O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ona sog‘lom bo‘lsa, jamiyat sog‘lom bo‘ladi

 
 

Islom faqat inson hayotining ruhiy, ma'naviy kamolotiga e'tibor beribgina qolmay, ayni vaqtda uning jismoniy jihatlarini ham qamrab olgan[1]. Ma'lumki, shariat bandalarning besh zarurat (din, jon, nasl, mol, aql)ni saqlashlari maqsadida joriy qilingan. Biroz o‘ylab ko‘rilsa, ushbu zaruratlarning uchtasi: jonni, naslni, aqlni asrash  aynan salomatlik bilan bog‘liq ekanini bilamiz. Bundan islom dinida inson salomatligiga qanchalik yuksak e'tibor qaratilganini ko‘rish mumkin.

Muqaddas dinimizda ayollar salomatligi, xususan onalar salomatligiga alohida e'tibor berilgan. Chunki, ona xonadon bekasi, farzandlari tarbiyasi va salomatligi borasida birinchi mas'ul shaxs hisoblanadi.

Abdulla Avloniy: “Badanning salomat va quvvatli bo‘lmog‘i insonga eng kerakli narsadur. Chunki o‘qumoq, o‘qutmoq va o‘rgatmoq uchun insonga kuchlik, kasalsiz jasad lozimdur. Fikr tarbiyasi uchun mahkam va sog‘lom vujud kerakdur” deb ta'kidlagan[2].

Darhaqiqat, ona salomat bo‘lsa, ibodatlarini puxta bajarib, turmush o‘rtog‘i va farzandlari oldidagi burchlarini to‘la ado eta oladi. Zero, farzandning sog‘lig‘i onaning sog‘lig‘i bilan bog‘liq. Agar ona sog‘lom bo‘lsa, farzandi ham sog‘lom dunyoga keladi, to‘yib ozuqalanadi va bus-butun unib, o‘sadi. Demak, muqaddas dinimizda onalar farzandining salomatligi uchun birinchi mas'uldirlar.

 Islomda ayollarni tug‘ilganlaridan umrlarining oxirigacha kerakli narsalar bilan ta'minlash erkaklarning zimmasiga yuklatilganligi, shuningdek, jamiyat uchun kerakli og‘ir ishlarini bajarish ham erkaklarga yuklatilganligi uchun ayollarni hurmatlab, ularga ishlash mas'uliyati yuklatilmagan[3].

 Ayollar turmushga chiqqunicha otalari, nikohdan so‘ng esa erlari qaramog‘ida bo‘ladilar. Ularning moddiy va ma'naviy ta'minotlari mahramlari zimmasiga yuklatiladi.

Ayollar aslida tabiatan nozik, erkaklarga nisbatan quvvatlari kam bo‘lgani tufayli og‘ir mehnatga jalb qilinmaydi.  Lekin bu degani ayollarni jismoniy harakatdan cheklab fo‘yish kerak, degani emas. Ular toqatlariga yarasha, kuchlari yetadigan yumushlarni bajarishlari, o‘z uylarida yoki nomahram erkaklardan holi joyda jismoniy mashqlar bilan bemalol shug‘ullanishlari mumkin.

“Sog‘lom tanda - sog‘ aql” deb bejiz aytilmagan. Inson hayotining har bir oni uning jismi bilan bog‘liq. Ikki dunyo saodatiga erishish, va o‘zidan yetuk nasl qoldirishi uchun ham inson sog‘lom bo‘lishi kerak, bu o‘z navbatida fikrining sofligiga olib keladi. Imom Shofe'iy: “Ilm ikki xildir: biri badan ilmi, ikkinchisi din ilmi”, deydi. Bundan sihat-salomatlik qoidalariga amal qilish barcha eshiklarni ochuvchi kalit, degan xulosa kelib chiqadi[4].

Ayollarning jismonan sog‘lom bo‘lishlari uchun o‘zlariga munosib bo‘lsa, ma'lum bir jismoniy mehnatlar yoki mashqlarni bajarishlaridan qaytarilmagan. Aksincha, doimo kishining jismoniy va ruhiy salomatligiga manfaat beradigan amallarga targ‘ib qilingan. Bu borada ummul mo‘minin onalarimiz yaqqol misoldirlar.

Oisha onamiz roziyallohu anho ayollarning ishsiz qolishiga qarshi edilar. U kishi ayollarni doimo foydali mehnatga chorlar edilar va: “Ayol kishining qo‘lidagi urchuq Allohning yo‘lida jihod qiluvchi mujohidning qo‘lidagi nayzadan yaxshidir”, der edilar[5].

Bu hadisdan ko‘rinib turibdiki, ayol kishi uyda oddiy mehnat bilan shug‘ullanib, o‘zining jismoniy-ruhiy kamolotiga sabab bo‘ladigan, ko‘pchilikka manfaati yetadigan mehnat bilan shug‘ullanib, Alloh yo‘lida jihod qilishdanda ko‘ra ko‘proq ajru-savobga ega bo‘lishi mumkin ekan.

Hazrati Oisha roziyallohu anho bir kuni bir ayolning qo‘lida urchuqning izini ko‘rib qolib: “Senga Alloh tayyorlab qo‘ygan narsalarning bashoratini beraman. Ey ayollar jamoasi! Alloh sizlar uchun tayyorlab qo‘ygan narsalarning ba'zisini ko‘rganingizda, ertayu, kech tinim bilmas edingiz. Qay bir ayol o‘zi, eri va bolalari uchun urchuq yigirsa, albatta, Alloh azza va jalla unga jannatdan mag‘rib va mashriqdan kengroq unga uy beradi. Har bir to‘qigan kiyimi uchun unga bir yuz yigirma ming shahar beriladi.

Ey ayollar jamoasi! Erlaringizga itoat qilganingiz, bolalaringizga xizmat qilganingiz uchun sizlarga Alloh taoloning huzuridagi narsalarning bashoratini qabul qiling! Sizlar bu dunyoda miskin bo‘lsangiz ham, u dunyoda anbiyolarning xotinlari bilan birga jannatga birinchi borganlardan bo‘lasiz. Alloh taolo sizlarning kabiradan boshqa gunohlaringizni mag‘firat qiladi”, dedilar[6].

Mazkur hadisda Oisha roziyallohu anho ayollar uy ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib, shuningdek, onalar erlari va farzandlari uchun qilgan mehnatlarining mukofotini sanab, ularni yanada ko‘proq mehnatga targ‘ib qilyaptilar. Bu mehnatlarining mukofoti esa jannat ekanini ta'kidlayaptilar.

O‘rni kelganda ayol kishi yanada tetikroq, jismonan sog‘lom bo‘lishi va o‘zidan charchoqni ketkazib, kayfiyati ko‘tarilishi uchun ba'zi jismoniy mashqlarni bajarishi ko‘p foydalidir. Hattoki, bu borada oilaviy turli o‘yinlar tashkil qilish ham mumkin.

Hozirgi kunimizda sog‘liqni saqlash, xastalikka chalinmaslik uchun badantarbiya qanchalik ahamiyatli ekanini hamma tushunib yetgan, Kattayu-kichik iloji badantarbiyaga e'tibor berishga harakat qiladi[7]. Agar shariat bu ko‘rsatmalariga zid kelmasa, dinimiz bunday ishlarni qo‘llab quvvatlaydi.

Bunga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Oisha onamiz bilan yugurish musobaqasi o‘tkazganlari misol bo‘la oladi:

U zoti sharifa Rasullulloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga safarda edilar. O‘shanda yosh edilar. Aytadilar: “Go‘shtdor emas, jussam ham katta emas edi”. Nabiy sollallohu alayhi va sallam sahobalariga: “Oldinroq yuringlar” degan edilar. Ular oldinga ketishdi.

So‘ngra menga: “Kel, musobaqalashamiz” dedilar. Shunda men:” U zot bilan musobaqalashib, yugurib o‘tib ketdim. Uzoq vaqtdan keyin yana u zot bilan safarga chiqdim. Sahobalariga “Oldinroq yuringlar” dedilar. So‘ng “Kel musobaqa qilamiz” dedilar. Oldingisi esimda yo‘q edi. Vaznilari ortgandi. Shunda “Yo Rasululloh, men ushbu holatda qanday musobaqalashaman?!” dedim. U zot: “Qilasan” dedilar. Men u zot bilan musobaqalashgan edim. Mendan o‘zib ketib, kula boshladilar va “Bunisi oldingiga barobar” dedilar.[8]

Mazkur hadis Mustafo sollallohu alayhi vasallam ahllari bilan chiroyli muomalada va keng fe'lli bo‘lganliklarini ko‘rsatadi. Shuningdek, bu hadis mashqlar shariat ko‘rsatmalariga muvofiq kelsa, ayol kishiga badan tarbiya mashqlarini bajarishi mashru' ekaniga dalildir.  Chunki bu bilan a'zolar tetiklashadi. Qalblar huzurlanib, g‘ayrat ortadi. Nafsdan charchoq va malollik ketadi.

Boboxon Boboxonov, Samarqand shahar Xo‘ja Nisbatdor jome masjidi imom-xatibi

[1] Usmonxon Alimov. Yoshlar - kelajagimiz. ­­–Toshkent: Movarounnahr, 2008. – B. 49.

[2]Sayyid Muhammad Muhammad Abdunnabiy.  Assihhatul badaniyyatu lil insan bayna ta'aliymil islam va tavjihati munazzamatis sihhatil alamiyati. – Misr:  “Darussalom” , 2013. – B. 34.

[3]Shayx Muhammad Sodiq  Muhammad Yusuf. Sog‘lom bola.  Toshkent: Hilol, 2015. – B. 47.

[4]Mualliflar jamoasi. I. Usmonov, Sh Jo‘rayev va boshq. Islomda sog‘lom bola tarbiyasi. – Toshkent: Movarounnahr. 2014. – B. 34.

[5]Shayx Muhammad Sodiq  Muhammad Yusuf. Nubuvvat xonadoni xonimlari. -Toshkent: Sharq, 2011. – B. 138.

[6]Shayx Muhammad Sodiq  Muhammad Yusuf. Nubuvvat xonadoni xonimlari. Sharq, - Toshkent: 2011.       – B. 138.

[7]Usmonxon Alimov. Yoshlar - kelajagimiz. ­­–Toshkent: Movarounnahr, 2008. – B. 50.

[8]O‘sha manba. – B. 22.


Kiritilgan vaqti: 11/02/2023 14:09;   Ko‘rilganligi: 376
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ona-soglom-bolsa-jamiyat-soglom-boladi
Chop etilgan vaqti: 29/04/2024 02:38
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing