O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zingizni halokatga tashlamangiz!

 
 

Alloh taolo insonga bergan ne'matlarning ichida eng qimmatli va muhimlaridan biri – hayot, tiriklik ne'matidir. Alloh insonga hayot ne'matini, bu dunyoda yashash huquqini berar ekan, bu omonat - hayotni asrab, uni muhofaza etishga buyuradi. Jamiyatimizda oz bo‘lsada uchrab turayotgan musibatlardan biri bu o‘z joniga qasd qilishdir. Alloh taolo Niso surasida: «O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang! Albatta, Alloh sizlarga rahmlidir» degan. Insonga hayot ne'matini Alloh bergan ekan, uning hayotini faqat O‘zigina olishga haqlidir. Hattoki, o‘sha yashash huquqi berilgan kishi o‘z hayotiga o‘zi ham suiqasd qila olmaydi. Dinimizda birovni o‘ldirish qanchalik og‘ir gunoh bo‘lsa, o‘zini o‘zi o‘ldirish ham shunchalik og‘ir jinoyatdir.

Inson o‘z joniga suiqasd qilishiga kishilarning dindan uzoqlashishi, ma'rifatsizlik, to‘qchilik, yo‘qchilik, shahvoniy, nafsoniy sevgi, o‘z joniga qasd qilishni muammoning yechimi sifatida ko‘rish, o‘limning haqiqati, qabr azobi, oxirat, qayta tirilish, qiyomat va do‘zaxdagi azob-uqubatlardan bexabarlik, ruhiy  xastalik kabi omillar sabab bo‘ladi.

Bu illatdan saqlanish uchun ilm-ma'rifatli, ziyoli kishilar, yoshi ulug‘larimiz Farzandlarimizga dinimiz asoslari, ibodatning ma'nosi, gunoh-savob, halol-haromni oiladan o‘rgatib borishimiz kerak. Ularning oldiga yuksak marralar va maqsadlar qo‘yib, o‘sha tomonga yetaklashimiz, kerakli yordamni berishimiz kerak. Yana ularni turli zararli odatlardan saqlasak, bo‘sh vaqtlarini bilim o‘rganish, sport bilan shug‘ullanishga sarflasak, natija yaxshi bo‘ladi.

Shuni bilish kerakki, biror qiyinchilikdan qutilish yoki kimdandir norozi bo‘lib o‘z joniga qasd qilish – masalaning yechimi emas. Muammolari shu bilan hal bo‘lib qolmaydi. Aksincha, gunohkor bo‘lib, oxiratda azobga duchor bo‘lib,, dunyoda orqasidan qolgan ota-ona va yaqinlarini qattiq qayg‘uda qoldiradi.Bu gunohning yomonligini bildirish uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘tgan qavmlar hayotidan ham misol keltirdilar:

Sizlardan oldin o‘tgan qavm orasida bir yaralangan kimsa bor edi. U og‘riqqa chiday olmasdan, qo‘liga pichoq olib, yaralangan qo‘lini kesdi. Natijada u qon yo‘qotish tufayli vafot etdi. Shunda Alloh taolo: “Bandam o‘zini-o‘zi o‘ldirib, mening unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni harom qildim”, – dedi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Mo‘min-musulmon kishi hayot qiyinchiliklarini dunyoning sinovi ekani, har bir musibat, hatto tikanning kirishi ham ajrsiz qolmasligini biladi. Alisher Navoiy o‘z hikmatlarida: “Sakson yil yashash uchun sakson yillik sabr kerak”, – deganlar. Demak, inson balo va musibatlarga qarshi sabrni qalqon qilib olishi kerak. Chunki dinimizning ta'limoti bo‘yicha dunyoda yuz beradigan barcha ishlar Alloh taoloning xohish irodasi bilan bo‘ladi. Navf al-Bakoliydan shunday rivoyat keltiriladi. Mo‘min bilan kofir kimsa baliq oviga chiqibdi. Kofir to‘rini suvga tashlar ekan, o‘zining olihalarini nomini tilga olibdi. Mo‘min esa Alloh azza va jallaning buyuk nomini aytib to‘rni suvga tashlabdi. Kofir har to‘rni tortganida unga baliq to‘lib chiqar, mo‘minniki esa bo‘sh qaytardi. Ov nihoyasiga yetar ekan kofirning qayig‘i baliqqa to‘ldi. Mo‘min kishi esa oxirgi tortganida birgina baliqni tutishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo u ham bir silkinish bilan qulidan chiqib, suvga sho‘ng‘ib ketdi va u quruq qo‘l bilan uyga qaytdi. Mo‘min kishiga vakil qilingan farishta Alloh subhanahu va taolodan buning sir-sanoatini so‘radi. Chunki mo‘min kishi Allohga iymon keltirgan, unga doim toat va ibodatda bo‘ladi. Kofirning esa na iymoni va na toati bor. Shunday bo‘lsada u ilohlarining nomini tilga olib boshlagan ovi barakali bo‘ldi. Mo‘min esa ovdan quruq qaytdi. Alloh taolo shunda mo‘min kishining bu ishlarga qilgan sabri uchun unga jannatda hozirlab qo‘ygan joyini ko‘rsatdi. Kofirning ham oxiratdagi manzili unga ko‘rsatildi. Demak, bu dunyoda qaysi bir mo‘min kishiga biror musibat va sinov yetsayu, unga sabr qilsa, buning mukofoti oxiratda faqat va faqat jannat ekan.  

Inson umriga zavol bo‘ladigan yana bir illat borki, ayrimlar vaqtinchalik kayfu safo deb turli xil giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni iste'mol qilishmoqda. Vaholanki ularbuning oqibati o‘lim bilan yakun topishini yaxshi biladilar. Bila turib, sog‘ligi va joniga zarar keltiradigan harom narsalarni iste'mol qilish ham katta gunohlardan sanaladi.

Yana bir achinarli holat borki, o‘z-o‘zini turli yo‘llar bilan o‘ldirish – xudkushlik  hozirgi vaqtda ba'zi bir mutaassib toifalar orasida odat tusiga aylanib qolmoqda. Tanasiga portlovchi moddalarni bog‘lab, jamoat joylarida o‘zlarini portlatib yuborayotgan kimsalar to‘g‘risida eshityapmiz. Bunday ayanchli holatni “shahidlik maqomi” deb baholayotgan kishilar ana shu mudhish jinoyatlarning sababchilaridir. Holbuki, o‘z-o‘zini o‘ldirish – xudkushlik shahidlik emas, balki jaholat va qabohatdir. O‘zlarini portlatayotgan kimsalar gunohi azimga qo‘l urmoqdalar, avvalo o‘zlarini va qanchadan-qancha odamlarning o‘limiga, bolalarning yetim qolishiga, ota-onalarning farzand dog‘ida kuyishlariga sababchi bo‘lmoqdalar.

Ularni o‘zlariga yoki mashinalariga portlovchi moddani bog‘lab olib xalq ichiga kirib o‘zini portlatib begunoh insonlarning umriga zomin bo‘layotganliklari va mana shu qilgan amalim meni shahid bo‘lishimga sabab bo‘ladi deya xom hayol qilayotganliklari juda ham achinarlidir. Bu o‘y harakatlar ostida sayoz ilm, jaholat va singdirilgan yot, vayronkor g‘oyalar yotadi. Ular bu harakatlari bilan o‘zlarining ham  qadrli jonlariga qasd qilmoqdalar.

Allohga ishonganini va Qur'on amrlariga bo‘ysunganini tasdiqlaydigan har bir kishi ana shunday ishlarni qilmaydi. Bu vahshiylik faqat aql-idrok va vijdonidan mahrum bo‘lgan, iymonning haqiqiy mazmunini anglashda qattiq adashayotgan, Qur'onning ilohiy da'vatini bilmaydigan, ongi o‘zgalar tomonidan nafrat va alamzadalik orqali boshqariladigan, xudosiz mafkura va keng miqyosdagi tashviqot ta'siriga tushib qolgan kimsalarninggina qo‘lidan keladi.

Xulosa shuki, mo‘min-musulmon kishi doimo Allohning rahmatidan umidvor bo‘lib, azobidan qo‘rqishi kerak. Ana shunda uning imoni salomat bo‘ladi, shayton vasvasalaridan omonda bo‘ladi.

 ZAYNIDDIN ESHONQULOV – O‘zbekiston musulmonlar idorasi Samarqand viloyat vakili, viloyat bosh imom xatibi

 


Kiritilgan vaqti: 25/02/2023 16:40;   Ko‘rilganligi: 300
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/oz-qollaringizbilan-ozingizni-halokatga-tashlamangiz
Chop etilgan vaqti: 29/04/2024 10:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing