O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Musulmonlar har bir ishda ittifoq bo‘ladilar

 
 

Ulug‘ bayramlardan biri Qurbon hayiti yaqinlashib kelmoqda. Musulmonlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlaridan buyon bu bayramni orziqib, alohida ahamiyat bilan kutib oladilar. Islomda ikkita muborak bayramlar bo‘lib, ularda  yoshu-qari, boyu-kambag‘al jamiyat vakillarining barchalari shodu-xurram bo‘lishib, bir-birlariga xursandchilik izhor qiladilar. Bu ulug‘ bayramlardan biri Ramazon hayiti bo‘lsa, ikkinchisi Qurbon hayitidir. Musulmonlar hamisha orziqib kutadigan ushbu ikki hayit bayramlariga taalluqli bir qancha odoblar bo‘lib, ularga amal qilish bu bayramlardagi xursandchiliklar to‘liq bo‘lishiga va eng muhimi ko‘plab ajru savoblarga ham ega bo‘lishga sabab bo‘ladi.

Bu kunlarda dastlab iyd namozlari katta jamoat bilan ado etiladi. Hayit namoziga otlangan kishi o‘z zimmasidagi vojib amalni ado etishni niyat qilishi, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalarini bajarish niyati bilan yaxshi kiyimlarini kiyib chiqishi, silai rahm niyati bilan qavmu-qarindoshlarini ziyorat qilishga harakat qilishi ana shu odoblar sirasiga kiradi. Islom musulmonlarni jamoatga jalb qiladi. Jamoatda baraka bor, jamoatda sharofat bor. U birdamlik ramzidir. Jamoatdan ayrilish tafriqadir, fitnadir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Jamoatni o‘zingizga lozim tuting! Kimki jamoatdan bir qarich ayrilsa, do‘zaxda yolg‘iz o‘zi qoladi”, deganlar. Qolaversa, jamoat bo‘lib namozlarni ado etish, jamoat bo‘lib taomlanish kabi holatlarda savob, baraka hamda ko‘plab yaxshiliklar mujassam bo‘lishi ta'kidlangan. Ammo, bugungi koronavirus pandemiyasi davrida vaziyat boshqa holatni taqazo etayotgani barchamizga ma'lum. Ya'ni, ushbu sharoit bizga jamoat bo‘lib, yig‘ilishni emas, aksincha yakkalanish, ijtimoiy masofa saqlash, har kim o‘zini kasallik yuqishidan himoyalashi zaruratini talab etmoqda. Shu bois O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi 2020 yilgi Qurbon hayiti (Iydul adho) namozini koronavirus pandemiyasi davrida jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati mavjud emasligi mo‘min-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qilishi haqidagi bayonotini qabul qildi. Chunki, musulmonlar bunday sharoitda oyat, hadis va shar'iy qoidalarda ko‘rsatilgan tavsiyalarga amal qilishga buyuriladi. Shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda ibodatlarni yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi yoki butunlay zimmadan soqit qiladi. Iyd namozi vojib amal bo‘lgani bois bugungiday uzrli holatlarda hayit namozini ado etish soqit bo‘ladi.

Bayon etilgan shar'iy dalil va hujjatlardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi karantin sharoitida Qurbon hayitini nishonlash bo‘yicha quyidagi tavsiyalarini e'lon qildi:

  • Koronavirus pandemiyasi sabab karantin holatida hayit namozi o‘qilmayotgani uchun qurbonlikni tong otgandan boshlab qilish joiz bo‘ladi. Musulmonlar hayit kuni bomdod namozini o‘qiganlaridan so‘ng, quyosh chiqqandan keyin 4 rakat Zuho namozini o‘qib, keyin qurbonlik qilsalar, yanayam savobli bo‘ladi. Qurbonlik qilish hayitning 3-kuniga qadar davom etadi.
  • Qurbon hayiti kuni mo‘min-musulmonlarga o‘z xonadonlarida quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgandan keyin to‘rt rakatli nafl namozi o‘qish;
  • Qurbon hayiti kuni imkoni borlar bomdod namozini o‘qib, keyin qurbonlik qilish. Qurbonlik go‘shti uchga taqsimlanib, bir qismi — yaqin qarindoshlarga, yana bir qismi — kambag‘al va muhtojlarga tarqatish, qolganini — oila ahliga olib qolish mustahabdir. Hammasini faqirlarga bersa yoki oilada ko‘pchilik bo‘lsa, uyda qoldirsa ham bo‘ladi;
  • bu yilgi Qurbon hayiti karantin sharoitida nishonlanayotgani inobatga olib, odamlar jamlanishiga sabab bo‘ladigan urf-odatlarni tashkil etmaslik, uyma-uy yurib, turli xil azaxonliklar, ma'raka-marosimlarni o‘tkazmaslik va qabristonlar ziyoratidan saqlanish. Xonadonda, oila-a'zolari bilan birga Qur'oni karim oyatlaridan tilovat qilib, o‘tganlar ruhi poklariga baxshida etish;
  • imom-xatiblar tomonidan bugungi pandemiya sharoitidan kelib chiqib, Qurbon hayiti xonadonlarga quvonch, yurtga fayzu baraka kirishi, mehr-oqibatni yanada ziyoda bo‘lishiga sabab ekani to‘g‘risidagi targ‘ibot ishlari amalga oshirish.

Hayit kunlarida savob ishlarni ko‘paytirish, takbiri tashriq aytish, nafl ibodat qilish, poklanish, chiroyli kiyimlar kiyish, xushbo‘ylanish, qurbonlik qilish, yaqinlariga hadyalar ulashish ayni savobli ishlardan hisoblandi.

Barcha holatlarimizda dinimiz ko‘rsatmalariga muvofiq hayot kechirishga Alloh taolo hammamizni muvaffaq qilsin. Insoniyat boshiga kelgan bu ofatni Alloh taoloning O‘zi aritsin. Hayit bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!

 Samarqand shahar “Xo‘ja abdu Darun” jome masjidi imom-xatibi Zafar Mahmudov


Kiritilgan vaqti: 30/07/2020 10:25;   Ko‘rilganligi: 1143
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/musulmonlar-har-bir-ishda-ittifoq-boladilar
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 14:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing