O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Namozdan keyin jamoaviy duo qilish masalasi

 
 

Namozdan keyin imomning qavmga qarab o‘tirishi, so‘ng barchalari jamoat bo‘lib zikrlar aytib, so‘ngra qo‘llarini ko‘tarib duo qilishlari, qavmning imomning duosiga «Omiyn, omiyn» deb turishi haqida savollar ko‘p. Avvallari bu masalada hech gap ko‘tarilmas edi. Ammo keyingi paytda turli sabablarga ko‘ra savollar ko‘paydi.

Aslida bu masala allaqachon hal bo‘lgan, muhaddislar o‘z kitoblarida bu boradagi hadislarni rivoyat qilgan va fuqaholar o‘z kitoblarida uni yaxshilab tahlil qilib, yechib bergan edilar.

Ammo ba'zi kishilar bu masalani yana qayta ko‘tarib, odamlarning xayoli parishon bo‘lishiga sabab bo‘ldilar. Aslida esa eski gapni yana qayta qo‘zg‘adilar.

Avvalo, bu masalada alohida risolalar yozgan ulamolar ham bo‘lganini aytib qo‘ymoqchimiz. Misol uchun, Maxdum Muhammad Hoshim at-Tattaviy as-Sindiyning «Muxtasarut-Tuhfatul‑Marg‘uba fii afzaliyatid-duoi ba'dal‑maktuba» («Farz namozidan keyingi duoning afzalligi haqida marg‘ub tuhfa muxtasari») kitobini keltirishimiz mumkin.

Bu kitobda muallif farz namozidan keyin qo‘lni ko‘tarib duo qilish, jamoat bo‘lib duo qilish va «Omiyn, omiyn», deb turish haqidagi ko‘plab dalillarni keltirganlar.

Jamoat ila duo qilishning durustligi borasida Quvaytning Vaqf va Islomiy ishlar vazirligi huzuridagi hay'at ham fatvo bergan. Aslida, istisqo (yomg‘ir so‘rash) va qunutda duo qilganda jamoa bo‘lib duo o‘qish shar'an mutlaqo joiz amal ekanidan jamoat bo‘lib duo qilish shariatda bor ekani ma'lum bo‘ladi. Shuni ta'kidlab o‘tmoq kerakki, bizning mazhabda odatda qunutda maxsus duo o‘qiladi, boshqa mazhablarda xohlagancha duo o‘qiladi.

Imom Abu Dovud, Imom Termiziy hasan isnod bilan va Ibn Moja ham Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

“Uchta ish bor, ularni qilish hech kimga halol bo‘lmaydi: Bir kishi qavmga imomlik qilib, ularni qo‘yib xos o‘ziga duo qilmasin. Agar buni qilsa, ularga xiyonat qilgan bo‘ladi. Izn bermasdan oldin birovning uyi ichiga qaramasin. Agar buni qilsa, ularga xiyonat qilgan bo‘ladi. Hojati tang qilib turganda yengil bo‘lmaguncha namoz o‘qimasin”.

Alloma Ibn Asir ushbu hadis sharhida “Bu bir kishi duo qilib turganida boshqalar “omiyn” deb turishiga ishoradir”, deganlar.

Jamoat bo‘lib duo qilishga al-Hokim va Tabaroniy sahih isnod bilan Habib ibn Maslama roziyallohu anhudan qilgan rivoyatlari ham dalildir. U kishi duosi qabul bo‘ladigan zotlardan edi. Bir guruh askarga amir bo‘lib bordi. Dushmanga yo‘liqqanlarida, u kishi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “Bir qavm jamlansa, ba'zisi duo qilsa va qolganlari omiyn desa, albatta, Alloh ularni ijobat qiladi”, deganlarini eshitgan edim”, dedi. Keyin Allohga hamdu sano aytib turib: “Allohim! Qonlarimizni saqlagin. Ajrlarimizni shahidlarning ajrlaridek qilgin!”, deya duo qilib turgan ediki, dushmanning amiri taslim bo‘lib, Habibning chodiriga kirib keldi (Hokim, 5/5478; Tabaroniy, 4/3536.).

Imom al-Buhutiy “Kashf ul-qino‘” asarida ushbu ma'lumotlarni yozib qoldirgan: “Imom bomdod va asrdan keyin o‘sha paytda farishtalar hozir bo‘lishi e'tiboridan duo qiladi. Qavm “omiyn” deb turadi. Shunda ijobatga yaqin bo‘ladi. Shuningdek, mazkur ikkidan boshqa vaqt namozlarda ham duo qiladi. Chunki, farz namozdan keyingi payt duo qabul bo‘ladigan vaqtlardandir”.

Hanafiy mazhabining mutaaxxir ulamolari namozdan keyin imom bilan jamoaviy duo qilishni joiz balki, mustahab sanaganlar. Garchi, lug‘aviy jihatdan u bid'at, ya'ni avval bo‘lmagan yangi ish bo‘lsa-da, u bid'ati hasana yoki bid'ati mustahabba turkumiga kiradi.

Shundan xulosa qilib aytish mumkinki, yurtimiz masjidlarida namozdan so‘ng umumiy duo qilinishi dinimiz ahkomlariga aslo zid emas. Balki, unga muvofiqdir. Shu bois ham ulamolarimiz bu ishni mustahab bo‘lgan ishlardan sanaganlar. Qilsa ajru savob, qilmasa gunohkor bo‘lmaydigan ish fiqhiy istilohda mustahab deyiladi.

Bizning Movarounnahr diyoriga hanafiy fiqhini imom Muhammadning bir qancha katta shogirdlari olib kirganlar. Imom Muhammad esa imom Abu Hanifa rahimahullohning eng oldi shogirdlaridan bo‘lib, u zot ham mazhab asoschilaridan hisoblanadilar.

Asrlar osha yurtimiz ulamolar, qorilar, faqihlar va fozil kishilar diyori bo‘lgani holda asli yo‘q, dinga zid bo‘lgan bir ish bu qadar ommaviy bo‘lib ketishi va undan hech bir olim qaytarmasligi aqlga sig‘maydigan ish. Shundan ham bilamizki, olimlarimiz fiqhiy jihatdan bu ishda biror mahzurlik ko‘rmaganlar.

Shunga ko‘ra, namozdan so‘ng imom bilan birgalikda jamoaviy duoda qatnashish nur ustiga nur bo‘ladi. Uni bid'at deb o‘ylab tark etish to‘g‘ri emas.

Bordi-yu, namozxon zarurati tufayli hech kimga xalal bermagan holda ertaroq chiqib ketsa gunohkor bo‘lmaydi.

Xayrullo domla Sattarov  Samarqand viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 11/10/2021 13:18;   Ko‘rilganligi: 3402
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/namozdan-keyin-jamoaviy-duo-qilish-masalasi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing