O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

NEGA YIG‘LAYAPSAN?

 
 

Nabiy sallollohu alayhi va sallam Safiyya bint Huyayy onamiz roziyollohu anhoning huzurlariga kirganlarida Safiyya onamiz yig‘lab o‘tirgan edilar. Nabiy sallollohu alayhi va sallam so‘radilar:
- Nega yig‘layapsan?
Onamiz javob berdilar:

- Hafsa meni "yahudiyning qizi" deb haqoratladi!
Nabiy alayhis salom dedilar:
- Sen payg‘ambarning qizisan, amaking ham payg‘ambar, ering ham payg‘ambar! Hafsa nimasi bilan senga faxrlana oladi?!
So‘ngra Rasululloh sallollohu alayhi va sallam Hafsa onamiz roziyollohu anhoning oldilariga borib: "Ey Hafsa! Allohdan qo‘rq!", dedilar.

Ayollarning tabiati nozik bo‘ladi. Zero ular yurakka yaqin qovurg‘adan yaratilgan. Ular hissiyotga beriluvchan bo‘lishadi. Ularning yaratilishidagi hikmat shuni taqozo qiladi. Shuning uchun ular arzimagan ishlarga ham yig‘layverishadi.
Bu ahamiyatsiz narsa emas. Ba'zilar aytganidek, ayollardagi zaiflik ham emas. Bu narsa ulardagi achchiq kunlarga yirtqich onasher kabi qarshi chiqish iqtidorini kamaytirmaydi. Bor-yo‘g‘i ular bashariyatning shirin va nozik qismi xolos. Yig‘i esa ulardagi mana shu noziklikning ifodasidir. Ular bu bilan o‘zlariga e'tiborni tortmoqchi bo‘lishadi.
Ular yig‘lashganda beparvo bo‘lmang. Bu holat ularning qalbidan o‘rin olishning ajoyib imkoniyatidir. Ayolga qalbi orqali ega chiqsa bo‘ladi. Ular yig‘laydigan lahzalarda ulardan yuz o‘girib bo‘lmaydi. Bu borada Nabiy sallollohu alayhi va sallam bizga o‘rnak bo‘layaptilar: "Nega yig‘layapsan?!".
Xotinlari bo‘lgan voqeani aytganida uni shirin so‘zlar bilan yupatayaptilar. Xatoga esa rozi bo‘lib bo‘lmaydi. Hafsa onamizning xatolarini tuzatib qo‘ymoqdalar.
Bu hodisada kundoshlar orasidagi kelishmovchiliklarning guvohi bo‘layapmiz. Iymon darajasining bunda aloqasi yo‘q. Buning sababi tabiat va inson fitratidir. Ayol kishining iymoni qanchalar yuksalmasin uning tabiatida kundoshidan erini rashk qilish saqlanib qolaveradi.
Bundan bir necha asrlar muqaddam Sora onamiz Ibrohim alayhis salomni Hojar onamizdan rashk qilgan edilar. Bundan Ibrohim alayhis salom siqilgan edilar. Vaholanki, Sora onamiz tavhid va iymon qahramonlaridan edilar.

Mahzunlik paytida ko‘ngil olish naqadar ajoyib ibodat! Bu go‘zal xulq insonlarni naqadar bezaydi birodarlar!
Hayot mushkulotlariga mana shu tirqishdan qarashimiz lozim. Bu fursat yelkadosh bo‘lish fursatidir. Bu fursat ko‘ngil topish imkoniyatidir.

Rashk bu avvaldan bor bo‘lgan hayotiy bir ko‘rinishdir. Ba'zan u ayollarni chegarasidan chiqarib yuboradi. Uy ishlari uni charchatadi. Bolalar tarbiyasi uni horitadi. Bu erkaklar uchun hamdard bo‘ladigan qalbga aylanish fursatidir. Ularni suyaydigan mehribon yelkaga aylanish onidir. Bunday holda ayolingizga erkakligingizni, boshliqligingizni ko‘rsating. Uni peshanasiga labingizla muhr qo‘ying. Unga e'tiborli ekanligingizni ayting. Uni bag‘ringizga oling. Uni tashlab qo‘ymasligingizni ayting. "Men sen bilan birgaman, men sen bilan kuchliman, senga ehtiyojim bor", deng. Ko‘rasiz, uning yuzi xursandlikdan porlaydi. Tabassum qiladi, o‘tgan narsalarni unutadi!
Ayollarning yoshi qayerga yetmasin, ularning ichida go‘yo mehrtalab yosh qizaloqlar yashaydi. Shuni biz erkaklar unutmasligimiz lozim!

Urgut tumani "Urgut markaziy" masjidi xodimi A.Polvonov


Kiritilgan vaqti: 23/12/2021 08:47;   Ko‘rilganligi: 530
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/nega-yiglayapsan
Chop etilgan vaqti: 12/05/2024 22:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing