O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarovning ahli ilmlarga qilgan murojaatlariga munosabat

 
 

Darhaqiqat, ahli ilmlar xalqni va jamiyatni to‘g‘rilikka ergashtiruvchilar bo‘lib, ayni damda payg‘ambarlarning merosxo‘rlari hisoblanadilar. Odamlarning qo‘llaridan tutib, ularni yuksalish tomon yetaklaydilar. Alloh taoloning shariatiga amal qilishda go‘zal xulq bilan ziynatlanadilar va odamlarni ham shunga da'vat qiladilar. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarovning ahli ilmlarga qilgan murojaatlari ham ayni mana shu nuqtaga qaratilgan edi. Ahli ilmlarni go‘zal xulqlar bilan xulqlanishlariga va odamlarni hikmat va go‘zal mav'iza bilan to‘g‘rilikka da'vat qilishlariga chaqirdilar. Shu o‘rinda muftiy hazratlari ahli ilmlar ziynatlanishi zarur bo‘lgan xulqlar bor ekani va bunga barcha birdek amal qilishlari kerak ekanligiga ishora qildilar.

Darhaqiqat, ahli ilm bo‘lgan har bir olimning jamiyatga o‘rnak bo‘lishi uchun ziynatlanishi kerak bo‘lgan xulqlari mavjud. Ular xuddi qorong‘u kechadagi yulduzlar kabidirlar. Odamlar jaholat, zalolat yoki shak-gumon maydonidan ana o‘sha yulduzlar orqali xalos bo‘lib, to‘g‘ri yo‘lga qadam tashlaydilar. Ana o‘sha yulduzlarning porloq va yanada ravshan bo‘lishi uchun ahli ilmda topilishi kerak bo‘lgan sifatlar mavjud ekan. Xususan:

Go‘zal xulq; Kishi go‘zal xulq bilan jannatga kiradi, darajasi oliy bo‘ladi, qiyomat kunida tarozusi og‘ir keladi va odamlarning mehrini qozonadi. Eng muhimi kishi go‘zal xulq bilan Alloh va Uning rasuliga odamlarning eng yaqini bo‘ladi.

Bag‘rikenglik; Ahli ilm odamlarga nisbatdan gina-kuduratda bo‘lmaydi. Hasad, g‘azab va shu kabi qabih illatlardan salomat bo‘ladi.

Kamgaplik va o‘rni kelganda foydali so‘zlarni so‘zlash; Foydali o‘rindagina so‘z ochish kishining aqlli va ziyrak ekanligidan dalolatdir. Foydasiz va behuda so‘zlarni gapirishlik kishining ilmi oz ekanidan dalolatdir.

Halimlik; Ahli ilm tanqidlarga haqqoniy ko‘z bilan qarab, uni sokin qarshi oladi. Bekorga g‘azab qilib, noo‘rin so‘zlarni so‘zlamaydi. Balki, o‘ziga tegishli xulosani oladi va halimlik bilan odamlarning muhabbatiga sazovor bo‘ladi.

Taqvodorlik; Boshqalarning qo‘lidagi narsalarga ko‘z olaytirmaslik yoki boshqalardan nimadir manfaat kelishini kutish ahli ilmga yarashmaydigan xislatlardandir. Balki, qanoat bilan hayot kechirish va shubhali narsalardan tiyilish eng muhim ishlardandir.

Haqqa qaytish va e'tirof etish; Bandachilik sabab yo‘l qo‘yilgan xatolarni to‘g‘rilab, haqqa yuzlanish va uni e'tirof etish ahli ilmning eng go‘zal xislatlaridan biridir. Allohdan qo‘rqqan va haqqa qaytgan ilm ahlining so‘zi jamiyat uchun ta'sirliroq bo‘ladi.

Mashhurlikdan uzoqda bo‘lish; Shon-shuhrat va mushhurlikka talpinish dinga amal qilishda qusurlikka yo‘l qo‘yishga olib keladi. Amalda Allohning roziligini istashni unutib, odamlarning gap-so‘zlariga diqqat qarata boshlaydi. Bu esa, juda ham xatarli holatdir. Bundan omonda bo‘lish kerak.

Tavoze'li bo‘lish; Tavoze'li kishi har zamon va makonda maqtovga sazovor bo‘lgandir. Tavoze'lik shariatda ham eng maqtovga loyiq topilgan go‘zal xulqlardandir.

Rostgo‘ylik; Makorimul axloqning eng yuksak sifatlaridan biri bu rostgo‘ylikdir. Buning fazilatlari juda ham ko‘p bo‘lib, ahli ilmda topilishi kerak bo‘lgan eng asosiy sifatlardan biri. Kim Alloh va yaratgan narsalariga nisbatdan sidqidil bo‘lsa, unga dunyo va oxiratda biror xavf yetmaydi.

Xulosa o‘rinida shuni aytish kerakki, har bir ahli ilm pokiza Islom dinini targ‘ib qilishda go‘zal xulqlar bilan ziynatlanishi, ikki olam sarvari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning izlaridan ergashishi va bu yo‘lda o‘ziga to‘g‘rilikni lozim tutishi lozim va lobuddir.

 Xayrulloh domla Sattarov, O‘MI Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 26/09/2022 13:36;   Ko‘rilganligi: 320
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ozbekiston-musulmonlari-idorasi-raisi-muftiy-nuriddin-domla-xoliqnazarovning-ahli-ilmlarga-qilgan-murojaatlariga-munosabat
Chop etilgan vaqti: 18/05/2024 12:25
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing