O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

O‘limga tayyor turing

 
 

O‘limingiz oldidan: Mening tanamga nima bo‘lar ekan?,‒ deb qayg‘urmang... Odamlar kerakli ishlarni qiladilar: Kiyimlaringizni yechadilar... Yuvadilar... Kafanlaydilar...

Va xonadoningizdan chuquringiz (qabringiz)ga olib ketadilar...Ko‘pchilik janozangizda ishtirok etish uchun ishlarini to‘xtatadi. Holbuki ularning ko‘plari sizning bu «nasihatingiz» haqida biron kun ham o‘ylab ko‘rmaydi... Buyumlaringizdan qutilish uchun yo‘l qidiriladi... Agar oilangiz rozi bo‘lsa: Kalitlaringiz... Kitob va sumkalaringiz... Poyafzal va kiyimlaringizning har biri sizga naf keltirar degan umidda sadaqa qilinadi... Unutmang! Dunyo hech qachon sizga motam tutmaydi... Jahon va iqtisod o‘z yo‘lida davom etaveradi... Mansabingizga boshqa odam o‘tiradi... Molu mulkingiz vorislaringizga ulashiladi... Siz esa topgan molu dunyoyingizning kattayu kichigidan hisobot berasiz!

Qayg‘uning bir necha turi bor: Sizni yuzaki taniganlar o‘lganingizni eshitgach: «Voy, bechora!»‒ deydilar... Sizni yaxshi tanigan do‘stlaringiz bir necha soat qayg‘u asoratida qolsalarda, yana eski odatlari: o‘yin‒kulgulariga qaytishadi... Chuqur qayg‘u xonadonda bo‘ladi... Oila a'zolaringiz bir hafta yoki bir oy yoxud bir yil xotirlashadi va sizni «arxiv»ga qo‘yishadi! Shunday qilib odamlar o‘rtasidagi hikoyangiz tugaydi... Endi sizga odamlarning ko‘kka chiqarib maqtashlari, yerga urib qoralashlarining foydasi yo‘q... Chunki oxirat hayotingiz boshlangan bo‘ladi... Shunday ekan sizga bitta savolim bor: Qabringiz va oxiratingiz uchun nima qildingiz?! Doimo Allohdan qo‘rqing, Allohning roziligi uchun tirishing! Allohning rizosi va mag‘firati uchun shoshiling! Chunki Alloh taolo mag‘firat va rahm qilguvchi Zotdir! Allohim, oqibatimizni xayrli qil va bizdan rozi bo‘l!!!!

Jahongirxon Abrorov - O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot kotibi (manbalar asosida)


Kiritilgan vaqti: 05/02/2020 17:54;   Ko‘rilganligi: 1096
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/olimga-tayyor-turing
Chop etilgan vaqti: 18/05/2024 14:26
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing