O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

O‘zini o‘zi o‘ldirgan odamga jannat harom!

 
 

O‘zini o‘zi o‘ldirish Allohning qazoi qadariga norozi bo‘lish, Alloh bergan hayot ne'matiga nonko‘rlik qilish, osiylik va irodasizlikdir. O‘zini-o‘zi o‘ldirish musulmonlarga xos bo‘lmagan qo‘rqoqlik va nomardlikdir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zini o‘zi o‘ldirgan odamga janoza namozi o‘qimaganlari bu odamning qilgan noma'qulchiligi uchun munosib jazo hamdir. Oxiratda esa, alohida jazolar bo‘ladi.

Sobit ibn az-Zahhok roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh alayhissalom:

Kim o‘zini temir asbob bilan o‘ldirsa, jahannam otashida o‘sha bilan azoblanadi, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Jundub roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:

Bir odamning jarohati bor edi. U o‘zini o‘ldirdi. Shunda Alloh azza va jalla: Bandam mendan avval joni haqida o‘zi shoshqaloqlik qildi. Men unga jannatni harom qildim, dedi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:

O‘zini o‘zi bo‘g‘gan do‘zaxda ham bo‘g‘ib turadi. O‘ziga o‘zi pichoq urgan do‘zaxda ham pichoq urib turadi, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak o‘zini-o‘zi o‘ldirgan odamning do‘zaxga tushishiga shubha yo‘q.

Odamlarga o‘rnak bo‘lish uchun bu dunyoda ham unga o‘zgacha munosabatda bo‘linadi.

Umar ibn Abdul Aziz, Avzoiy va Imom Ahmadning mazhablari bo‘yicha o‘zini o‘zi o‘ldirgan odamga janoza namozi o‘qilmaydi.

Dinimizda nafaqat o‘zini qasddan o‘ldirish, balki ehtiyotsizlik tufayli hayotiga zomin bo‘lish ham qattiq qoralanadi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim  uyning atrofi o‘ralmagan tomi ustida tunasa va undan tushib ketib o‘lsa, unga hech kim javobgar emas, kim dengizga mavjlanib turgan vaqtda chiqsa va cho‘kib o‘lsa, unga hech kim javobgar emas” (Imom Hokim rivoyati). Shunga o‘xshash, avtoulovning tezligini haddan oshirib haydash, yoki tamaki va giyohvandlik moddalarini iste'mol qilishga mukkasidan ketish oqibatida inson o‘z hayotiga zomin bo‘lishi ham o‘z joniga qasd qilgan bilan barobardir. Shunday ekan, inson hayotiga xavf tug‘diradigan har qanday holatlardan o‘zini saqlashi lozim bo‘ladi.

Bobobek Abdurahimov,

Samarqand shahar “Qoraboy Oqsoqol” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 06/10/2023 15:19;   Ko‘rilganligi: 829
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ozini-ozi-oldirgan-odamga-jannat-harom
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 05:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing