Ona Suti: Shariatdagi Hukmlari, Foydalari va Zamonaviy Ilmiy Qarashlar

Ona suti — bola uchun Alloh tomonidan yaratilgan eng mukammal ozuqa bo‘lib, Islom shariatida ham, tibbiyotda ham uning ahamiyati juda ulug‘ hisoblanadi. U nafaqat bolaning tanasi va immunitetini mustahkamlaydi, balki uning ruhiyat va ma'naviyatiga ham ta'sir etadi.
Islom shariatida ona sutining qadri Qur'on oyatlari va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida ochiq bayon qilingan.
Alloh taolo:
۞ وَالْوَالِدَاتُ يُرْضِعْنَ أَوْلَادَهُنَّ حَوْلَيْنِ كَامِلَيْنِ
«Onalar farzandlarni to‘liq ikki yil emizadilar.» (Baqara, 233) deb buyuradi. Bu oyat emizishning muhimligi va foydasiga ishora qiladi.
Baro' raziyallohu anhu aytadilar:
Ibrohim alayhissalom (Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘g‘illari) vafot etganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Albatta (Ibrohim) uchun jannatda uni emizuvchi bor.”deganlar.
Bu esa ona suti juda muhim zarur va foydali ekanini bildiradi.
Fiqhiy jihatdan, ikki yil ichida bola boshqa ayolning ko‘kragidan emsa, u ayol ham, uning farzandlari ham bolaga mahram hisoblanadi va ular bilan nikoh halol bo‘lmaydi. Chunki bitta onadan emgan shaxslar “hamshira” bo‘lib, mahramlik hukmi joriy bo‘ladi. Bizning Hanafiy mazhabimizda bola ona ko‘kragini og‘zi bilan ushlasa ham mahramlik sobit bo‘ladi; Shofeiy mazhabida esa bu hukm besh marta emizish bilan vujudga keladi. Bu masala fiqh kitoblarimizda batafsil bayon qilingan.
Onalar bolani emizmay, boshqa turli ozuqalar bilan o‘stirsa, avvalo o‘z salomatligini xavf ostiga qo‘yadi — ko‘krak bezi saratoni xavfi oshadi. Bolaga ham katta ta'siri bor: immuniteti past bo‘ladi va
hokazo.
Ona sutining tibbiy foydalari zamonaviy tibbiyotda isbotlangan. U bolaning immunitetini mustahkamlaydi, infeksiyalardan himoya qiladi, allergiya va ichak kasalliklarini kamaytiradi, bola miyasining rivojlanishiga kerakli omillarga boy va bolaning o‘sishi uchun tabiiy muvozanatdagi moddalarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, ona uchun ham foydasi katta: bachadonning tez tiklanishi, ko‘krak saraton xavfining kamayishi, ortiqcha vazndan xalos bo‘lish va ruhiy xotirjamlikka yordam berishi ular jumlasidandir.
Ona suti bola bilan ona o‘rtasidagi mehr, ishonch va ruhiy bog‘liqlikni mustahkam qiladi. Bu bog‘lanish kelajakda bolaning ruhiy barqarorligi, ishonchi va shaxsiyatiga ijobiy ta'sir qiladi. Imom G‘azzoliy ham ona suti orqali bolaga faqat ozuqa emas, balki onadan axloq va ruhiy ta'sir o‘tishini qayd etgan.
Zamonaviy hayotda, ayniqsa shaharlarda, emizishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda: ish joylarida sharoitlar yetishmasligi, onalik ta'tilining qisqaligi, stress, tezkor turmush tarzi. Bunday vaziyatlarda maxsus emizish xonalari, ish joyida onalar uchun qulayliklar yaratish kabi yechimlar hal qilish zarurdir.
Xulosa qilib aytganda, ona suti – bola uchun jismoniy va ma'naviy jihatdan eng sog‘lom, tabiiy va mukammal rizqdir. Shariat ham, tibbiyot ham uni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Har bir musulmon ota-onaga tavsiya qilinadi: imkoni boricha bolani ona suti bilan emizing. Chunki ona suti farzandning sog‘lom, kuchli va ruhan barqaror bo‘lib ulg‘ayishi uchun eng katta sarmoyadir.
Melikov Abdulloh manbalar asosida tayorladi
Kiritilgan vaqti: 26/11/2025 15:43; Ko‘rilganligi: 41
Chop etilgan vaqti: 05/12/2025 20:21





















