O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

OTA O‘Z FARZANDIGA CHIROYLI ODOBDAN AFZALROQ NARSA BEROLMAYDI

 
 

Sharq mutafakkirlari bola tarbiyasiga ta'sir qiladigan davrni uch guruhga ajratadilar.

Birinchisi, oq bilan qorani tanimaydigan bola. Bunday bola tabiati hali yomonlik g‘ubori bilan bulg‘anmagan, qalbini esa buzuqlik va fasod egallab olmagan bo‘ladi. Bunday bolaga pand-nasihat tez ta'sir qilib, uni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llash oson kechadi.

Ikkinchisi, oq bilan qorani ajratadigan bo‘lib qolgan bola. Bu toifadagi bola o‘z nafsiga asir tushib yaxshilik tomonga burila olmay yurgan bo‘ladi. U qilayotgan ishining yomonligini bilib, o‘z ayb-nuqsonlarini e'tirof etadi. Bunday odamni tarbiyalash birinchisiga nisbatan qiyinroq, ammo unga doimiy tarbiya berilib, har xil nasihatlar va tanbehlar berib borilsa, albatta yomonlik ko‘chasiga kirmaydi.

Uchinchisi, oilada botil xayol va buzuq fikrli bo‘lib o‘sib-ulg‘aygan bola. U umr bo‘yi nohaq ishlarni haq deb bilib kelgan va shunga astoydil e'tiqod qo‘ygan bo‘ladi. Yomonlik qilsa ham uni o‘zicha yaxshilik deb o‘ylaydi. Bunday bolani tarbiya qilish juda og‘ir. Donolar yaxshi yoki yomon xulqli bo‘lishni oila muhiti bilan bog‘lashadi.

Aytishlaricha, yomon xulqli ayoldan tug‘ilgan va yaramas ota tarbiyasini ko‘rgan farzanddan yaxshilik kutish qiyin. Chiroyli xulq oftobga o‘xshaydi, oftob muzni eritgani kabi, chiroyli xulq ham barcha yomonliklarga barham beradi. Muhammad ibn Muhammad Jomiyning fikricha, bola yetti yoshga yetgach, uni ilm olishga va johillikdan qutqarishga o‘rgatiladi, agar ilm olishni istamasa, ortiqcha majburlanmaydi va birorta yaxshi hunarga o‘rgatiladi. U shunday deb ta'kidlaydi: «Agar moling qancha ko‘p bo‘lsa, farzanding ilm va hunar olishi yo‘lida sarfla, chunki molu-davlatga ishonib bo‘lmaydi, hunar esa hech qachon o‘lmaydi.

Ilm va hunar o‘rganmaydigan kishilar haqida olimlar shunday deydilar: Bunday kishilar yo zohid, yo tanbal yoki takabbur kishilardir. Agar u zohid bo‘lsa, tez kunda ta'na balosiga giriftor bo‘ladi. Agar tanbal bo‘lsa, gadolik yo‘lini tutadi. Agar takabbur bo‘lsa, nochorlikdan qiynalib, o‘g‘rilik yo‘liga kiradi. Kimki kasb-korga ega bo‘lsa, bunday illatlardan uzoqda bo‘ladi.

Bir hadisi sharifda: «Ota o‘z farzandiga chiroyli odobdan afzalroq narsa berolmaydi», deyilgan  (Imom Termiziy rivoyati). Demak, odob va tarbiya bolaning kelajakda yaxshi inson bo‘lishini ta'minlaydi. Yaxshi inson bo‘lib voyaga yetgan bola, oxiratda ham ota-onasiga katta ajr-savoblar keltiradi. Ota-ona farzand tarbiyalashda uni yedirib-ichirish va kiydirishdan tashqari ilm va odob ham berishi nur ustiga nurdir. Shundan ekan, bolaning odobli yoki odobsiz bo‘lib ulg‘ayishiga eng avvalo ota-onasi sababchi bo‘lsa, dastlab shu dunyoda rohatini ko‘radi, so‘ng undan rozi holda dunyodan o‘tadi. 

Bolibekova Dilnoza – Ishtixon tuman otinoyisi


Kiritilgan vaqti: 12/01/2022 21:56;   Ko‘rilganligi: 824
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ota-oz-farzandiga-chiroyli-odobdan-afzalroq-narsa-berolmaydi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 05:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing