O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ota oila ustuni

 
 

Otaning farzandga mehri muhabbati cheksizdir. Dunyoga kelganimizda eng ko‘p xursand bo‘lgan zot. Qalbi bizga bo‘lgan muhabbat bilan to‘lib toshgan azizimiz, baxtimizni o‘z baxtidan ustun deb bilgan inson – otadir. Farzand otaning bir qismi, bo‘lib suratda va xulq atvorda unga o‘xshaydi. Shuning uchun ota farzandi tarbiyasiga diqqat qiladi. O‘zi istagan fazlu kamolni farzandiga berishga, uni o‘zidan ham ko‘ra mukammal qilib yetishtirishga g‘ayrat qiladi. Bu maqsadi yo‘lida har qanday mashaqqatga bardosh beradi. “Tarbiya qilgan otasiga rahmat!”, degan olqishni eshitishni, farzandi orqali naslining davom etishini orzu qiladi.

Manashunday ulug‘ zot otalarimizga hurmat ko‘rsatish, ularning roziligini olish har bir farzandning zimmasidagi mas'uliyat hisoblanadi.

Alloh taolo qur'oni karimning “Ahqof” surasi 15-oyatida shunday marhamat qiladi:

“Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik…”

Allohga osiy bo‘lmaydigan har bir ishda otaga itoat qilinadi. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam bizni otalarimiz xaqlarida ogohlantirib shunday dedilar.

Abdulloh bin Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhi salom dedilar: “Allohning roziligi otaning roziligida, Allohning g‘azabi otaning g‘azabidadir”.

Mazkur hadis bizga ogohlanishimiz uchun chiroyli nasihatdir. Otalarimiz bizdan rozi bo‘lar ekanlar bu rozilik albatta bizni Robbimizning roziligiga olib boradi. Otasini rozligini topib Allohning roziligini topgan insonga dunyoda o‘zlari loyiq bo‘lgan mukammal saodatli hayot, oxiratda esa abadiy jannat bo‘ladi.

Kimki otasining dilini og‘ritib, ularni ranjitsa, garchi ular noroziman, sendan g‘azablandim deb aytmasalar ham  bunday dil og‘ritish Allohning g‘azabiga sababchi bo‘ladi. Hamda bunday dilozor farzandga dunyoda o‘z farzandlari timsolida jazo berilib, hayoti qiynoq va azobda o‘tadi. Otasining g‘azabi sababidan Robbisi g‘azabiga yo‘liqqan farzandga dunyo hayotida hech qanday yaxshilik yo‘q. Bunday farzand qilmishining jazosini tezda topadi, oxiratda ham alamli azobga duchor bo‘ladi.

Otamizga qiladigan yaxshiligimizni, ularga bo‘ladigan ikromimizning natijasini Alloh bizga naslimizdan chiqadigan farzandlarimiz vositasida ko‘rsatadi.

Ota farzandini dunyo olovidan qanchalik himoya qilsa, oxirat olovidan undan-da ko‘proq himoya qilmog‘i kerak. Odob tarbiya vositasida yaxshi xulqlarni o‘rgatish, yomonliklardan qaytarish, to‘kin sochinliklarga odatlantirmaslik, ziynatga muhabbat uyg‘otmaslik bilan ota farzandini oxirat olovidan asraydi. Aksincha bola dunyo talabida ulg‘aysa, nafsiga qarshi kurasha olmasa, halokatga yuz tutadi.

Qur'oni karimda ko‘rsatilgan qissalardan ayrimlariga murojaat qiladigan bo‘lsak, Ibrohim alayhissalom va otalari Ozar o‘rtasidagi voqeani aynan ibrat sifatida olishimiz mumkin bo‘ladi.

“Maryam” surasining 41-45 oyatlarida Ibrohim alayhissalom: “Ey otajon, nima uchun eshitmaydigan, ko‘rmaydigan va sizga biron foyda beraolmaydigan narsaga ibodat qilasiz? Ey otajon, albatta, sizga kelmagan ilm menga keldi. Bas, menga ergashing, sizni to‘g‘ri yo‘lga boshlayman. Ey otajon, shaytonga ibodat qilmang. Albatta, shayton Rahmonga osiy bo‘lgandur. Ey otajon, albatta, men sizni Rohman tomonidan azob tutishidan va shaytonga do‘st bo‘lib qolishingizdan qo‘rqaman” degan edi.

Ibrohim alayhissalomning butlarni yasovchi otalari bilan qilgan suhbatlaridan bir qissa. Ota kim bo‘lsa ham farzand uchun o‘rni yo‘qolmaydi. Ular hamma vaqt Alloh o‘lchab bergan xaqlariga, bizning chiroyli muomalamizga haqlidir.

Xalilullohning otalariga bo‘lgan murojatlarini qarang: EY, OTAJON! Vaholanki otalari Ozar Allohga shirk keltirgan inson edi. Ibrohim alahissalom otalariga ibodatda ergashmadilar lekin bu narsa u zotni otalariga bo‘lgan ikromlarini va iltifotlarini kamaytirmadi. Alloh bu qissada bayon qilingan suhbatni qiyomatgacha keladigan ummat uchun ibrat o‘laroq O‘z kalomida keltirdi.

Ibrohim alayhissalomning otalariga qilgan muomalalarining mukofotini Alloh taolo Soffat surasining 102-oyatida shunday bayon qiladi:

Bas, qachonki (bola) uning o‘zi bilan birga yuradigan bo‘lganida: “Ey o‘g‘ilcham, men tushimda seni so‘yayotganimni ko‘rmoqdaman, boqib ko‘r, nima deysan?” dedi. U: “Ey otajon, senga amr etilganni bajar, insha Alloh, meni sabr qiluvchilardan topursan”, dedi.

Ibrohim alayhissalomning otalariga qilgan go‘zal muomalalari uchun Alloh taolo tomonidan Ismoil alayhissalom orqali berilgan tuhfa edi. Endi kim farzandlaridan yaxshi muomalani kutsa avval otasi bilan bo‘ladigan suhbatni chiroyli qilib, bu da'voga loyiq bo‘lsin.

G‘.Hamzayev Urgut tuman “Xo‘ja Ubaydullo” jome masjidi imom-noibi


Kiritilgan vaqti: 22/10/2023 20:35;   Ko‘rilganligi: 908
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ota-oila-ustuni
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 03:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing