O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni: qadim aloqalar va mushtarak qadriyatlar

 
 

So‘nggi yillarda O‘zbekiston hamda Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochildi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, muntazamlik kasb etayotgan uchrashuvlar, samimiy muloqotlar o‘zaro hamkorlik rivojiga katta turtki bermoqda. Aslida ham, O‘zbekiston va Saudiya xalqlari o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalar uzoq o‘tmishga borib taqaladi.

Imom Buxoriy, Mahmud Zamaxshariy, Abu Iso Termiziy, Hakim Termiziy, Xoja Muhammad Porso kabi allomalarimizning ilmiy faoliyatida ikki muqaddas shahar – Makka va Madinaning o‘rni beqiyos. Mahmud Zamaxshariyga boshqa biror kishiga nasib etmagan “Jorulloh” – “Allohning qo‘shnisi” degan ulug‘ nom berilgani fikrimizni to‘la quvvatlaydi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, samarqandlik yetuk olim Shayx Ali Samarqandiy (1320-1442) o‘n to‘rt yil Makkada imomlik qilgan.

Shuningdek, 1979 yilda Ka'batullohning oltin eshigidagi yozuv va bezaklarni vatandoshimiz Abdurahim Amin Buxoriy (1917-1993) “suls” xatida yozib bergani ham haqiqat. Amin Buxoriy Qo‘qon xonligi hududida tavallud topgan bo‘lib, 1920-yillar boshlarida oilasi bilan Saudiya Arabistoniga ko‘chib borgan. 1960-yillarda Saudiya Arabistonining eng mashhur xattoti sifatida shuhrat qozongan.

Ma'lumki, o‘tgan asrlarda muqaddas shaharlari ziyoratiga borgan ajdodlarimizda hajnoma yoki haj safari xotiralari yozishdek go‘zal an'ana bo‘lgan. Mazkur turdagi asarlar sirasiga Hoji Abdurahmon Samarqandiyning “ar-Risolatul muboraka tabyinu ahvoli Makkatil muazzama val Madinatil munavvara” (“Makkayi muazzama va Madinayi munavvaraning bayoni haqida muborak asar”, Mirzo Olim Maxdum ibn Domullo Mirzo Rahim Toshkandiy (vaf. XX asr boshi) tomonidan yozilgan “Dar bayoni rohi haj” (“Haj yo‘llari bayoni”), Muhammad Solih Oxund Toshkandiyning “Hajnoma”, Sulaymonxo‘ja Ulug‘xo‘ja o‘g‘li Nodimning “Hajnomai Nodim”, Qori Rahmatulloh Vozehning “G‘aroyibul xabar fi ajoyibis safar” (“Ajoyib safardagi g‘aroyib xabarlar”), Xolmuhammad o‘g‘li Furqatning “Haj safari xotiralari”, Is'hoqxon to‘ra Ibratning “Haj safari xotiralari”, Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Sayohat xotiralari” kabi asarlarda Makka, Madina va Jidda kabi shaharlarning iqlimi, tabiati, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotiga doir qimmatli tarixiy ma'lumotlar keltirib o‘tilgan.

Joriy yilning 17-18 avgust kunlari davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning Saudiya Arabistoniga tashriflari doirasida Madinai munavvarada Payg‘ambarimiz alayhissalomning siyratlari va islom tamadduni muzeyi bilan tanishish asnosida yurtimizda ulug‘ allomalar nomi bilan ilmiy markazlar tashkil qilingani, islom madaniyati obidalari asrab-avaylanayotganini ta'kidlab, Saudiya olimlarini O‘zbekistonga kelib, bu borada ilmiy hamkorlikka da'vat qilishlari zamirida tarixiy ulug‘ maqsad yotibdi. Zero, bugun ham muqaddas masjidarda har kuni “Ustozud dunyo” (olam ustozi) Imom Buxoriy, “buyuk muhaddislar ustozi” Abdulhamid Keshiy, buyuk oltilikdan biri Imom Termiziy rivoyat qilgan hadislar aytiladi. Bu ulug‘ zotlarning nomlari zikr qilinadi.

O‘rni kelganda aytish lozimki, ikki tomonlama hamkorlik aloqalari rivojida Haj va Umra safarlarining ahamiyati alohida. Xususan, o‘tgan asrlarda Turkiston musulmonlari Makka va Madinaga asosan quyidagi uch yo‘l orqali safar qilishgan: Birinchi yo‘nalish – Eron va Iroq orqali o‘tuvchi yo‘l. Ikkinchi yo‘nalish – Afg‘oniston, Hindiston va Hind okeani yo‘li. Uchinchi yo‘nalish – Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya, Qora dengiz, O‘rta yer dengizi, Misr va Qizil dengizi yo‘li.

Turkistondan Makka va Madinaga olib boruvchi ushbu yo‘llar asrlar davomida xalqimizning Arabiston bilan ijtimoiy, madaniy, siyosiy, iqtisodiy va ilmiy aloqalarida muhim rol o‘ynab keldi.

Islom olamida azaldan yurtimiz musulmonlariga nisbatan o‘ziga xos va mos hurmat shakllangan. Ma'lumotlarda keltirilishicha, XX asr boshlariga qadar Makka va Madina shaharlarida turli homiylar hamda mahalliy hukmdorlar tomonidan Turkistondan borgan ziyoratchilar uchun qulay sharoit yaratish, ularning haj ibodatini ado qilish davomida qolishlariga mo‘ljallangan 27 ta vaqf takyalari, ya'ni o‘ziga xos musofirxonalar faoliyat yuritgan. Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilar uchun “O‘zbek”, “Buxoro”, “Naqshbandiy”, “Marg‘inoniy”, “Buxoriy”, “Samarqandiy”, “Toshkandiy”, “Andijoniy”, “Xo‘qandiy” va “Namangoniy” kabi nomlar bilan takyalar tashkil etilgan. Ular o‘zbek xalqining milliy madaniyati, urf-odatlariga mos ravishda qurilgan va ta'mirlangan. Ularda musofirlar uchun o‘zbek milliy taomlari tortilgan hamda Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Boborahim Mashrab kabi o‘zbek adabiyoti vakillarining she'rlari o‘qilib, g‘azalxonliklar tashkil qilingan. Shu jihatdan, ushbu takyalarni o‘ziga xos o‘zbek milliy madaniy maskanlari ham deyish mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoevning Saudiya Arabistoniga qilgan safarlariga doir lavhalarni kuzatar ekanmiz xalqaro tashkilotlar va hukumat vakillarining chuqur ehtiromi hamda e'tirofidan asriy an'ana va aloqalarning bugungi rivojining guvohi bo‘lamiz. Mana shunday yaqinlik va mustahkam tarixiy aloqalar bilan O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni hamkorligi bundan buyon ham har ikki mamlakat xalqlari farovonligi yo‘lida, chuqurlashib borishining eng ishonchli garovidir!

 

Joniyev Muzaffarxon,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot

markazi bo‘lim boshlig‘i,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)


Kiritilgan vaqti: 30/08/2022 17:27;   Ko‘rilganligi: 366
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ozbekiston-saudiya-arabistoni-qadim-aloqalar-va-mushtarak-qadriyatlar
Chop etilgan vaqti: 18/05/2024 09:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing