O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

O‘zbekiston hududlariga xurmoning kelishi

 
 

Xurmoning fazilati, xosiyati, barakoti haqida bilmagan, eshitmagan odam qanchalik kam bo‘lsa, bu barakali ne'matning yurtimizga qachon kelganini biluvchilar undan ham kam bo‘lsa kerak.

Arablar kelishi arafasida Buxoro hukmdori bo‘lgan Bidun Buxorxudot o‘ldirilgach, uning o‘g‘li Tag‘shoda hali emizikdagi chaqaloq bo‘lgani uchun onasi taxtga o‘tirdi. Bu ayol podshoh tarixda Malika Bidun yoki Xotun Buxorxudot nomi bilan mashhur bo‘ldi.

Xotin podshoh usta diplomat, dono siyosatchi bo‘lgani tufayli Buxoro fathiga kelgan Xuroson amirlaridan avval Ubaydulloh ibn Ziyod bilan keyinchalik Sa'id ibn Usmon bilan omonlik sulhini tuza olgan. Albatta bu sulhlar og‘ir janglardan keyin ko‘p to‘lovlar berish evaziga tuzilgan. Sulhdan keyin ikki tomon bordi-keldi ham qilgan.

Masalan: Sa'id ibn Usmon sulh tuzilgandan keyin Buxoroda kasal bo‘lib qoldi. Xotin podshoh uni ko‘rgani bordi. Malikaning oltinga to‘la katta hamyoni bor edi, u hamyonga qo‘l solib undan ikkita narsa chiqardi. “Buning bittasini, mabodo kasal bo‘lib qolsam yeyishim uchun o‘zimga saqlayman, mana bu ikkinchisini senga beraman, buni yesang sog‘ayasan”, - dedi. Sa'id: “Bu nima narsa ekanki, bu xotin shunchalik aziz va ulug‘ tutib menga berdi”, - deb ajablandi va xotin chiqib ketgach qarasa, u narsa eskirib ketgan bir dona xurmo ekan. Shunda u odamlariga buyurdi: ular beshta tuyaga yangi xurmodan ortib xotinning oldiga eltdilar. Xotin qoplarni ochib, ko‘p xurmoni ko‘rdi. Hamyonini ochib o‘zining bir donagina, hamyonda oltinlar bilan qo‘shib saqlanadigan, ardoqli xurmosini chiqardida, u xurmolar bilan solishtirdi. Qarasa ular o‘zi saqlab yurgan xurmodek ekan. Shunda u xijolat bo‘lib qaytib kelib, uzr aytib: “Bizda bunday narsalar ko‘p bo‘lmaydi, bu ikki dona xurmoni kasallik paytida iste'mol qilish uchun ko‘p yillardan beri saqlab yurardim”, - dedi.

Arablar kelguniga qadar o‘sha zamonning imkoniyatlariga ko‘ra xurmolar o‘sadigan o‘lkalar bilan savdo aloqalari juda kam bo‘lgan. Shuning uchun boshqa mevalar qatorida xurmo ham bu yurtlardagi odamlar tanimaydigan, faqat podshohlargina bir nechtasini qo‘lga kiritsa ham ko‘p yillar faqat dorilikka saqlaydigan narsa edi.

Islom kelgach dunyoga bu go‘zal din o‘zi bilan juda ko‘p yaxshiliklarni tarqatdi. Shu kabi xurmoni ham.

Yoqub To‘xtashov Manba (Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asari) asosida tayyorladi


Kiritilgan vaqti: 27/10/2023 16:22;   Ko‘rilganligi: 175
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ozbekiston-hududlariga-xurmoning-kelishi
Chop etilgan vaqti: 03/05/2024 17:09
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing