Qalbi pok inson qiyomat kuni najot topadi
Alloh taoloning oxirgi va mukammal, barcha zamonlar va makonlarga mos keladigan Islom dini kishining zohiran ham, botinan ham pok bo‘lishga chaqiradi. Zero, qanchadan qancha ibodatlar borki, zohiriy pokliksiz qabul bo‘lmaydi. Yana bir poklanish mavjudki, u ma'naviy, qalbiy poklanishdir. Musulmon kishida shu ikkala poklanish mavjud bo‘lsa, u dunyo va oxirat saodatiga erishadi. Ko‘pincha zohiriy poklikka e'tibor qaratiladi. To‘g‘ri, bu poklik ham muhim. Ammo botiniy, qalbiy poklikni ham unutmaslik lozim. Shuningdek, amallar qabul bo‘lishida bandaning qiyomatda tarozusini og‘ir qiladigan narsa salim - toza qalb sohibi bo‘lishidir. Qalbda kir bo‘lishi, uning turli ma'naviy zararli illatlar bilan kasallangan bo‘lishi kishini har ikki dunyoda halokat sari yetaklaydi. Alloh taolo O‘z Kalomi majidida quyidagicha marhamat qilgan:
"U kunda na mol-davlat, na bola-chaqa foyda beradi. Magar Alloh huzuriga salim-toza qalb bilan kelgan kishilargagina (foyda beradi)" ("Shuaro" surasi, 88-89-oyatlar).
Mazkur oyatga nazar solsak, bandaga foyda beradigan narsa toza, ma'naviy kirlardan pok bo‘lgan qalb soxibi bo‘lishi ekan. Qiyomat kuni odamlar hisob uchun qabrdan chiqadilar. Ana o‘shanda kishiga tunu kun yelib-yugurib to‘plagan boyligi ham, yonida turgan farzandlari, manaman degan ota-bobolari ham foyda bermaydi. Yer yuzi to‘la oltinni sadaqa qilib yuborsa xam, nafi bo‘lmaydi. Ohiratda qimning puli ko‘pligiga, ajdodlari qanday odam bo‘lganiga qaralmaydi. Boylik xam, nasl-nasab ham ish bermaydi. Faqat qalbdagi imon, solih amallar foyda beradi.Qalbi pok inson qiyomat kuni najot topadi, Alloh roziligiga erishadi.
Abdusalomov Abdusamad
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi
Kiritilgan vaqti: 15/06/2022 09:45; Ko‘rilganligi: 1642
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 10:54