O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Qabristonlar obodligi – xalqimiz ma'naviyati ko‘zgusi

 
 

Sulaymon ibn Burayda otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: 

“Qabrlarni ziyorat qilib turinglar, chunki u o‘limni eslatadi”. Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.

 Xalqimizda “Biror yurtni yaxshiroq bilmoqchi bo‘lsang, uning bozorini va mozorini ziyorat qil”, degan naql bor. Darhaqiqat, bozorlar yurtning nechog‘li farovon yoki abgor ekanini ko‘rsatsa, qabristonlar bu o‘lka ahlining ma'naviy dunyosi, ajdodlar merosiga munosabati va iymon-e'tiqodi darajasini ifoda etadi.

Shukrki, yurtimizda ulug‘ alloma va mutafakkirlarning muborak hoki abadiy qo‘nim topgan qadamjolarni obodonlashtirish azaliy an'anaga aylangan. Istiqlol yillarida bu an'ana yanada mustahkamlanib, buyuk ajdodlarimizning maqbarlari obod qilindi, shu bilan birga bu qadamjolar negizida ilmiy-ma'rifiy muassasalar ochildi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro  ilmiy-tadqiqot markazi ochilgani, Imom Moturidiy nomidagi ilmiy markazga ochishga hozirlik ko‘rilayotgani bu fikrning yorqin tasdig‘idir.

Ayni paytda xalqimiz o‘tib ketgan yaqinlarining qabrlarini ozoda va pokiza saqlash, yon-atrofini obod qilishga ham alohida e'tibor beradi. Qabristonlarimizga kirgan kishi yashnab turgan maysalarning salovat aytayotganini o‘z quloqlari bilan eshitgandek, jilg‘alarda sharqirab oqayotgan suvning zarrin tovlanishidan, uzoq-yaqindan elas-elas kelayotgan tilovatdan ko‘nglida allanechuk his-tuyg‘ular jo‘sh uradi. Zero, qabr insonning oxirgi manzili bo‘lib, tiriklarga hayot ne'matlari uchun shukr qilib yashash, ularni qadrlash, oxiratni yod etish zaruratini mudom eslatib turadi. Shu ma'noda, keksalarimiz va ulamolarning qabrlarni obod va ko‘rkam saqlash haqidagi da'vatlari hech qachon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Bu o‘gitlar ayniqsa bugungi kunda hayotimizda yanada keng alfozda o‘zining amaliy in'ikosini topmoqda.

Lekin, ming afsuski, qabristonga munosabat hamma joyda ham mazkur an'anaga muvofiq kelmayapti. Ayrimlar qabriston uchun ajratilgan yerdan bir qarich bo‘lsa ham o‘zlashtirib olishga, marhumlarning tinchini buzib, ular tepasida chorva boqishga, shu tariqa eng sokin joyni oyoqosti qilishgacha bormoqda. Vaholanki, islom ta'limoti bo‘yicha kishining o‘ligiga yetkazilgan ozor unga tirikligida yetkazilgan ozor bilan barobardir. “Mayyitning suyagini sindirish xuddi tirikligida sindirish kabidir”, deya Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mayyitlarning hurmatini joyiga qo‘yish lozimligi, ayniqsa, qabrlar masalasida juda ehtiyot bo‘lish muhimligini ta'kidlaganlar. Shuningdek, shariatimiz ko‘rsatmalari bo‘yicha qabriston vaqf yeri hisoblansa, undagi o‘t-o‘lan va dov-daraxtlar hech kimning shaxsiy mulki emasligi bot-bot aytilsa ham, bu sokin maskanlardan o‘z manfaati yo‘lida chorva ozuqasi manbai sifatida foydalanayotganlar yo‘q emas.

Yana bir ayanchli jihat – ba'zilar o‘zining o‘tib ketgan ota-onasi yoki boshqa yaqinlarining qabrlarini nafaqat obodonlashtirmaydi, balki mutlaqo ziyorat ham qilmaydi. Qabristonga qadam qo‘yar ekansiz, ayrim do‘ppayib turgan qabrlar chakalakdek ko‘zga noxush ko‘rinishi, tevarak atrofi ivirsib yotishi beixtiyor dilingizni xira qiladi. Axir, o‘tganlar yodi shumi, birgina qabrni supurib-sidirib qo‘yish shunchalar mashaqqatmi?! Bu xususda kimgadir dakki berish, kimgadir aql o‘rgatish yo maslahat solishning o‘zi kishiga erish tuyuladi. Masalan, qo‘limizni chaygandan keyin uni sochiq yo ro‘molchaga artishni bizga biror kishi mudom o‘rgatib, eslatib turmaydi-ku. Qabrni obod tutish ham ana shunday odat, axir.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Menga Jabroil kelib:

Robing seni ahli Baqiy'g kelib, istig‘for aytishingga amr qiladir”, deb aytdi”, deganlari keltirilgan. Demak, Baqiy'ga borib, ziyorat qilib, u yerdagilarning gunohlarini kechirishini so‘rashni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga  Alloh taoloning O‘zi amr qilgan ekan.  

Qadrli yurtdoshlar! Oramizda azaliy an'analarimizga sadoqatini namoyish etayotganlar ularga rioya qilmayotganlardan ko‘ra, shukrki, ancha ko‘p. Hammamiz ana shu ko‘pchilik safida bo‘laylik. Kamchiligimiz sodir etayotgan nobop ishlarga yo‘l qo‘ymaylik, bunday noxush manzaralarning oldini olaylik, har birimiz aqlsizligi yoki shunchaki e'tiborsizligi tufayli bunday xatti-harakatlar qilayotgan qo‘shnimiz, hammahallamiz, hamqishlog‘imiz, hamshahrimizni chiroyli amallarga da'vat etaylik.

 O‘MI Samarqand viloyat bosh imom-xatibi - Z.Eshonqulov


Kiritilgan vaqti: 17/06/2020 10:14;   Ko‘rilganligi: 1083
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/qabristonlar-obodligi-xalqimiz-manaviyati-kozgusi
Chop etilgan vaqti: 21/05/2024 17:05
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing