O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Qiyinchiliklar ortidan yengillik keladi

 
 

Mustaqillik Alloh taoloning bizga ato etgan eng ulug‘ ne'matlaridan biri. Mana shu ne'mat orqali bizga diniy va milliy qadriyatlar, urf-odat, an'ana, ma'rifat, erki o‘z qo‘lida bo‘lish kabi imkoniyatlar berilgan. Bu ne'matlarni hech qachon unutmaslik, qadriga yetish, uni avaylab-asrash, shukr qilish uning bardavom bo‘lishi omilidir. Zero, Alloh taolo “Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman” (Ibrohim surasi, 7-oyat), deya marhamat qilib, ne'matlarga shukr qilishga undamoqda.

1991 yildan buyon 1 sentyabr Mustaqillik bayrami sifatida mamlakatimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev xalqimizga bayram tabrigi yo‘lladi. Unda bu yil oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz va uning natijalari, shu bilan birga yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar qayd etildi.
Jahon miqyosida bugun yurtimiz haqida so‘z ketganda “Yangi O‘zbekiston” iborasi tilga olinayotgani keyingi yillarda O‘zbekistonning taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichga qadam qo‘ygani, erishilayotgan yutuqlarimizning e'tirofi ekanligi ta'kidlandi.
“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari”, degan da'vatkor g‘oya hayotimizga tobora chuqur kirib borayotgani, aynan shu asosda xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash, inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni ta'minlash, innovatsion taraqqiyot borasida muhim qadamlar qo‘yilayotgani aytib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotgani, bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emasligi, bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emasligini qayd etib, xalqimizni bugungi murakkab davrda kelajakka ishonch bilan o‘z oldiga qo‘ygan maqsad sari dadillik ila qadam tashlashga undadi.
O‘zbekiston yangi bir uyg‘onish davrini boshlamoqda. Mamlakatni yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarish uchun, avvalo, yangi avlod kadrlarni tayyorlash zaruratidan kelib chiqib, yurtimizning har bir hududida Prezident maktablari, ixtisoslashgan va ijod maktablari barpo etilmoqda. “Zamonaviy maktab” dasturini hayotga tatbiq qilinmoqda.
Har qanday mustaqil davlat mustahkam ma'naviy poydevorga ega bo‘lgandagina yuksak taraqqiyotga erisha oladi. Shundan kelib chiqib, bu yil “Uzluksiz ma'naviy tarbiya konsepsiyasi” doirasida umumta'lim maktablarida birinchi marta “Tarbiya” fani joriy etilmoqda.
Darhaqiqat, har bir kishi jamiyatga munosib bo‘lib kamol topmog‘i kerak. Buning uchun mutafakkir olim Yusuf Xos Xojib aytganidek, farzandlar tarbiyasi nihoyatda erta boshlanmog‘i shart. Shundagina ularning noo‘rin xatti-harakatlarga berilishining oldi olinadi.
Barchamizga ma'lumki, O‘zbekiston zamini islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Xalqimizning boy tarixi, imliy, ma'naviy merosini har tomonlama o‘rganish, jahon afkor ommasiga keng tanishtirish, eng muhimi, islom dining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida keyingi davrda mamlakatimiz Prezidenti bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Ushbu tashabbuslarning zamirida “Jaholatga qarshi - ma'rifat” shiori mujassam. Shu negizda mamlakatimizda muqaddas dinmizni, buyuk ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish, tarixiy obidalarni asrab-avaylashga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Bayram nutqida Prezident O‘zbekistonda diniy-ma'rifiy sohalar rivojiga ham alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidlab, Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi jadal davom etayotgani, ushbu majmua xalqimizning asrlar davomida jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etishi, yaqindagina Imom Moturidiy ilmiy tadqiqot markazini tashkil etish bo‘yicha boshlangan sa'y-harkatlar mana shu ishlarning uzviy davomi ekanligi aytildi.
Prezidentmiz Shavkat Mirziyoevning bayram nutqi dunyo aholisi singari xalqimiz o‘z boshidan kechirayotgan bugungi qiyinchilik davrida barchaga sabr-toqat va bardoshli bo‘lish, qiyinchiliklar ortidan albatta yengillik kelishiga ishonch bag‘ishladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Zayniddin ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Samarqand viloyatidagi vakili,
viloyat bosh imom xatibi

Kiritilgan vaqti: 01/09/2020 12:54;   Ko‘rilganligi: 1268
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/qiyinchiliklar-ortidan-engillik-keladi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 03:38
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing