O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

O‘liklarga Yosin surasini tilovat qilish masalasi

 
 

Albatta, Qur'on tilovati eng afzal ibodatlardan bo‘lib, u bilan musulmon banda Robbiga yaqin bo‘ladi. Qur'on qiroati insonga manfaatli bo‘lib, xoh vafotidan keyin bo‘lsin, xoh manzilida yoki uyida bo‘lsin, xoh janozadan keyin yoki oldin bo‘lsin yoki qabr oldida bo‘lsin, bu narsa shar'iy hukmda joiz hisoblanadi va Allohning fazli bilan mayyitning qabrida azobdan yengillashishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xabar berib, vafot etgan kishilarga Qur'on qiroat qilishga undaganlar. Ul zot: «Biror mayyitga Yosin surasi o‘qilsa, yengillik bo‘ladi», deb marhamat qilganlar. Albatta, ushbu qiroatda tilovat odoblariga amal qilib, harflarni o‘z maxrajidan chiqarishga diqqat qaratish kerak.

Hanafiy mazhabi ulamolari mayyitga ham, tiriklarga ham Qur'on qiroatining savobi yetib borishi joizligini aytishgan. «Hidoya», «Badoi'-us Sanoye'», «Bahrur Roiq» va boshqa kitoblarda bu haqda aytilgan.

Shu o‘rinda o‘liklarga Yosin surasini o‘qish haqida kelgan quyidagi hadisi sharif va uning bayoni haqida tanishsak:

عَنْ مَعْقِلِ بْنِ يَسَارٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «اقْرَءُوا يـس عَلَى مَوْتَاكُمْ».

 Ma'qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «O‘liklaringizga Yosinni qiroat qiling», dedilar.

Abu Dovud, Nasaiy, Ahmad va Ibn Hibbon rivoyat qilishgan.

Mulla Aliy Qoriy rohimahulloh aytadilar: "Ma'qal ibn Yasor roziyallohu anhu (Hudaybiya kunida) daraxt ostida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bay'at bergan sahobalardandir".

Ulamolarimiz ushbu hadisi sharifni tushunishda uch xil ijtihod qilganlar.

Ba'zilari: «Hadisda «o‘liklaringizga» deganda «o‘lim to‘shagida yotganlar» nazarda tutilgan. Shuning uchun muhtazar kishiga Yosin surasini o‘qish lozim. Bu surada qayta tirilish, qiyomat, jannat va do‘zax, shaytonning fitnasidan hazir bo‘lish kabi masalalar zikr qilingani uchun aynan shu surani o‘qishga amr qilingan», deydilar.

Bu guruhdagi ulamolarning mashhurlari imom Molik va imom Shofe'iydir.

Ikkinchi toifa ulamolar imom Ahmad ibn Hanbal, Hanafiylar, ba'zi molikiy va shofe'iylar bo‘lib, ular: «Qiroat o‘liklar uchungina qilinadi», deganlar va o‘z gaplariga mazkur hadisni va Islom ummatining amalini hujjat qilib keltirganlar. Shu bilan birga, o‘z nuqtai nazarlarini quyidagicha sharhlaganlar:

  1. Hadisda «o‘liklaringizga» deyilgan, «o‘lim to‘shagida yotganlaringizga» deyilgan emas. «O‘lik» lafzi haqiqatda o‘lib bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi. Bu so‘zni o‘lim to‘shagida yotgan kishiga nisbatan ishlatish uchun qo‘shimcha dalil yoki ishora kerak. Bu yerda u narsa yo‘q. Imom Shavkoniy shuni aytadi:

«Muhib at-Tobariy: «Mazkur hadisga umumiy jihatdan amal qilish haqdir. Buni Doraqutniy keltirgan quyidagi hadis ham qo‘llaydi», deb ushbu hadisni keltiradi:

مَنْ مَرَّ بِالْمَقَابِرِ فَقَرَأَ "قل هو الله أحد" إِحْدَى عَشْرَةَ مَرَّةً، ثُمَّ وَهَبَ أَجْرَهُ لِلْأَمْوَاتِ، أعْطِيَ مِنَ الْأَجْرِ بِعَدَدِ الْأَمْوَاتِ.

 «Kim qabristonga kirib, «Qul huvallohu ahad»ni o‘n bir marta o‘qib, savobini o‘liklarga bag‘ishlasa, unga o‘liklar adadicha savob beriladi».

  1. Qiroatning hikmatlaridan biri yengillik keltirishdir. Bu narsa muhtazarga matlub bo‘lganidek, mayyitga ham matlubdir.

«Musnadul Firdavs» asarida: «Qaysi bir banda o‘lgandan keyin uning oldida Yosin qiroat qilinsa, albatta Alloh unga yengillik beradi», deyilgan.

Imom Ahmad: «Mashoyixlar: «Qachon mayyit uchun Yosin qiroat qilinsa, unga yengillik beriladi», der ekanlar», degan.

  1. Janoza namozida Fotiha surasi o‘qilishiga qiyos qilinadi.
  2. Hadislarda qabrlarni ziyorat qilishda o‘liklarga salom berish talab qilingan. Agar mayyit basharning kalomi bo‘lmish salomdan unsu ulfat topar ekan, Allohning kalomidan batariqa avlo topadi.
  3. Qur'on qiroat qilingan joyga sakina va rahmat nozil bo‘lishi ma'lum va mashhur. Shuningdek, mayyit bor joyda qilingan tilovat tufayli sakina va rahmat nozil bo‘ladi.
  4. Hadisi sharifda rivoyat qilinganki, safarga chiqqan bir odam bilmasdan qabr ustiga kapa tikib oladi. Keyin qabr ichidagi insonning Taborak surasini oxirigacha qiroat qilganini eshitib, buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga zikr qilganida, u zot:

«هِيَ الْمَانِعَةُ، هِيَ الْمُنْجِيَةُ، تُنْجِيهِ مِنْ عَذَابِ الْقَبْرِ».

 «U (Taborak surasi) man qiluvchidir. U najot beruvchidir. Unga qabr azobidan najot beradi», deganlar.

Ma'lumki, shariat bo‘yicha biror ishni qilishga ham, qilmaslikka ham dalil-hujjat bo‘lishi kerak. O‘likka qiroat qilishni man qiladigan dalil yo‘q.

Uchinchi toifa ulamolar: «Bu gaplar Qur'on qiroat qilib, savobini bag‘ishlaganda aytiladigan gaplardir, agar savobini bag‘ishlaydigan bo‘lsa, ixtilofga ham o‘rin qolmaydi, chunki unda duo ma'nosiga aylanadi, duodan mayyit manfaat olishini hech kim inkor qila olmaydi», deydilar.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Hanafiy mazhabi va boshqa mazhablarda ham vafot etgan kishilarga savobini bag‘ishlab, Qur'on tilovat qilish va ularning haqlariga duoi xayrlar qilish joiz amaldir. Mulla Aliy Qoriy rohimahulloh “Mirqotul mafotih” asarlarida Imom Tiybiydan naql qilib keltiradilar: “Buning (ya'ni, Yosin surasini o‘lim to‘shagiga yotgan kishilarga yoki o‘liklarga tilovat qilishning) siri va ilmi shundan iboratki, sura boshidan oxirigacha muhim usul qoidalarni, ulamolar asarlarida keltirgan nubuvvat va da'vatga tegishli e'tiborli masalalarni, oldingi ummatlarning ahvollarini, qazo va qadar masalasini, bandalarning ishlari Alloh taologa bog‘liqligini, Allohning yagonaligini isbot qilishni, Allohning sherigi yo‘q ekani bayonini, qiyomat belgilarini, qayta tiriltirishni, mahshar maydoniga yig‘ilishni, hisob-kitob va qiyomatda bo‘ladigan holatlarni o‘z ichiga olgandir. Unga ushbu surani o‘qishlik ushbu suraning haqqini ado qilish demakdir”, deganlar.

Alloh taolo bizdan o‘tganlarni O‘zining rahmari va mag‘firatiga olgan bo‘lsin!

Xayrullo domla Sattarov - Samarqand viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari 


Kiritilgan vaqti: 25/10/2021 16:19;   Ko‘rilganligi: 840
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/oliklarga-yosin-surasini-tilovat-qilish-masalasi
Chop etilgan vaqti: 03/05/2024 01:46
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing