O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Qaynona – kelin ahilligi oila tinchligi demakdir

 
 

Boshqa millat vakillarining ko‘pchiligi biz o‘zbeklarning oilaviy hayotimizga, ya'ni, qarindosh urug‘larning bir-birlariga bo‘lgan silai-rahmlariga va bizdagi odatlar, to‘y-marosimlarimizga havas bilan qaraydilar.

Bu oramizda saqlanib qolgan islomiy odob-axloq sababidandir. Shunday tinchlikda, to‘kinchilikda yashab turib, oilaviy aloqalarga putur yetkazayotganlar ko‘plab uchramoqda. Bu esa tinch va osoyishta hayotga shukr qilmaslik oqibatidandir. Afsuski, er-xotin, farzandlar, qarindoshlar, qaynona va kelinlar o‘rtasida turli-tuman kelishmovchiliklar, janjallar ko‘payib bormoqda. Ayniqsa, oxirgi paytlarda qaynona va kelin munosabatlari yomonlashib, bu janjallar xatto o‘g‘il bilan kelinning orasiga sovuqchilik tushirib, ajralishlarga sabab bo‘lmoqda. Eng yomoni, bu kelishmovchiliklar oqibatida, farzandlar yetim bo‘lib qolmoqdalar. Shunday qaynonalar uchrayaptiki, o‘g‘liga aql-farosatli, sog‘lom, iymonli kelinni orzu qilish o‘rniga birinchi o‘ringa kelin olib keladigan mol-dunyosiga, qudalar bilan bo‘ladigan oldi-berdilarga o‘ch bo‘lib bormoqdalar. Kelinlariga mehr berib, kamchiliklarini bosiqlik, nasihat yo‘li bilan tushuntirish o‘rniga, o‘g‘illariga oshirib, yomonlab, o‘g‘il va kelinlari orasiga sovuqchilik tushishiga sabab bo‘lmoqdalar. Qaynonalikning ishi og‘ir, sabr-toqatni talab qiladigan vazifadir. Chunki uni tug‘ib, mehr berib o‘stirgan o‘g‘liga o‘zga bir xonadonda, begona bir muhitda o‘sgan qizni o‘z oila a'zosiga, o‘z bolasiga aylanishi uchun, o‘g‘li bilan baxtli-saodatli hayot kechirishi uchun, qaynonadan ancha mehr-muhabbat, sabr va kechirimlilik talab qilinadi. Qarilarimiz, kelin olish oson, qaynona bo‘lish qiyin, deyishgan. Yana, ayol kishining qandayligini bilmoqchi bo‘lsang, kelin qilganda ko‘r, deyishgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Sizlar komil musulmon bo‘lmaguningizcha jannatga kira olmaysizlar. Komil musulmon bo‘lish uchun esa, bir-biringizga mehr qo‘ymog‘ingiz shart”, deganlar. Yana bir hadisi shariflarida: “Jannat onalar oyog‘i ostidadir”, deb marhamat qilganlar. Payg‘ambarimiz alayhis-salomning o‘gitlariga amal qiluvchi, jannatga kirishni istagan qaynona o‘g‘ilning sevikli ayoliga va undan dunyoga keladigan zurriyotlarini sog‘-salomat, oilasi tinch-osoyishta bo‘lishi uchun, farzandlarini baxtli hayot o‘tkazishlari uchun, qaynona kelinni xato-kamchiliklarini kechirib, bilmaganlarini o‘rgatib, mehr qo‘yib yashamog‘i zarur. Yoshi ulug‘larimiz, mehr bersang, mehr ko‘rasan, deganlar. 
     Turmushga chiqqan kelin uchun ham yangi bir hayot boshlanadi. Ota-onangiz, jigarlaringizdan endi boshqa oilaga – eringizning ota-onasi, jigarlari bilan eng yaqin bo‘lib qolasiz. Chunki, erkaklar xotinlar uchun, xotinlar erkaklar uchun yaratilgandirlar. Bu Allohning qonuni, uni hech kim o‘zgartira olmaydi. Turmushim shirin va osoyishta bo‘lsin degan kelin erining uyiga, uning ota-onasiga, jigarlari va qarindoshlariga hurmat ko‘rsatishi, uy yumushlaridan erinmasligi, saranjom-sarishtaligi va pazandaligi bilan oiladagilarni mehrlariga sazovor bo‘lishi zarur. Ayniqsa, uning sevikli erini tug‘ib, oq sut berib, kechalarni bedor o‘tkazgan, asrab-avaylab aqlli, sog‘lom qilib o‘stirgan qaynonaning nasihatlariga quloq tutib, xizmatlarini bajarishi lozim. 
    Kelinnig vazifasi qaynona va boshqa oila a'zolaridan arazlamasligi, gap qaytarmasligi va erining uyidagi gap-so‘zlarini ota-onasinikiga tashimasligi zarur. Ularni hurmatlarini joyiga qo‘yishi kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim kichiklarga rahm-shafqatli, kattalarga izzat-ikromli bo‘lmasa, u bizlardan emas”, deb ta'lim berganlar. Erining ota-onasi va jigarlarini hurmat qilish erini hurmat qilishdir. Darhaqiqat, ota-bobolarimiz, gulni sevgan tikanni ham e'zozlaydi, deyishgan. Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, oila tinch bo‘lsa, yurt ham tinch bo‘ladi. Ma'lumki tinch-totuv oila farzandlari ota-onasiga ham, yurtiga ham manfaat keltiruvchi bo‘ladilar.

 

Bo‘ronov Maqsud,

"Said Nuriddin xo‘ja" jome masjidi imom xatibi.


Kiritilgan vaqti: 06/07/2021 10:35;   Ko‘rilganligi: 57
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/qaynona-kelin-ahilligi-oila-tinchligi-demakdir
Chop etilgan vaqti: 23/09/2021 19:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing