O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

O‘zbekiston - Inson qadri ustuvor bo‘lgan yurt!

 
 

Ramazon yaqinlashib qolganida, bu oyiga ta'rif bergan Rasulimiz sollallohu alayhi vasallam “Ulug‘, muborak oy sizlarga soya solib turibdi”, degan edilar. Ushbu hadisi sharifning davomi va boshqa yana bir qancha hadislarda ramazonning fazilatlari bayon qilinganiga guvoh bo‘lamiz.

Butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham ramazon o‘zgacha shukuh va tarovat, xayru baraka bilan davom etmoqda. Qur'on oyi bo‘lgan ramazonda O‘zbekistondagi 1600 dan ziyod masjidlarda 3000 nafardan ko‘p xushovoz qorilar tomonidan Qur'oni karim xatmlari ado etilmoqda. Ezgulik va yaxshilik mavsumi, saxovat va mehr-muruvvat oyi bo‘lmish  ramazon munosabati bilan saxovatpesha, saxiy insolarning xayru-ehsonlari yanada ko‘paymoqda. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Sadaqaning eng afzali Ramazonda qilinganidir” (Imom Termiziy rivoyati), degan hadislariga muvofiq amal qiluvchi yurtdoshlarimizning soni ortib borayotgani tahsinga loyiqdir.

Ro‘za tutganlarga iftor qilib berishning ajri nechog‘lik ulug‘ ekanligi xususida to‘xtalgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday degan edilar:

“Kim bir ro‘zadorga iftorlik bersa, unga o‘sha ro‘zadorning ajricha ajr bo‘ladi, ro‘zadorning ajridan esa biror narsa kamaytirilmaydi” (Imom Termiziy va boshqalar rivoyati).

Mamlakatimizda Yurtboshimiz tomonidan barcha sohalarda izchil islohotlar olib borilayotgani barchaga birdek ayon. Shular qatorida diniy soha ham ushbu e'tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Davlatimiz rahbari tomonidan muqqaddas dinimiz arkonlari va ta'limotini keng yoyish va yoshlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish bo‘yicha yetarlicha ko‘rsatma va tavsiyalar berib kelinmoqda. Nafaqat ko‘rsatma berish balki, amalda o‘rnak bo‘lmoqda. Kuni kecha O‘zbekistonning barcha hududlarida, viloyat, shahar va tumanlardagi hamma mahallalarda iftorlik dasturxonlari yozildi. Namangan viloyatidagi iftorlikda Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari mamlakatimiz musulmonlarini Ramazon oyi bilan yana bir bor tabrikladi.

Bugun barchamiz – muhtaram ulamolarimiz va nuroniylarimiz, jamoatchiligimiz vakillari birgalikda iftor qilmoqdamiz. Yagona, ahil oila bo‘lib yashayotgan ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi bugun go‘yoki bir dasturxon atrofida jam bo‘lib o‘tiribdi. O‘ylaymanki, bu savobli tadbir inson qadrini ulug‘lashga, o‘sib kelayotgan yoshlarimizni mana shunday olijanob ruhda tarbiyalashga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Yurtboshimiz bu ishlarga hissa qo‘shayotgan iymon-diyonatli, saxovatli yurtdoshlarimizga tashakkur aytdi. Mamlakatimizda mutlaqo yangi ijtimoiy himoya tizimi shakllanmoqda. Bu tizim birinchi navbatda ehtiyojmand kishilarga, jumladan, nogironligi bo‘lgan, kam ta'minlangan, yetim qolgan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga har tomonlama e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga qaratilgan.

Bu haqda so‘zlar ekan, Shavkat Mirziyoev Alisher Navoiy bobomizning “Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay, oncha borkim, Ka'ba vayron bo‘lsa, obod aylagay” degan hikmatini yodga oldi.

Bunday qarash muqaddas dinimizning asl insoniy mohiyati bilan hamohangdir. Haqiqatan ham, chinakam musulmon o‘ziga ravo ko‘rgan narsani boshqalarga ham ravo ko‘radi.

Mamlakatimizda xalq farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirishga sa'y-harakatlar mohiyati aytib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida – Muborak Ramazon oyi sharofati bilan yurtimizda, jami musulmon o‘lkalarda, butun dunyoda tinchlik, barqarorlik hukm sursin, odamlar, xalqlar o‘rtasida do‘st-birodarlik, o‘zaro hurmat tuyg‘ulari ustuvor bo‘lsin. Kuchlilar – ojizlarga tayanch, saxovatpeshalar – muhtojlarga yordamchi, yoshlar – qariyalarga g‘amxo‘r bo‘lsin. Dinimizda belgilab berilgan to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmaylik, ayni paytda zamon bilan hamnafas yashaylik. Yoshlarimiz bilimlari bilan jahonga tanilib, yurtimiz dovrug‘ini yuksaklarga ko‘tarishsin. O‘zbekiston dunyoning eng oldi, eng ilg‘or davlatlaridan biriga aylansin. Tutgan ro‘zalarimiz, duolarimiz dargohida qabul bo‘lsin, deya eng ezgu tilaklarini bildirib, duo qildi. 

Ushbu tilaklarga og‘iz ochish onlarida muftiy hazratlarining duolari hamohang bo‘ldi. O‘tganlarimizni oxiratlarini obod bo‘lishi, jannatmakaon yurtimizda tinchlik va farovonlikning bardavom bo‘lishi, shukronalik, to‘kin-sochin va baraka hamrohimiz bo‘lishi, kambag‘al, faqiru muhtojlar qolmasligini so‘rab iltijolar qilindi. Ilohim, ushbu duo va tilaklar ijobat bo‘lsin.

Muhtaram, mo‘min-musulmon birodarlar, yurtdoshlar. Yurtboshining nuroniylar, muhtoj kishilar, ulamolar bilan birgalikda iftorlik qilishi oldin hech ham kuzatilmagan bir holat bo‘ldi. Xalq bilan yonma yon bo‘lgan Yurtboshining chinakam xalqparvar ekanligi mana shu singari yaqinlik va samimiylikda yana ham namoyon bo‘lib bormoqda. Davlat boshlig‘i belgilab bergan “Yangi O‘zbekiston - Inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat” degan bu maqsad asosida yangidan-yangi islohotlar amalga oshirilmoqda. Yurtimiz, tinch, farovon va obod bo‘lishini Alloh subhanahu  va ta'ala nasib aylsin!

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Samarqand viloyati bosh imom xatibi

Zayniddin domla Eshonqulov


Kiritilgan vaqti: 26/03/2024 18:25;   Ko‘rilganligi: 56
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ozbekiston-inson-qadri-ustuvor-bolgan-yurt
Chop etilgan vaqti: 28/04/2024 22:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing