O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

NODIR DEVONBEGI ORLOT

 
 

Jannatmakon yurtimizda qanchadan-qancha xonlar-xoqonlar, sultonlar va amirlar o‘tdilar, ular haqida kitoblar yozildi ammo biz siz azizlarga xavola qilmoqchi bo‘lgan kishi xon emas balki Buxoro xoni Abul G‘oziy Imomquli Bahodirxonning bosh vaziri Nodir Devonbegi Orlot haqida qo‘limizdan kelgunicha bayon qilishga ishaalloh harakat qilamiz! Nodir Devonbegi Orlotning to‘liq ismi Hazrat Nodir Mirzo Tog‘oyi Sadr Devonbegi ibn Hazrat Sulton Mirzo Tog‘oyi Abdulloh Orlot bo‘lib o‘zbekning Orlot urug‘idan bo‘lganlar. Bunga Abu Tohirxojaning Samariya asarida “Nodir Devonbegini Orlot aymog‘idan bo‘lganligini tarix zabt qilgan” deb yozadi, shuning uchun ham u kishining ismiga taxallus kabi Orlot so‘zi qo‘shilgan. Yuqorida aytganimizdek ko‘plab xonlar, sultonlar bu foniy dunyodan vafot qilib ketdilar. Bu dunyo hech kimga vafo qilmadi. Ammo ulardan solih amallar hamda qoldirgan ilmiy va madaniy meroslari qoldi xalos. Xonlar, sultonlar qatorida Nodir Devonbegi Orlotdan ham qolgan ilmiy hamda madaniy me'roslarini yoritishni ixtiyor qildik. Nodir Devonbegi Orlot faoliyatining avvalida Buxoro Xonligi bosh sarkardasi bo‘lgan. Bu haqda Saxiliyning “Imomqulixonnoma” asarida quyidagicha satrlar keltiriladi:

Tengi yo‘q qo‘shinga bo‘ldi sardor,

Nodir Mirzo ki, ul mardi dilovor.

Bu ishda hamroh bo‘ldi unga yana,

Hisobsiz do‘stu yor bir tan, yagona.

Shukurbiy va Davlat ki, ikki zo‘r bas,

Birovi Saroydur, biri Kenagas.

Rahimbek ila Qutluq otaliq ham,

Rustam paykon erur u ikki sher dam.

Eminbiy va Suyunch va Lola arab,

Xojat yo‘q ta'rifiga ochmoqqa lab.

Yovlibiy va Emin Aliy pahlavon,

Yo‘lbarsdek shiddatkor, yovqur navjavon.

Qushchidan Abulbiy, Murod o‘g‘londan,

Ko‘rk topgaydur jang maydoni ulardan.

Oshkor qilmoq edi g‘ayratin ahdi,

Ul sardor tog‘oyi nasab nisbati[1].

[1] Bu yerda tog‘oyi urug‘ nisbati bo‘lsa Abu Tohirxojani so‘zi va o‘zbekning to‘qson ikki urug‘i ichida tog‘oyi degan urug‘ yo‘qligini inobatga oligan xolda tushunamiz.

Bir necha yillar sarkardalikdan so‘ng Nodir Devonbegi Orlot[2] Buxoro xoni Abul G‘oziy Imomquli Bahodirxon (1611-1642)ga bosh vazir bo‘lgan. Nodir Devonbegi Orlotning vaqf hujjatlari hamda madaniy me'roslari juda ko‘p bo‘lib, ulardan mashhurlarini birma-bir yoritib o‘tamiz.

Buxorodagi Nodir Devonbegi tomonidan qazilgan “Labihovuz” hovuzi 1029-hijriy sana (milodiy 1620-yil)da qazilgan bo‘lib, xalq orasida “Hovuzi Bazo‘r” ya'ni Zo‘rlik bilan qazilgan hovuz deb ham ataladi. Hovuz 36 metrga 45,5 metr bo‘lib, atrofi sinchlar bilan mustahkamlangan. Chuqurligi 5 metr. Hovuzning sharqiy qismida Nodir Devonbegi madrasasi bor, shimoliy sharqiy qismida esa Ko‘kaldosh madrasasi joylashgan. g‘arbiy qismida Nodir Devonbegi xonaqohi joylashgan.

Labihovuz hovuzining g‘arbiy qismida Nodir Devonbegi xonaqohi 1029-hijriy sana (1620-milodiy yil)da Nodir Devonbegi tomonidan qurilgan xonaqoh mavjuddir. Bu xonaqoh o‘ziga xos jozibador qurilgan bo‘lib, xonaqohning ikki tomonida ham hujralarga kiriladigan eshiklari bor. Xonaqohda 14 ta hujrasi bor. Undan tashqari ikkinchi qavatida darveshlar uchun yotoqxonalar ham qurilgan.

Nodir Devonbegi Orlotga Buxoro xoni Abul G‘oziy Imomquli Bahodirxon tomonidan mulk qilib berilgan Sangloq daryosi suvi haqidagi hujjatda Nodir Devonbegini Orlot urug‘idan bo‘lganligiga ishora bordir. Hujjat Samarqand viloyati Ishtixon tumani Orlot qishlog‘idan oqib o‘tuvchi Sangloq daryosi mulk qilib berilganligi to‘g‘risidadir. Unda Orlot qishlog‘ini ta'riflab shunday deb yozilgan: “Eski Orlot joylashgan hududning zikri Eski Orlot  to‘rt tomondan muayyan joylar bilan chegaralanib g‘arb tomondan ... joyigacha yastalgan. Shimol tomondan Chohor tog‘ mulki (hozirgi Chorloq qishlog‘i) degan joygacha yastaladi. Sharq tomondan Foxin yerigacha yastaladi. Janub tomondan mashhur O‘g‘riqul degan joygacha yastalib, bu hududlarning alomati zohirdur” deb 1030-hijriy sana 25 mohi ramazon oyi (1621-milodiy yil avgust oyi) Abul G‘oziy Din Muhammad Bahodirxon va Abul G‘oziy Imomquli Bahodirxon deb yozilib sharqdan oqib keluvchi suv Nodir Mirzo Tog‘oy Devonbegi ibn Sulton Mirzo nur marqodahuga uning otasi va bobosining mulki bo‘lganligi uchun xatlab berildi deb 24 kishining nomi yozilgan. (Ushbu vaqf hujjati bugungi kunda Ishtixon tumani “Eshon Temirxon to‘ra” jome masjidi imom-noibi Nodirxon Absamatov qo‘lida saqlanmoqda).

Buxoro shahridagi Nodir Devonbegi madrasasi 1032-hijriy sana (1622-milodiy yid)da Nodir Devonbegi tomonidan qurilgan bo‘lib, dast avval karvonsaroy vazifasini o‘tash maqsadida qurilib, keyinchalik xonning qarori bilan madrasaga (ya'ni qorilar tayyorlash madrasasiga) aylantirilgan. Unda madrasalarga xos ravishda masjid, darsxona va katta ayvoni ham qurilgan. Madrasa darvozasi qibla tomonga qarab qurilgan. Madrasa ikki qavat bo‘lib, yetmish bitta hujradan iboratdir. Uning madrasa g‘arbida Labihovuz hovuzi joylashgan.

Samarqanddagi Mahdumi A'zam Kosoniy hazratlarining mozorini ixota qilgan imorat va darvozasiga solingan ravoq binosi, Dahbetning hiyoboni va tutzor ham Nodir Devonbegi Orlot tomonidan qurilan va obod yetilgandir[3]. U kishining bu joylardan imorat qurib obod qilishiga sabab esa Mahdumi A'zam Kosoniy hazratlariga bo‘lgan cheksiz xurmat va ehtiromidir.

Hazrati Xoja Abdu Berun mozori bo‘lib, uning mozori ustiga Nodir Devonbegi Orlot tomonidan keng bir xonaqoh va bir necha hujralar soldirgandir. Derlarki Hazrati Xoja Abdu Berun Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning avlodidandir[4].

Samarqand shahridagi Nodir Devonbegi madrasasi 1040-hijriy sana (1630-31-milodiy yilda) Nodir Devonbegi Orlot tomonidan bino qilingan bo‘lib, uni Nodir Devonbegi madrasasi, peshtog‘ida sher va kiyik surati tasvirlangani uchun tashqi sherdor, Xoja Axror Valiy hazratlarining masjidi va qabri oldida qurilgani uchun Xoja Axror Valiy madrasasi ham deyiladi. Madrasani Xoja Axror Valiy hazratlarining xonaqohi oldida qurilishining sababi Nodir Mirzo Devonbegi Orlotning u kishiga bo‘lgan hurmatidir. Madrasa bir qavatli bo‘lib, katta masjid, to‘rtta darsxona ikki zal va 28 ta hujradan iborat bo‘lib, tashqi ko‘riningdan Samarqand hokimi Yalangto‘sh Bahodirbiy tomonidan qurilgan Sherdor madrasasiga juda ham o‘xshashdir, shuning uchun ham uni Tashqi Sherdor ham deydilar.  

Siz azizlarga imkonimiz yetgunicha Hazrat Nodir Mirzo Tog‘oy devonbegi ibn hazrat Sulton Mirzo Tog‘oy Orlot to‘g‘risida qo‘limizdan kelgunicha ma'lumot berishga harakat qildik. Bu kishining qilgan hamma ishlari qurdirgan masjid va madrasalari, obodonlashtirish ishlari, u kishini komil mo‘min-musulmon ekanligini va vatanga va yurtga mehr-muhabbatini ko‘rsatib turibdi. Biz ilmiy izlanish jaroyonida u kishini hali ko‘rmagan va o‘rganilmagan bir qancha vaqf hujjatlari bor ekanligini ko‘rdik. Va kelajakda bu kishi haqida batafsil ma'lumot berishga harakat qilamiz.

 

Nodirxon RAVSHANXON o‘g‘li - Samarqand viloyati Ishtixon tumani“Eshon Temirxon to‘ra” jome masjidi imom-noibi

[1] Bu yerda tog‘oyi urug‘ nisbati bo‘lsa Abu Tohirxojani so‘zi va o‘zbekning to‘qson ikki urug‘i ichida tog‘oyi degan urug‘ yo‘qligini inobatga oligan xolda tushunamiz.

[2] Nodir Devonbegi o‘zbekning Orlot aymog‘idandur. Abu Tohirxoja “Samariya” asari 28-bet.

[3] Abu Tohirxoja “Samariya” asari 56-bet.

[4] Abu Tohirxoja “Samariya” asari 50-bet.


Kiritilgan vaqti: 23/12/2021 08:25;   Ko‘rilganligi: 980
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/nodir-devonbegi-orlot
Chop etilgan vaqti: 14/05/2024 00:49
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing