oila ta'minotiga kerak bo‘lsa, qo‘shnilarga tarqatmasdan, go‘shtni bir oy ichida ishlatishi mumkin. Qurbonlik qilingan jonliqning terisi va kalla pochasi sotilmaydi, sadaqa qilinib yuboriladi.

 

Xayrulloh Sattarov - O‘MI Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 08/07/2022 14:17;   Ko‘rilganligi: 814
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/qurbon-hayiti-barchamizga-muborak-bolsin-azizlar
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing