O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

MUTAASSIBLIKNING ISLOM DINIGA VA JAMIYATGA YETKAZGAN ZARARLARI VA SHARIATDA UNING QORALANISHI

 
 

Islom dini tarixiga nazar tashlasak aynan mutaassiblik va aqidaparastlik kabi illatlar  oqibatida ko‘plab xunrezlik va notinchliklar kelib chiqqanini guvohi bo‘lamiz. Islom olamida tarixda va hozirda diniy mutaassiblik, dinda g‘ulu (chuqur) ketish oqibatida hatto mo‘min-musulmon kishini kofir (iymonsiz), murtad (dindan qaytgan) deb atalish hollari ham uchraydi. Bunga misol qilib al-Haruriya firqasini keltirish mumkin, ularning asl da'vosi, Ali ibn Abu Tolibga kufr bilan guvohlik beradilar. Undan voz kechib insonlarni ham undan voz kechishga hamda Ali ibn Abu Tolibni kofirga chiqarishga da'vat qiladilar. Dinda chuqur ketib, haddidan oshish natijasida  musulmonlar ichida ko‘plab adashgan firqalar vujudga kelgan, bunga misol qilib rofiziylar firqasini keltirish mumkin, chunki ular Ali ibn Abu Tolibni sevishda haddan oshdilar, hatto uni  Payg‘ambar (s.a.v), muhojir va ansoriylardan ham ustun qo‘ydilar. Rofiziylar aynan mana shu e'tiqod, ya'ni dinda chuqur ketish sababli to‘g‘ri yo‘ldan adashdilar.

Bu ikki bid'at amal sababli Islom tarixi o‘tmishida sodir bo‘lgan  bu fojealar hozir ham davom etmoqda. O‘tmishda xorijiylar, mu'taziliylar, marisiylar, rofiziylar, qadariylar, jahmiylar din dushmanlari Islomga yetkazolmagan zararni keltirishgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda al-qoida, xamas, musulmon birodarlari, hizbu-t-tahrir, hizbulloh,  adolat, vahhobiylar, tablig‘chilar, akromiylar, nurchilar va yana dinni targ‘ib qilish niqobi ostidagi bir qancha firqalar mavjudki, ularning paydo bo‘lishini bosh omili diniy mutaassiblik va g‘uludir. Ularning asl maqsadlari qonuniy hukumatni ag‘darib, o‘rniga totalitar tuzumni vujudga keltirish, terroristik amaliyotlar orqali odamlarni dahshat va qo‘rquvda ushlab turish ekanligi hozirgi zamon ziyolisi uchun sir emas.

Bu oqimlar o‘z maqsadlarini amalga oshirishdagi uslublaridan biri terror harakatidir. Terror - zo‘ravonlikka olib boruvchi yo‘l bo‘lib, o‘tgan asr boshlarida turli ekstremistik kayfiyatdagi oqimlarga xoslangan iboradir. Bu so‘z o‘tgan asr oxirlaridan boshlab din niqobi ostida faoliyat yuritayotgan noislomiy siyosiy oqimlarga ham qo‘llanila boshladi. Natijada, biz yashayotgan asrimizga kelib “g‘arb islomshunos olimlar”i tomonidan Islom terrori, Islom fundamentalizmi, Islom ekstremizmi kabi atamalar paydo bo‘ldi. Albatta, bularning har biri mutassiblik, aqidaparastlik va dindagi g‘uluning yoqimsiz va zaharli mevasidir.

Aslida Qur'oni karim va Payg‘ambarimiz s.a.v. hadislarida aqdaparast mutaassiblar qattiq qoralangan bo‘lib, unday kishilarni “xavorij”, ya'ni  isyonkorlar, dindan kamon o‘qi kamondan otilgani kabi juda tez otilib chiqadigan kishilar, deb sifatlangan. Janob Rasululloh s.a.v. bunday illatdan ummatni o‘z vaqtida ogoh etganlar. 

Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan rivoyat qiladi: Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: "Qiyomat kuni olti toifa kishi olti narsa bilan hisob qilinmasdan oldin do‘zaxga kiradi". So‘rashdi: "Yo Rasulalloh, ular kimlardir?" Aytdilar: "Mendan keyingi amirlar jabr-zulm tufayli; a'robiylar mutaassiblik tufayli; boshliqlar kibr-havo tufayli; savdogarlar xiyonat tufayli; boylar johillik tufayli; ahli ilmlar esa hasad tufayli do‘zaxga kiradilar". [1]

Ulamolarimiz mazkur hadisdagi “a'robiylar”  iborasini shariat ilmidan bexabar, savodsiz kishilar deb tafsir qilishganlar. Demak, Payg‘ambarimiz s.a.v. bashorat berganlaridek, shariat ilmidan bexabar kishilarning din nomidan ish yuritishi inson va jamiyat uchun ko‘plab ko‘ngilsizliklarni, fitnalarni keltirib chiqaradi. Alloh taolo fitna haqida o‘zining kalomi sharifida “(Odamlarni) aldab, fitnaga solish o‘ldirishdan (ham) yomonroqdir.”[2]- deb, o‘z bandalarini fitnadan ehtiyot bo‘lishga buyuradi.

Mazkur oyati karimadan ham ayon bo‘layotirki, insonlar orasida fitna fasod ishlarini tarqatishning gunohi ma'nan bir insonni o‘ldirishdan ham yomonroq. Chunki insonning ruhan o‘ldirish uni jismonan o‘ldirishdan fojialiroq va oqibati dahshatliroqdir.

Shuningdek, Alloh taolo Tavba surasining 97-oyatida bu illat haqida shunday deydi: “A'robiylar (shari'at ilmidan bexabar kishilar) kufru nifoqda qattiqroq va Alloh O‘z payg‘ambariga nozil qilgan narsalarning chegaralarini bilmaslikka loyiqroqdirlar. Alloh bilim va hikmat sohibidir.”[3]

Mazkur oyatda “kufru nifoqda qattiqroq va Alloh O‘z payg‘ambariga nozil qilgan narsalarning chegaralarini bilmaslikka loyiqroq” deb zikr qilingan “A'robiylar” guruhlarga bo‘lingan, shariat ilmidan esa mutlaqo bexabar ijtimoiy-siyosiy firqalar bo‘lib, “Xavorij - Xorijiylar”[4] bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Shuningdek dinni qattiq ushlash, o‘tmish sahobalar va salaf peshvolardan faqat bittasiga haddan ziyod muhabbat bog‘lab, qolganlarini inkor qilish oqibatida ham musulmonlar orasida turli nizolar kelib chiqishiga hamda har xil aqidaviy, siyosiy firqalarning paydo bo‘lishiga omil yaratdi. Bunga o‘tmishdagi shia oqimidagi “Alaviylar” firqasini misol qilib keltirish mumkin. Ular  o‘zlarini hazrati Ali r.a.ning izdoshlari deb atab, unga bo‘lgan muhabbatlarining kuchliligidan, hatto islom shariatiga va aqidasiga zid bo‘lgan da'volarni ko‘tarib chiqdilar va musulmonlar o‘rtasida aqidaviy ixtiloflarni yuzaga keltirdilar.

 Shariatimizning bosh qomusi hisoblangan Qur'oni karimda ham dinda chuqur ketmaslik va uning oqibatlari  haqida irshodlar keltirilgan.

“Ayting: “Ey ahli kitob, diningizda noto‘g‘ri tomonga tajovuz qilmang va (islom kelishidan) ilgari yo‘ldan ozgan va ko‘plarni yo‘ldan ozdirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chiqib ketgan qavmning nafsi havolariga ergashmang!””[5]

Dinda chuqur ketish sababli haq yo‘ldan adashgan yahudiylar va nasroniylarga xitob qilingan mazkur oyati karima orqali Aloh taolo biz musulmonlarni ham ularning xatolarini takrorlamaslikka, nafs hohishiga ergashib noto‘g‘ri yo‘lga burilib ketmaslikka, Haq yo‘lida sobit turishga chaqiradi.

Binobarin,  Alloh taolo o‘zining muqaddas Kalomi sharifida bu holatni to‘liq tafsilotlari bilan bayon qilgan:

 “Alloh va Uning payg‘ambari bir ishni hukm qilgan — buyurgan vaqtida biron mo‘min va mo‘mina uchun (Allohning hukmini qo‘yib) o‘z ishlaridan ixtiyor qilish joiz emasdir. Kim Alloh va Uning payg‘ambariga osiy bo‘lsa, bas u ochiq yo‘ldan ozish bilan yo‘ldan ozibdi.”[6]

Ya'ni, Alloh va rasuli biror masala ustida hukm chiqarsa, “eshitdik va itoat etdik” deb javob bermog‘i lozim bo‘ladi.

 “(Ey insonlar), sizlarga Parvardigoringizdan nozil qilingan narsaga (Kitobga) ergashingiz, undan o‘zga “do‘stlarga” ergashmangiz! Kamdan-kam pand-nasihat olursizlar.[7] (Ya'ni, kamdan-kam holatda pand-nasihatni qabul qilasizlar).

Mazkur oyatda Alloh taolo qat'iy qilib Qur'onga ergashinglar, undan o‘zga turli-tuman, sirtdan fasohatli, zamiri va oqibati esa fosiqlikdan iborat  da'vatlarni qiluvchi “do‘stlar”dan yiroq bo‘lishni buyurmoqda. Ammo Allohning bu buyrug‘ini eshitib, tafakkur qilmaydigan musulmonlar ham bo‘lishligi to‘g‘risida oyatning davomida  ta'ajjub ma'nosidagi xabar berilgan.

Alloh taolo Niso surasining 59-oyatida qat'iy qilib:

“Ey mo‘minlar, Allohga itoat qilingiz, va payg‘ambarga hamda o‘zlaringizdan bo‘lgan (ya'ni musulmon) hokimlarga bo‘yinsuningiz! Bordiyu biron narsa haqida talashib qolsangiz,— agar haqiqatan Allohga va oxirat kuniga ishonsangiz — u narsani Allohga va payg‘ambariga qaytaringiz! Mana shu yaxshiroq va chiroyliroq yechimdir”.[8]

Niso surasining mazkur oyatida Alloh taolo bandalarini O‘ziga va Rasuliga hamda o‘z oralaridan chiqqan musulmon boshliqlarga itoat etishni buyurib,  biror muammoli masalaga duch kelinganda uning yechimini “Alloh va payg‘ambariga” havola etishni, ya'ni bunday holda Qur'on va hadisga murojaat qilishni buyurmoqda. Bunday mushkul holatlarda masalaning yechmiini topish uchun eng avvalo muqaddas kitob Qur'onga murojaat qilishimiz lozim va lobud ekan, oyati karimalarda bu haqda nima deyiladi? Darhaqiqat, Qur'onda bunday masalalarning chiroyli yechimi bor. Ixtilof vaqtidagi masalaning eng to‘g‘ri  yechimi, qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham firqalarga ajralishning oldini olishdir. Buning uchun esa musulmon kishi Qur'oni karimda buyurilganidek, Alloh taoloning kitobi va rasulining sunnatiga so‘zsiz ergashib, Alloh va Rasuliga hamda o‘zlaridan bo‘lgan rahbarlarga itoat etishi shart. Musulmon kishi ko‘r-ko‘rona taqlid qilmasdan, balki Alloh taoloning kalomi va payg‘ambarining hadislariga ergashmog‘i, agar o‘ziga lozim bo‘lgan aqidaviy va shar'iy masalalarni bilishga o‘zining ilmi yetarli bo‘lmasa, unda o‘zining shar'iy va aqidaviy masalalarini ishonchli, taqvodor, olim kishilardan so‘rab bilmog‘i hamda uni amalga tatbiq etishda fitna keltirib chiqarishdan ehtiyot bo‘lmog‘i kerak.

Shundan keyin ham kimki to‘g‘ri yo‘l aniq bo‘lib, so‘ng o‘z havoyi xohishiga ergashsa, Alloh taolo uni yanada zalolatga boshlab adashtiradi, oxiratda esa u uchun Alloh taoloning alamli azobi bordir: 

“Kim haq yo‘lni aniq bilganidan keyin payg‘ambarga xilof ish qilsa va mo‘minlarning yo‘llaridan boshqa yo‘lga ergashib ketsa, biz uni ketganicha qo‘yib beramiz. So‘ngra jahannamga dohil qilamiz. Naqadar yomon joydir u!”[9]

Payg‘ambarimiz s.a.v. dinda qanday yo‘l tutish lozimligi haqida shunday ko‘rsatma beradilar: “Din yengildir, hech kim uni qiyinlashtirib yubormasin, mabodo qiyinlashtirib yuborsa, din uni yengib qo‘yadi...”[10], ya'ni, farz qilingan ibodatlardan tashqari ibodatlarni va solih amallarni haddan ziyod o‘z zimmasiga yuklab olishi natijasida ularni bajara olmay hammasini tark etishga sabab bo‘ladi.

Oisha (r.a.)dan rivoyat qilingan quyidagi hadisda Rasululloh s.a.v. ibodatlarni bajarishda Alloh taoloning fazlidan umid qilgan holda mo‘tadil bo‘lishni  buyuradilar: “Toat-ibodatlaringizni to‘g‘ri, mo‘tadil ado etinglar, bilinglarki, birortangizni qilgan toat-ibodatingiz jannatga kiritmaydi. Alloh taolo xushlaydigan toat-ibodat, qisqa bo‘lsa-da, uzluksiz ado etiladigan ibodatdir!”[11].

Mutaassiblik va g‘ulu yo‘lini tanlagan kishilar uchun Qur'oni karimda kelgan hukmdan keyin Payg‘ambarimiz s.a.v. ham qat'iy qilib, ularning do‘zax ahlidan bo‘lishlarini xabar berdilar.

Ibn Abbos (r.a.) va Oisha (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Janob Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v.: “Albatta, Islom kuchga to‘lib, kengayib boraveradi, so‘ng bir muddat bo‘shashib kuchsizlanadi. Kimga dindagi mana shu bo‘shashishlik  dinda chuqur ketish va bid'at tomonga (burilishga sabab) bo‘lsa, ular do‘zax ahlidan hisoblanadi,” –dedilar.[12]

Yuqorida aqidaparastlik va mutaassiblikning zarari va ularga nisbatan hanif shariatimizning tutgan o‘rnini  imkon qadar Qur'on karim oyatlari va hadisi shariflardan chetga chiqmagan holda yoritishga harakat qildik. Hozirgi tezkor axborot asrida bu illatlarning ba'zi bir manfaatdor doiralar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, o‘z manfaatlari uchun dindan ustamonlik bilan foydalanishga urinishlari tashvishlanarli holdir. Xalqimizning tinchligiga rahna solib, musaffo osmonimizni notinch qilishga, yoki yoshlarimiz ongiga din va madaniyat niqobi ostida bizga yot bo‘lgan turli g‘oyalarni tiqishtirishga urinayotganlar ham oz emas. Bunday holga beparvo, befarq qarab turish gunohi azimdir. Shubhasiz bu biz fuqarolardan doimiy sergaklik, hushyorlikni talab qiladi.  Hurmatli Prezidentimiz aytganlaridek: “Hushyorlik, ogoh bo‘lib yashash – bir kunlik yoki bir oylik mavsumiy masala emas, balki kundalik ish, kundalik amaliy harakat bo‘lishi lozim.”[13]  

Nodir Qobilov, Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,

Payariq tuman “Sog‘ish ota” jome masjidi imom xatibi

[1] Tanbehu-l-g‘ofiliyn. 223-hadis.

[2]Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri, Baqara surasi.191-oyat mazmuni.

[3] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri,Tavba surasi. 97-oyat mazmuni.

[4] Xavorij –dindan otilib chiquvchilar.

[5] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri,Moida surasi 77-oyat mazmuni.

[6] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri, Ahzob surasi, 36-oyat mazmuni.

[7] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri,A'rof surasi, 3-oyat mazmuni.

[8]Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri, Niso surasi, 59-oyat.

[9] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri,Niso surasi. 115-oyat.

[10] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahihi Buxoriy. “O‘zbekiston miliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. T.: 2008. 1-kitob.  –B 16.

[11] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahihi Buxoriy. “O‘zbekiston miliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. T.: 2008.  2-kitob.  –B 444

[12]  Jaloliddin Abdurrohman ibn Abu Bakr as-Suyutiy. Al-Fathu-l-kabir. Bayrut. 2003. B-274. 

[13] Karimov.I.A. “Tinchlik uchun kurashmoq kerak”, T:. “O‘zbekiston”. 2001y. –B23.


Kiritilgan vaqti: 26/09/2019 13:17;   Ko‘rilganligi: 2274
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/mutaassiblikning-islom-diniga-va-jamiyatga-etkazgan-zararlari-va-shariatda-uning-qoralanishi
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 17:06
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing