O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Otamizdek mehribon edilar

 
 

Eslab...

Muftiy hazratlari – Usmonxon Alimov juda mehribon, ayniqsa, ayollarning hurmatini joyiga qo‘yadigan inson edilar. U kishi ustozlarning duolarini olishni odat qilgan edilar.

Kechagidek esimda: 2006 yilning avgust oyida muftiylik vazifasiga tayinlanganlarida muftiy hazratlari Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon, Yusufxon Shokirov kabi ustozlarining xonadonlariga tashrif buyurib, duolarini olishni niyat qilgan ekanlar. O‘shanda bizning ota uyimizga ham kelgandilar. Shu kuni hazrat uzoq yillar davomida diniy idorada faoliyat yuritgan otamiz Abdulg‘ani Abdullohni eslab haqlariga duo qildilar. Bu tashrif xotiramda mangulikka muhrlandi.

Menga muftiy hazratlari bilan birga ishlab, duolarini olish baxti nasib qildi.

Hazrat idorada barcha xodimlarga xushmuomalalik bilan munosabatda bo‘lardilar. Biz u kishiga biror joyda duch kelib qolsak, bee'tibor o‘tib ketmas, albatta, to‘xtab: “Yaxshimisiz, oilangiz tinchmi, farzandlaringiz yaxshi yurishibdimi?” deb hol-ahvol so‘rar va duo qilar edilar.

Ish yuzasidan xizmat safarlariga chiqishdan oldin muftiy hazratlarining oldilariga kirib, maslahat so‘rardik. U kishi o‘z maslahatlarini bergach, doimo: “Ona qizim, yaxshi borib keling”, der va qo‘llarini duoga ochar edilar. So‘ng darhol masjidlar bo‘limi xodimlaridan birini chaqirib, bizni viloyatda yaxshi kutib olishlarini, safar davomida qiynalib qolmasligimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berishlari lozimligini tayinlardilar. Hazrat  doimo o‘z maslahatlarini ayamas, ish faoliyatimiz  bo‘yicha kerakli o‘gitlarni berishni kanda qilmas edilar.

Ishda ham, safarda ham doimo u kishining ishonchlarini oqlashimiz lozimligi yodimizda turardi.

Bir voqeani aytib bersam. Bir necha yil oldin opamning o‘g‘li avtohalokatga  uchrab, komaga tushib qoldi. Pochcham o‘sha paytda masjidda imom noibi bo‘lib ishlar edilar. Muftiy hazratlarining huzurlariga kelib, o‘g‘illarining haqqiga duo qilishlarini so‘radilar. Hazrat jiyanimning haqqiga duo qilish bilan birga, Toshkent shahridagi masjidlar imomlariga juma namozlarida ham duo qilish haqida topshiriq berdilar. Kechga borib, jiyanim o‘ziga kelib, komadan chiqqani haqida xabar berishdi.

Ha, hazratimiz shunday duogo‘y, halim, barchamizga otamizdek mehribon inson edilar... U kishi Payg‘ambarimiz alayhissalom avlodlaridan bo‘lganlari uchun ham duolari ijobat edi. Bundan tashqari, Qur'onga o‘zgacha muhabbatli edilar. Ko‘plab shogirdlarni tarbiyalab, yetishtirganlar ham. Bu haqda ayollari Adolat hoji ona ko‘p bor eslaydilar. Farzandlar tarbiyasida-da o‘ziga xos uslubga ega edilar.

Alloh taolo muftiy hazratimizning  solih amallarini, dinimizga qilgan xizmatlarini, ilm-ma'rifat, ziyo taratish yo‘lidagi sa'y-harakatlarini husni qabul aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Chekkan dardlarini barcha sahvu xatolariga kafforat qilsin. Qabrlarini jannat bog‘chalaridan qilib, oxiratlarini obod etsin!

Haq taolo o‘tgan barcha ustoz olimlarimizni g‘ariqi rahmat, shohistayi jannat qilsin. Omin!

 

Maryamxon ABDULLAYEVA,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimasi


Kiritilgan vaqti: 21/08/2021 09:23;   Ko‘rilganligi: 506
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/otamizdek-mehribon-edilar
Chop etilgan vaqti: 15/05/2024 08:36
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing