O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Oltindan ham qimmatli vaqtni foydali va savobli ishlarni amalga oshirishda sarflaylik

 
 

Vaqt shunchalik ahamiyatliki, musulmonning vaqt oldida vazifalari bor. Musulmon kishi ana shu vazifalarni tushunib ado etmog‘i shart. Ular esa quyidagilar:

1. Vaqtdan imkon qadar unumli foydalanmoq. Bebaho mol-davlatini behad avaylaydigan inson aslida bebaho vaqtiga bundanda e'tiborliroq bo‘lmog‘i, uni faqat xayrli o‘rinlarda xayrli maqsadlarga ishlatishi lozim edi. Salafi solihlar vaqtlariga juda e'tiborli edilar. Chunki ular vaqt qadrini yaxshi anglardilar. Ulug‘ imomlar har bir vaqtni foydali ilm, yaxshi amal, nafsga qarshi kurash yoki boshqalarga foyda yetkazish bilan o‘tkazib oxirat g‘amini yerdilar.

2. Vaqtni tartibga solish. Diniy va dunyoviy ishlarni batartib ado etmoq musulmon kishining vaqti oldidagi vazifalaridandir. Ana shunda ishlar bir-biriga halal bermaydi. Muhim va nomuhim amallar o‘z o‘rnini topadi. Solihlardan biri aytadi: «Bandaning (o‘tgan) vaqtlari to‘rt turli bo‘ladi, beshinchisi yo‘qdir: ne'matda, kulfatda, itoatda va ma'siyatda. Vaqtning hamma holatida ham zimmangda Allohning ibodatidan ulush bordir. Demak, kimning vaqti toatda o‘tgan bo‘lsa, uning yo‘li Alloh tarafidan unga berilgan marhamatga, ya'ni Alloh uni hidoyatlab, ibodatga muvaffaq qilib qo‘yganiga shohid bo‘lishdir. Kimning vaqti ne'matda o‘tgan bo‘lsa, uning yo‘li shukr qilishdir. Kimning vaqti ma'siyatda o‘tgan bo‘lsa, uning yo‘li tavba va istig‘fordir. Kimning vaqti kulfat (sinov)da o‘tgan bo‘lsa, uning yo‘li rozilik va sabrdir».

3. Bo‘sh vaqtni g‘animat bilish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib, dedilar: «Ikki buyuk ne'mat borki, ko‘p odamlar ular borasida aldanib, chuv tushib qoladilar. Ular sihat-salomatlik va bo‘sh vaqtdir». Ushbu muborak hadisda salomatlik bilan vaqt ne'matining ahamiyati juda go‘zal shaklda, o‘ta balog‘atli tarzda bayon qilingan.

Demak, oltindan qimmat bebaho vaqtlarimiz, kunlarimiz, soatlarimiz va daqiqalarimiz hamda har bir kirayotgan va chiqayotgan nafaslarimiz hisob-kitobli ekanini aslo unutmaylik.

Alloh taolo barchamizga inson uchun berilgan bebaho umr va oltindan ham qimmatli vaqtni foydali va savobli ishlarni amalga oshirishda, umrning har bir daqiqasi buyuk fursat va g‘animat ekanini doimo esda tutib sayu-harakat qilishda yoru-madadkor bo‘lsin.

Absalamov Ismatullo Camarqand shahar "Domla Kamoliddin" jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 23/10/2023 21:40;   Ko‘rilganligi: 304
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/oltindan-ham-qimmatli-vaqtni-foydali-va-savobli-ishlarni-amalga-oshirishda-sarflaylik
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 00:29
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing