O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

OLIM BO‘LISHGA INTILISH LOZIM!

 
 

Islom dini – musulmonni ilm olishga, ma'rifatli bo‘lishga targ‘ib qiluvchi din. Bashariyat hamisha ilm bilan aziz bo‘lgan.
Hamshaharimiz, vatandoshimiz, buyuk bobokalonimiz bo‘lgan Abu Mansur al-Moturudiy hazratlari imom Buxoriy rohmatullohi a'layh hazratlari vafot etgan yilda bu kishi dunyoga kelganlar.

Bu kishi e'tiqod masalalarimizda imomimiz bo‘ladilar. Ahli sunna val jamo'a e'tiqodini Rosululloh sollallohu a'layhi va sallamning hadislariga muvofiq belgilab bergan zotdirlar. Bu kishining vafot etib ketganlariga necha ming yillar o‘tib ketgan bo‘lsa ham u kishining hurmatlari hamon cheksizdir. Qanchadan-qancha o‘lkalardan bu kishini ziyorat qilish uchun odamlar keladi. U kishilarning qoldirgan meroslari, kitoblari va asarlari hozirgi kunga qadar butun dunyo musulmonlari, xususan, ahli sunna val-jamo'a e'tiqodidagi to‘g‘ri e'tiqoddagi insonlarni dasturul amallari bo‘lib xizmat qilib kelmoqda. Ana shu ma'noda parvardigorimiz "sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilganlarning darajalari ulug‘ bo‘ladi" deya marhamat qilgan. Bu borada gaplashayotganligimizning, bunday ulug‘ zotlarimizni eslashimizning asosiy sababi shuki, chunki ular bizga mash'ala, yo‘limizni yoritib beruvchi zotlar va ibrat namoyondalaridir. Hammamiz ham mo‘min-musulmonmiz, ortimizdan voyaga yetib kelayotgan yosh avlod farzandlarimiz bor, ana o‘shalarni ilmga oshno qilib qo‘yishimiz kerak.

Ilmga qiziqtirib qo‘yishimiz kerak. Ularni har qanday yo‘llar bilan ilmga targ‘ib etib, ilm ahllaridan bo‘lishlariga xizmat qilishligimiz lozim bo‘ladi. Xalqimizda ajoyib bir maqol bor, "Oqar daryo yana oqadi" deydi. Ana shunday ulug‘ zotlarni katta olimlarning davomiychilari, zurriyotlari, avlodlarimiz. Agar to‘g‘ri harakat qilsak, albatta yana ana shunday ulug‘ zotlar chiqishi va Allohning marhamati bilan muqarrar bo‘ladi. Rasulimiz sollallohu a'layhi va sallam aytdilarki, "ummatlarim o‘qinglar-o‘rganinglar olim bo‘linglar. Yoki bo‘lmasam, o‘rganuvchi bo‘linglar, tolibi ilm bo‘linglar.

Yoki o‘shalarni (olimlarni) eshitadigan ularning pand-u nasihatlariga, mavi'zai hasanalariga quloq solib, shunga amal qilishlikga harakat qilinglar. Yoki hech bo‘lmasa, shu ilmli insonlarni yaxshi ko‘ringlar, ular bilan birga bo‘lishga harakat qilinglar. Zinhor va zinhor beshinchisi bo‘lmanglar, halok bo‘lasizlar," deb aytdilar. Mana shundan ham bilinadiki, islom ummati olim bo‘lishlikga intilishi kerak. O‘zi olim bo‘lolmagan bo‘lsa, Alloh ta'olodan iltijolar qilib so‘rab, farzandlarini, nabiralarini olim bo‘lishliklari uchun shapoit qilib berishi kerak. Erinmaslik kerak. Ilm olish ham oson emas. Ba'zilar aytadiki, "bu o‘qibdi, olim bo‘libdi", deb qo‘yadi. Lekin o‘sha ilmni o‘qigan insonlar, uni egallagan insonlar uning mashaqqatining nechog‘li ekanligi ular biladilar. Olim bo‘lishni, xalqimiz shunaqa o‘xshatish qilib, "nina bilan quduq qazishga o‘xshaydi", deydi. Bu o‘xshatishga qarang, nina bilan quduq qazish, qanchalik mashaqqat. Mubolag‘asiz o‘xshatilgan. Ilm olish, uni yodlash,uni mazmun mohiyatini anglab yetish va uni hayotga tatbiq qilish, bu ham o‘ta bir mashaqqatli va murakkab holat bo‘lganligidan ko‘pchilik bundan erinadi yoki yarim yo‘ldan hafsalasi pir bo‘lib tashlab ketadi. Ana shu mashaqqatlarga chidash va shunga yarasha taqvo qilish, ilmni xolis o‘rganish mana bular o‘zini bir natijasini beradi insha Alloh. Shunda bir avlodda bir olim chiqadi insha Alloh.

Numonov Izzatulloh Mir Arab Oliy madrasasi talabasi 


Kiritilgan vaqti: 27/10/2023 16:15;   Ko‘rilganligi: 145
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/olim-bolishga-intilish-lozim
Chop etilgan vaqti: 03/05/2024 21:06
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing