O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

QAVMINING QANDAY HAM YOMON ODAMI U!

 
 

Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning barcha gaplari hikmat edi. u zot bilan bo‘lgan har-bir lahza dars edi. u zot sallollohu alayhi va sallamning har bir lahzalari kumush lavhalarga oltin harflar bilan yozilishi lozim bo‘lgan lahzalardir. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam shunaqangi inson edilarki, u zotga o‘xshagani bashariyat tarixida uchramaydi. Buning o‘zi alohida hikmat, alohida dars. Buning o‘zi alohida yozilishi shart!

Rasululloh sallollohu alayhi va sallam bir kuni Oisha onamiz roziyollohu anhoning oldilarida o‘tirgan edilar. Bir kishi kirishga izn so‘radi. Rasululloh allollohu alayhi va sallam:
“Ruxsat beringlar, qavmining qanday ham yomon odami u!”, dedilar.
U kishi kirgach, Rasululloh sallollohu alayhi va sallam unga tabassum bilan yumshoq so‘zlarni gapirdilar. U kishi ketgach, Oisha onamiz roziyollohu anhu dedilar:
-Ey Allohning Rasuli! U kishi kirishga izn so‘raganda aytgan gapingizni aytingiz. So‘ngra unga tabassum qilib o‘zingizni xursand ko‘rsatdingiz?!
Rasululloh sallollohu alayhi va sallam dedilar:
-Ey Oisha! Mening fahsh gaplarni gapirganimni qachon ko‘rgansan? Qiyomat kunida Allohning huzurida eng yomon odam kishilar uning yomonligidan qo‘rqib tark qilgan odamdir!

Bu murosasozlik borasidagi eng yetuk darslardandir. Ba'zilar murosasozlik bilan munofiqlik orasini ajrata olishmaydi. Bu esa odamlar bilan qilinadigan muomala odobini noto‘g‘ri tushunishdir!
Dunyoda ba'zi bir o‘xshash ishlar bor. Ko‘pchilik ularni bir-biriga aralashtirib yuboradi. Ammo diqqat bilan qaralsa ular orasidagi farq yaqqol ko‘rinadi. Ular orasida qilchalik farq bor. Buni ilg‘agan kishi hayotning ma'nosini anglabdi.
Murosasozlik va munofiqlik orasini aralashtirib yuboradigan kishi xuddi baxillik va iqtisod orasini, qo‘rqoqlik va ehtiyotkorlik orasini, bemulohaza kishi bilan shijoatli kishi orasini, surbetlik va mardlik orasini, isrofgar va saxiy kishi orasini aralashtirib yuborgan kishiga o‘xshaydi.
Gohida sharoit sizni zolimga zulmi haqida gapirishdan man qiladi. Bu murosa. Munofiqlik esa zolimning zulmiga qarsak chalishdir. Haqni aytmaslik botilga rozilikni anglatmaydi. Botilga rozilik unga qarsak chalish va botil ahlini qo‘lini siqishdir. Haq gapni aytish esa asl qoida bo‘lib qolaveradi.
Bulardan ham muhimi qavmimizning eng yomon odami bo‘lmasligimizdir.
Gaplaring qo‘polligi va tabiating yomonligi uchun ota-onang senga o‘ylab gapirishsa, qo‘ling yugurakligidan qo‘rqib xotining sendan qo‘rqib muomala qilsa, xulqing yomonligi uchun farzandlaring sen bilan murosasozlik qilishsa, qo‘shnilaring sendan xuddi portlab ketadigan mina singari qo‘rqib muomala qilishsa, hamkasblaring aziyating va kasofatingdan qo‘rqib ishda sen bilan murosasozlik qilishsa, hamnishinlaring seni gap tashishingdan qo‘rqishib sening oldingda o‘ylab gapirishsa demak sen qavmingni eng yomon odamisan!
Ota-onang sen bilan rohatlanib suhbat qurishsa, xotining sen bilan suhbat qilganda omonlikni his qilsa, farzandlaring sen bilan xuddi o‘rtoqlari bilan gaplashgandek gaplashishsa, qo‘shnilaring sen bilan beixtiyor gaplashishsa, hamkasblaring sen bilan oddiy gaplashishsa demak sen buyuk insonsan. Ular sening buyuk xulqing sababidan sen bilan shunday munosabatda bo‘lishdi!
Rivoyat qilinishicha, bir kuni xalifa Ma'mun a'yonlari oldida bir xodimini chaqirdi. U javob bermadi. Ikkinchi bor chaqirdi. U yana javob bermadi. Uchinchi marta chaqirganida xodimi chiqib keldida dedi:
-Bu qanaqa qasr bo‘ldi?! Sal ko‘zga ko‘rinmasang “Ey xodim....ey xodim!”, deyaverishadi.
Uning gapini eshitgan Ma'mun soqolini ushlab jim turib qoldi. Atrofidagilar xodimning qoni sachramasligi uchun yuzlarini choponlari bilan berkitishdi. Ular xalifa hozir xodimnig boshini oladi deb o‘ylashdi. Ammo xalifa boshini ko‘tarib dedi:
-Agar podshohlarning xulqi yaxshi bo‘lsa qullarining xulqi yomonlashadi. Agar podshohlarning xulqi yomonlashsa qullarining xulqi yaxshilanadi. Men yomon xulqimni qullarimning yaxshi axloqi evaziga sotib olmayman!

Urgut tumani "Urgut markaziy" masjidi xodimi A.Polvonov


Kiritilgan vaqti: 25/01/2022 08:35;   Ko‘rilganligi: 442
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/qavmining-qanday-ham-yomon-odami-u
Chop etilgan vaqti: 13/05/2024 11:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing