O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

PAYG‘AMBAR ALAYHISSALOMNING KECHIRIMLILIKLARI

 
 

Dinimiz bizni solih amallarga buyurish bilan birga namunali va go‘zal axloqqa ham targ‘ib etadi. Zotan, din uch narsadan iboratdir: to‘g‘ri aqida, solih amal va namunali xulq.  Ana shu maqtalgan axloqlardan biri halimlik va kechirimlilikdir. Bir so‘z bilan aytganda kechirimli bo‘lish, dinimiz ta'limotidir.

Qur'oni karimning bir qancha oyati karimalarida bandalarini bir-birlarining xato kamchiliklari va ayb-nuqsonlarini kechirishga buyurilgan. Demak, kishilar o‘zaro bir birlarini kechirishi, afv qilishligi bilan jamiyatda ahillik, birdamlik va bir birini qo‘llab-quvvatlash, buning natijasida mustahkam jamiyat barpo bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz alayhissalomning xulqlarida ham kechirimlilik o‘z aksini topgan edi.  Oisha onamizdan Payg‘ambarimiz alayhissalomning xulqlari haqida so‘ralganda shunday javob berganlar:

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam fahsh ishlarni qiluvchi, fahsh so‘zlarni so‘zlovchi va bozorlarda baqir-chaqir qilib yuruvchi inson emasdilar. Yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarmas edilar, balki afv etib, kechirib yuborar edilar(Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyatlari).

Payg‘ambarimiz alayhissalom Uhud g‘azotida jarohat oldilar, muborak yuzlari qonadi. Bu haqda Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu shunday deydilar: “Payg‘ambarimiz alayhissalom yuzlaridagi qonni artib, o‘tgan payg‘ambarlardan birini qavmi urib, jarohat yetkazishganini aytib turganlari ko‘z o‘ngimda turibdi. U zot alayhissalom:Ey, Alloh! Qavmimni kechirgin, ular bilishmayapti”, der edilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Bu voqea bizga Payg‘ambarimiz alayhissalomning kechirimlilik va ulug‘ xulqlarini ko‘rsatadi.

Barcha go‘zal xulqlarni o‘zlarida jam qilgan Zot –  Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam kechirimli bo‘lish fazilati borasida shunday deganlar:  Kimki qodir bo‘la turib, g‘azabini yutsa, Alloh taolo Qiyomat kuni uni chaqirib, butun xaloyiq oldida hurlardan xohlaganicha olishga ixtiyor beradi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Payg‘ambarimiz alayhissalomning nechog‘lik kechirimli bo‘lganlarini yuqorida zikr qilingan voqealardan bilib oldik. Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Payg‘ambarimiz alayhissalom kechirimlilik, halimlik borasida biror inson yeta olmaydigan yuksak darajada bo‘lganlar. Payg‘ambarlar insonlarning eng afzali bo‘lsa, u zot payg‘ambarlarning eng afzali edilar. Kechirimlilik u zotning ajralmas va yetuk sifatlari edi. Ul zoti bobarakotning bu xislatlaridan har bir musulmon o‘rnak olishi lozim.

Kim Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni Shafoatlariga musharraf bo‘lishni xohlaydi – unda Rasululloh sallalohu alayhi vasallamga salovotni ko‘paytirsin!

Muzropov Mahmadiyorxon –O‘MI Samarqand viloyat vakilligi xodimi


Kiritilgan vaqti: 22/10/2021 08:14;   Ko‘rilganligi: 546
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/paygambar-alayhissalomning-kechirimliliklari
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 13:21
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing