O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Mutashobih oyatlar bo‘yicha qanday yo‘l tutiladi?

 
 

Buxoriyning shayxlari Nua'ym ibn Hammod Xuzo'iy aytadilar: Kim Allohni Uning maxluqotlariga o‘xshatsa, kimki Allohning sifatlarini inkor qilsa, darhaqiqat kofir bo‘ldi. Alloh taolo O‘zini vasflagan va Rasuli Uni vasflagan narsada tashbeh yo‘qdir. Shunday ekan, kim ochiq oydin oyatlar va sahih hadislarda vorid bo‘lgan narsani Allohning jaloliga loyiq bo‘ladigan tarzda isbot qilsa va Allohdan nuqsonlarni inkor qilsa haqiqatda hidoyat yo‘lida yuribdi  (“Tafsir Ibn Kasir” kitobi).

Alloh taolo Qur'oni karimda “Unda muhkam oyatlar ham bor va ular kitobning aslidir va mutashobih (oyat)lar ham bor …” ("Oli Imron" surasi, 7-oyat), deb marhamat qilgan.

Demak, Qur'oni karimda muhkam hamda mutashobih oyatlar bor ekan. Muhkam (oydin) oyatlarning ma'nolari ravshan, tushunilishi ham oson. “Ular kitobning aslidir”, ya'ni o‘sha muhkam oyatlar Qur'onning aslini tashkil qiladilar. Shu bilan birga, Alloh iroda qilgan hikmat uchun Qur'onda mutashobih (bir-biriga o‘xshash) ma'nolarni bildiradigan, turlicha ma'noga borish mumkin bo‘lgan oyatlar ham bor. Lekin bular juda ham oz bo‘lib, kishilarning iymonini sinashga xizmat qiladilar.

Ayrimlar o‘sha oyatlarning ham zohiri (tashqi ma'nosi)ga qarab ish tutishni iroda qiladi. Masalan, soxta salafiylar Qur'oni karimdagi: Osmondagi Zot sizlarni iztirobda harakatlanib turgan yerga yuttirib yuborishidan omonda bo‘ldingizmi?” (Mulk surasi, 16-oyat) oyati karimasini zohiriy ma'nosiga qarab, Alloh taoloni osmonda, deb aytishadi. Ahli sunna valjamoani ahli bid'at deb aytgan bu shaxslar yuqoridagi oyatni o‘zlarining fikrlariga dalil qiladilar.

Mutashobih oyatlardan hukm chiqarish borasida o‘rnatilgan qoida-qonun mavjud bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri hamma mutashobih oyatlarning zohiriga qarab ma'no olish joiz emasdir.

Zohirini olish – zohiriy ma'noga “ergashish”dir. Agar zohiriy ma'no Allohning Zotiga loyiq bo‘lmaydigan ma'no bo‘lsa, Allohning zotiga loyiq bo‘ladigan ma'noga o‘tiladi. Ya'ni, o‘sha kalomning o‘zida bo‘lgan ma'noga o‘tiladi. Bu ma'noni teran nazar sohiblari anglaydilar. Bu narsa ta'viyl deb nomlanadi. Masalan: Qur'oni karimda: “Va Biz unga jon tomiridan yaqinmiz” (Qof surasi, 16-oyat) – degan mazmundagi oyat bor. Oyati karimaning zohiriga ko‘ra “Alloh O‘z Zoti ila bandaning jon, ya'ni qon tomiri bilan banda orasida” degan ma'no tushuniladi. Ammo bu ish Allohning Zotiga loyiq bo‘lmaydi. Demak, Alloh bandaga Zoti ila emas, balki sifatlari ila bandaning jon tomiridan yaqinroqdir.  Ya'ni, Alloh taolo ilm sifati ila bandaning ahvolini biluvchi, bandaning ustidan Hukmron va Qodirdir. Chunki, “Biz” degan kalimada Allohning zotiga hamda sifatlariga dalolat qiladigan ma'no bor. Bu narsa ta'viyldir va bu ma'no sahihdir.

Osmondagi Zot sizlarni iztirobda harakatlanib turgan yerga yuttirib yuborishidan omonda bo‘ldingizmi?” (Mulk surasi, 16-oyat) degan oyati karimada ham shunday yo‘l tutiladi. Zoti bilan osmonning ichiga kirib olishi zotiga noloyiq bo‘lgani uchun, sifatlari ila osmonda deyish to‘g‘ri hisoblanadi. Ya'ni, sifatlar zotdan ajralmagan holda osmonga bog‘langandir. Shuning uchun, Ahli Sunna val-Jamoaning mufassirlari bu oyatni “Hukmronligi va qudrati osmonda bo‘lgan Zotdan xotirjam bo‘ldingizmi” - deb tafsir qilganlar. Biz ko‘rib turgan maxluqotlarning kattasi bo‘lgan osmonda hukmronligi va qudrati bo‘lgan zot, osmondan boshqa maxluqotlarda ham hukmronligi va qudrati avlaviyat yo‘li bilan sobitdir. U zot yerni O‘z qudrati bilan insonlar ustiga ag‘darib, ularni halok qilishga qodirdir.

Qur'oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p. Insha Alloh bundan boshqa oyatlarni ham mufassir olimlarimizning tafsirlariga asoslanib bayon qilib boramiz.  Zero, ular bu ishda bizdan ko‘ra loyiqroqdirlar.

 YOQUBJON domla MANSUROV viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari 


Kiritilgan vaqti: 17/02/2021 20:36;   Ko‘rilganligi: 1662
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/mutashobih-oyatlar-boyicha-qanday-yol-tutiladi
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 14:34
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing