O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

NAMOZDA "AMIN" OVOZ CHIQARIB CHIQARIB AYTILADIMI?

 
 

Hozirgi kunda avj olgan ixtilofli masalalarda hanafiylarning dalillari
Hanafiy mazhabi ulamolari “Omin”ni jahriy aytish, ruku'ga ketish va qaytish vaqtida qo‘lni ko‘tarish kabi masalalar bo‘yicha muxolif tomonlarning dalillarini muhokama qilib, ularga raddiya beribgina qolmay, o‘z hukmlarini tasdiqlash uchun hujjat-dalillar ham keltirganlar. Quyida e'tiboringizga ular keltirgan dalillardan qisman havola qilamiz:

Birinchi dalil:


عن جابر بن سمرة رضى الله عنه قال: خرج علينا رسول الله ﷺ فقال:» ما لي أراكم رافعي أيديكم، كأنها أذناب خيل شُمسٍ، اسكنوا في الصلاة». رواه مسلم

Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurimga chiqib: “Nima uchun men sizlarni qo‘llaringizni xuddi asov otning dumiga o‘xshatib ko‘tarayotganingizni ko‘rayapman?! Namozda sokinlik bilan turinglar!” dedilar”. Imom Muslim rivoyat qilgan.
Ma'lumki, namoz yangi farz bo‘lgan paytda hozirgi kabi to‘liq bo‘lmagan. Ba'zi holatlarda har xil mayda ovoz chiqarish yoki harakatlar ham bo‘lib turgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday ishlarni qilgan odamlarga asta-sekin tarbiya berib, xatolarini tuzatib borganlar. Bu ma'noda hadis kitoblarimizda bir qancha rivoyatlar kelgan. Ushbu biz tahlil qilayotgan masala – ruku'ga ketishda va undan qaytishda qo‘lni ko‘tarish masalasi ham avvaldan bor bo‘lib, keyin mansux qilinganligini mana shu hadisdan bilib olsak bo‘ladi. Bu hukmning mansux bo‘lgani va amaldan qolganidan bexabar ba'zi sahobiylarning ruku'ga borganda va undan qaytganda xuddi avvalgidek, qo‘llarini ko‘tarib namoz o‘qiyotganlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hujralaridan ko‘rib turganlar. Keyin tashqariga chiqib, ularga mazkur hadisni keltirilgan gaplarni aytganlar.
Ikkinchi dalil:

عن علقمة قال: قال عبد الله بن مسعود : ألا أصلي بكم صلاة رسول الله ﷺ فصلى، فلم يرفع يديه إلا في أول مرة. رواه الترمذي

Alqamadan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu: “Men sizlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning namozlarini o‘qib beraymi?”dedi-da, namoz o‘qib birinchi qo‘l ko‘tarishdan boshqa qo‘l ko‘tarmadi”. Imom Termiziy rivoyat qilgan.
O‘z-o‘zidan ma'lumki, kishilarni ogohlantirib qo‘yib qilingan bunga o‘xshash ishlar o‘ta aniqlik bilan ado etilgan. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhuning kim ekanliklari ham barchamizga ma'lum. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan u zotning nabiylik davrlarida har doim birga yurgan ulkan ilm sohibi va ko‘plab hadislarni rivoyat qilgan sahobiydir.


عن أبي وائل ققال:كان عَليٌّ و ابن مسعود لا يجهران ببسم الله الرحمن الرحيم، ولا باالتعوّذ، ولا بآمين.
رواه الطبراني

Abu Voil roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Aliy va Ibn Mas'ud “Bismillahir rohmanir rohiym”ni ham, “a'uzu”ni ham, “omin”ni ham ovoz chiqarib aytmas edilar”.Tabaroniy rivoyat qilgan.

Ko‘rib turibmizki, barcha fiqhiy masalalarda, jumladan, “omin” masalasi, ruku'ga borganda va undan qaytganda qo‘l ko‘tarish kabi bahslarda muholiflarning “Hanafiy mazhabdagilar hadisga amal qilmaydilar”, degan iddaolari mutlaqo yolg‘on va botil da'vodir. Aksincha, hanafiylarning hadislari boshqalardan ko‘ra chuqurroq va aniqroq tahlil qilib, eng to‘g‘risiga amal qilishlarini o‘zimiz ilmiy ravishda o‘rganganmiz. Shu bilan birga, hanafiylar boshqa mazhab ergashuvchilariga o‘xshab, o‘zga mazhabdagilarning fikrlarini ham hurmat qilib kelganlar.
Xozirgi davrimizda ham shofe'iylar va hanbaliylar qo‘l ko‘tarib, hanafiylar va molikiylar esa qo‘l ko‘tarmay, tinchgina namozlarini o‘qib kelishar edi. Ichimizdan bir necha oyatni chala yodlab olgan va uch-to‘rt hadisning tarjimasini o‘rganib olganlarimiz chiqib, mazhabboshi mujtahidlarimizga tosh ota boshlashdi. Musulmonlar ommasi o‘z ibodatlarini ado qilishda Qur'on va Sunnatga amal qilmaslikda ayblandi. Dinga endigina qaytayotgan xalq ommasi o‘rtasiga ulamolar ichida qolishi lozim bo‘lgan masalalar olib chiqilib, turli ixtiloflarga yo‘l ochildi. Oqibatda musulmonlar boshiga ko‘pgina kulfatlar yetdi.
Hozirda ixtiloflarga sabab bo‘layotgan ba'zi bir masalalarni ko‘rib chiqdik. Aslida bunday masalalar anchagina ko‘payib, yangilari ham paydo bo‘lib bormoqda. Bu holat yana ham avj olib borishi ehtimoldan holi emas, chunki “Mazhab ixtilofga sabab bo‘ladi, shuning uchun uni qo‘yib, Qur'on va Sunnatga amal qilamiz” degan davo bilan chiqayotgan aslida hanafiy mazhabini rad etib, boshqa mazhabga ergashmoqdalar. Ular ba'zi masalalar xususida “Faqat o‘sha mazhabda aytilgani haq, undan boshqasi botil”, deb o‘ylamoqdalar. Shuning uchun ham musulmonlar ommasini bid'atga berilganlikda, Qur'on va Sunnatga amal qilmaslikda va boshqa narsalarda ayblamoqdalar.
Aslida yuqoridagi masalalarda hanafiylarning dalillari talaygina, biz esa bu o‘rinda gap cho‘zilib ketishini oldini olish maqsadida ulardan ba'zilari bilan cheklanishni ma'qul deb bildek.
Alloh barchamizni dinimiz borasidagi ilmlarni to‘g‘risiga yunaltirsin va ixtiloflardan uzoq qilsin!

Amirov To‘lqin tayyorladi.


Kiritilgan vaqti: 14/12/2021 10:06;   Ko‘rilganligi: 981
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/namozda-amin-ovoz-chiqarib-chiqarib-aytiladimi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:50
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing