O‘zaro yordam – birodarllik asosi
Islomda aksar shar'iy matnlar umumiy xitob bilan kelgan. Alloh taolo Qur'onda sakson to‘qqizo‘rinda “Ey iymon keltirganlar”, yigirma joyda“Ey insonlar”, yana besh marta “Ey Odam bolalari” deb umumiylikka, ko‘pchilikka qarata xitob qilgani jamiyat, ijtimoiy hayot, o‘zaro yordam va hamkorlikning ahamiyatini ko‘rsatadi.
Alloh taolo mo‘minlarni o‘zaro hamkorlik qilishga buyurib: “Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang. Allohga taqvo qiling. Albatta, Alloh iqobi shiddatli zotdir”, (Moida, 2) deydi.
Ushbu oyat tafsirida Qurtubiy: “Bu butun maxluqotning yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilishi, ya'ni bir-biringizga yordam berishingiz, Alloh taolo buyurgan narsaga da'vat qilishingiz va unga amal qilishingiz, Alloh man qilgan narsadan tiyilishingiz va undan saqlanishingiz uchun amrdir”, deb ta'kidlagan.
Movardiy aytadi: “Alloh taolo yaxshilik yo‘lida hamkorlik qilishni farz qildi va unga taqvoni qo‘shib qo‘ydi, chunki taqvoda Allohning roziligi, yaxshilikda esa odamlarning roziligi bor. Kim Alloh taolo va odamlarning roziligini o‘zida jamlasa, uning saodati to‘liq bo‘lib, inoyati keng tarqalgan bo‘ladi”.
Yana bir oyatda Alloh taolo: “Albatta, mo‘minlar birodardirlar. Ikki birodaringiz o‘rtasini isloh qiling va Allohga taqvo qiling, shoyadki rahm qilinsangiz”, (Hujurot, 10) deb marhamat qiladi.
Musulmon kishi birodarini har qanday holatda ham tashlab qo‘ymaydi. Bu haqda hadisda bunday deyiladi:
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birodaringga zolim holda ham, mazlum holda ham yordamlash”, dedilar. Bir kishi: “Ey Rasululloh! Mazlum bo‘lsa yordamlashaman, ammo zolim bo‘lsa qanday yordam beraman?” dedi. Shunda u zot: “Uni zulmdan qaytarishing sening unga yordaming bo‘ladi”, dedilar.
Yana bir hadisdaRasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Musulmon musulmonning birodari, unga zulm qilmaydi va uni tashlab qo‘ymaydi. Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim musulmondan bir tashvishni aritsa, Alloh uning qiyomat tashvishlaridan birini aritadi. Kim musulmonning aybini berkitsa, Alloh qiyomat kunida uning aybini berkitadi”, deganlar (ikkovini Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
O‘zaro yordam ko‘rinishlari:
Do‘stiga moddiy yoki ma'naviy jihatdan ko‘maklashish, bemor bo‘lganda borib ko‘rish, yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish, nasihat qilish, maslahat so‘rash.
Ko‘chaga axlat tashlamaslik orqali uning tozaligi va go‘zalligini ta'minlash, atrof-muhitni va jamoat obektlarini saqlash, jamoat tadbirlarida, hasharlarda ishtirok etish.
Keksa odamga yo‘lni kesib o‘tishida yordam berish.
Muhtoj hamkasblarga har tomonlama yordam berish, hamkasblar orasida yaxshilik va go‘zal xulq-atvorni yoyish.
O‘zaro yordam va hamkorlikning foydalari:
Hamkasblar o‘rtasida iliq rishtalarpaydo bo‘ladi va mustahkamlanadi.
Allohning roziligiga sabab bo‘ladi, chunki banda birodariga yordam bersa, Alloh ham bandasiga yordam beradi.
Odamlar o‘rtasida muhabbat, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat kuchayadi.
Qalblardan gina, nafrat va hasadni ketkazadi.
Har bir inson hayotning turli jabhalarida boshqalarning bilimi va tajribasidan foydalanadi.
Allohning yordami jamoat uzradir.
Xudbinlik, boshqalarning manfaatini o‘ylamaslik va o‘z-o‘zini sevish kamayadi.
Hamkorlik va o‘zaro yordam islom dinining asoslaridan biri bo‘lib, musulmon kishi dunyo va oxirat saodatiga erishish uchun doimo unga intilishi kerak.O‘zaro yordam oliy qadriyatlardan biri, dinimiz talabi va jamiyat tayanchidir.
Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Kiritilgan vaqti: 15/08/2022 15:28; Ko‘rilganligi: 1696
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:20